Niyatingni xolis et, shoyadki, bo`lg`aydir qabul
Insoniyat tarixida ta`lim olishga ehtiyoj tug`ilgan kundan boshlab, nimani o`rgatish?, qancha o`qitish?, nima uchun o`qitish?, qanday usullar bilan o`qitish kerak? kabi savollar didaktika oldida turgan qadimiy va dolzarb masalalardan sanaladi. Shu muammolarga bog`liq holda kishilarning kundalik faoliyatida maqsad, mazmun, natija kabi tushunchalar tez-tez uchrab turadi.
Mantiqshunoslar nuqtayi nazari bilan qaraganda maqsad - ma`lum jamiyatdagi insonlar amaliy faoliyatining avvaldan fikran o`ylangan natijasi. Ba`zi adabiyotlarda qadimgi hindlarga, ba`zilarida yunonlarga yoki arablarga nisbat beriladigan: "Maqsad unga erishish yo`l va choralarni belgilaydi", degan hikmatli so`z ostida juda katta ma`no yotadi. Maqsad insonning biror voqelikka bo`lgan ehtiyojining ongdagi in`ikosi yoki fikriy modeli bo`lib, u obyektiv sharoitlardan kelib chiqadi.1 Maqsadni amalga oshirish natijaga erishish demakdir. Mazmun esa natijaga erishish jarayonining majmuyi, mag`zi, maqsad va uning natijasi o`rtasidagi o`zaro munosabatlarning yig`indisidir. Natija o`z navbatida jamiyat ijtimoiy talabining qandayqondirilganligini belgilovchi omildir .
Pedagogik adabiyotlarda "ta`lim", "ta`lim mazmuni", "ta`lim maqsadi" tushunchalari turlicha talqin qilinadi: "Ta`lim - bilim berish, malaka va ko`nikmalar hosil qilish jarayoni, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasi".2 Shuningdek, kishilik jamiyatida ta`lim mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi natijasida o`qituvchi va o`quvchi zimmasiga yuklangan o`qitish~ o`qish jarayoni bilan belgilanuvchi vazifadir. Bu ta`limning tor ma`noda o`qitish tushunchasini anglatishidir. Keng ma`noda ta`lim jamiyatning barcha sohalarida ma`lumot berish jarayonini ham bildiradi.3
Ta`lim tarbiyaning muhim omilidir. Yana ham aniqroq aytsak, ta`lim va tarbiya bir butunlik, bir-biridan ajralmasdir. Bu haqda Prezident Islom Karimov, jumladan, shuni alohida ta`kidlaydilar: "Farzandlarimizni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo`lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish – ta`lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo`lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak. Bu esa ta`lim va tarbiya ishini uyg`un holda olib borishni talab etadi
Ta`limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta`limdan ajratib bo`lmaydi - bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi".4
Ta`lim va tarbiya bir-biridan ajralmas ekan, ta`lim maqsadi va tarbiya maqsadi mohiyatan bir bo`lishi, jamiyatniing bugungi taraqqiyoti ehtiyojmand shaxsni yetishtirishga xizmat qilmog`i shart. Bunda, albatta, o`qituvchi-murabbiy faoliyati ulkan ahamiyatga egadir. Ustoz-murabbiy faoliyati tufayli ta`lim jamiyat tomonidan puxta o`ylab chiqilgan maqsad, mazmun va dasturlar asosida olib boriladigan jarayonga aylanib, jamiyat kutgan natijalarni beradi. Inson bilish faoliyatining eng murakkab turlaridan biri bo`lgan ta`lim, bilimlarni o`zlashtirish natijasida tafakkur rivojlanishini tezlashtiradi, tarbiya jarayoniga onglilik, uqilganlik, istiqboliy rivojlanuvchanlik bag`ishlaydi.
Hamma zamonlarda ham ta`lim maqsadini belgilash davlat siyosatining ustuvor sohasi hisoblangan. Ta`limning maqsadi jamiyat amaliy faoliyatining avvaldan fikran o`ylangan natijasi bo`lib, jamiyatninг maktab oldiga qo`ygan ijtimoiy buyurtmasi ta`lim umumiy maqsadi asosida belgilanadi.1 Ta`limning maqsad va vazifalari ijtimoiy tuzumga muvofiq o`quv predmeti, texnika, madaniyat taraqqiyoti asosida tarixan o`zgarib borishi bilan birga o`rta umumta`lim o`choqlarida o`qitishning didaktik tavsifini ham belgilaydi. Ta`limning maqsadi o`qitishning ma`lum maqsadga qaratilganligini va shu maqsadga muvofiqligini o`zida aks ettirgan, ta`limning ijtimoiy tabiatini, uning jamiyatdagi mohiyatini ochib beradigan, uning yo`nalishini, mazmunini, shakl va usullarini belgilab beradigan boshlanmadir. Ta`lim maqsadida insonga nisbatan u qanday bo`lishi kerak, unga qanday ijtimoiy ehtiyojlar uchun ta`lim berish kerak, degan talablar ifodalangan bo`ladi. Ta`lim jarayonida ta`lim maqsadlarini belgilovchi jamiyat talablari to`la holda aks etsagina, bola shaxsi har tomonlama kamol topishi mumkin. Ta`limning maqsadi o`zining ijtimoiy tabiatiga ko`ra ko`p qirrali bo`lib, u amalga oshgach, ya`ni natijaga erishilgach, erishilgan natija asosida yangi maqsadlar qo`yiladi. Qo`yilgan yangi maqsadlar esa ta`limning ilk maqsadini takomillashtiradi, dastlab tanlangan ta`lim maqsadi, ularni amalga oshirish vositasiga aylanib boraveradi. Chunki umumiy ta`lim jarayonining o`zi ta`lim maqsadini jamiyat taraqqiyoti talablari asosida uzluksiz muvofiqlashtirishni taqozo etadi.
Ta`lim maqsadi ta`lim jarayonini, ta`lim mohiyatini, uning mazmuni, vositalari, usuli, o`qituvchi~o`quvchi munosabatlari va, nihoyat, uning samarasi – qanday shaxsni (yoki mutaxassisni) yetishtirishni belgilab beradi. Ta`lim maqsadi talablariga javob beradigan shaxs o`z navbatida ta`lim maqsadini oldingi bosqichdan yana ham yuqoriroq pog`onaga ko`tarishni talab qiladi va mana shu holatdagina jamiyat va shaxs taraqqiyoti uzluksiz ilgarilab, yuksalib boradi –maqsadni voqelantirish qanday shaxsni yetishtirishni, jamiyatning umumiy tarbiyalanganlik darajasi esa bo`lg`usi taraqqiyot yo`nalishini belgilaydi. Demak, ta`lim maqsadi jamiyatdan oziqlanadi va ayni zamonda jamiyat kelajagini belgilaydi. Butun ta`lim jarayoni – ta`lim materialidan boshlab, ta`lim natijasi (samarasi)gacha - ta`lim maqsadi bilan belgilanadi. Ta`lim maqsadi oldida turgan bosh masala: jamiyatga bugun va kelajakda jamiyat ravnaqi hamda istiqboli uchun qanday shaxs (mutaxassis) tayyorlash kerak, jamiyat qanday shaxsni talab qiladi – ta`lim jarayoni shunday shaxsni yetishtirib berishi zarur. Mana shuning uchun o`qitishning eng muhim bo`g`inlarida ta`lim maqsadi davlat tomonidan belgilab qo`yilgan va jamiyat uchun umumiy va qat`iy qonun tusini oladi. Hozirgi kunda ta`limning turli bosqichlarida maqsadning kim tomonidan belgilanishini birinchi chizmada qo`yidagicha ko`rsatish mumkin:
Dostları ilə paylaş: |