1.2.PEDAGOGLAR JAMOASIDA MUOMALA ODOBI Pedagoglar jamoasida o'qituvchilar o'rtasidagi muomala, munosabatlar insonparvarlik, demokratiklik, ixtiyoriylik tamoyillariga asoslanadi. Ular odatda, ikki xil bo'lib, biri - rasmiy, ikkinchisi - norasmiy muomala deyiladi. Rasmiy muomala, munosabatlar O'zbekiston Respublikasining qonunlari, direktiv hujjatlariga asoslanadi. Norasmiy muomala pedagogik etikaning (o'qituvchi odobining) qonuniyatlariga asoslanadi va jamoaning har bir a’zosi tomonidan ixtiyoriy ravishda bajariladi. Muomala odobi psixologik qonuniyatlar, odob normalari, qoidalari, talablari pedagoglar jamoasining fikri asosida boshqariladi.
Yoshlarga ta’lim-tarbiya berish - bir kishining ishi emas, uni pedagoglar jamoasi bajaradi. Yolg'iz o'qituvchi har qancha urinsa ham, qobiliyatli, tirishqoq, ishchan bo'lsa ham bir o'zi ko'zlangan pedagogik maqsadlarga erishib bo'lmaydi. Maktab oldiga qo'yilgan vazifalarni samarali hal eta olmaydi. Ta’lim-tarbiyadan ko'zda tutilgan maqsadga erishish uchun maktab, o'quv yurtining butun jamoasi, hamma o'qituvchilar birlashib harakat qilishlari lozim. Har bir muallimnnng xatti - harakati, hulqi, muomalasi pedagoglar jamoasining maqsadi, talablariga mos bo'lmog'i kerak. Tajriba shuni ko'rsatadiki, jamoaning o'quvchiga ta’siri pedagoglar jamoasida shakllangan muomala odobi, munosabatlariga bog'liq.
O'zbekiston Respublikasi maktablarida yoshlarni barkamol insonlar qilib tarbiyalash, ular ongiga umuminsoniy va milliy-madaniy, ma’naviy, axloqiy qadriyatlarni singdirish talab etiladi. Bu o'z navbatida pedagoglar jamoasidan har bir bolaning tarbiyasi uchun yuksak mas’uliyatni, bolaga nisbatan bir xil talablar qo'yib, birgalikda tarbiyaviy ta’sir o'tkazishni taqozo etadi. O'qituvchi o dobida muallimlar o'zaro muomala - munosabatlarida amal qilishlari zarur bo'lgan axloqiy talablar ishlab chiqilgan.
Har bir bolaning tarbiyasi uchun mas’uliyatning birligi pedagoglar jamoasining o'quvchiga nisbatan talablari ham bir xil bo'lishini taqozo etadi. Bu o'qituvchi odobining qonuniyatlaridan biridir. Maktab pedagoglar jamoasining maqsadi, intilishlari, talablari yagona pedagoglar jamoasining maqsadi, intilishlari, talablari ham yagona bo'lmasa, tarbiyaviy ishlarning ta’siri, samarasi bo'lmaydi. Buning uchun pedagogik talablarning xarakteri, mazmuni, shakli va usullari hamma muallimlarnnng fikr - mulohazalariga mos kelishi lozim. Ma’lumki, pedagogik talabning mazmuni maktab jamoasining maqsadi, vazifalaridan kelib chiqadi. Lekin bu talablarning xarakteri, shakl va usullari har bir muallimning muomala odobiga, shaxsiy fazilatlari, uquvi, pedagogik mahoratiga borliq.
Darsda o'quvchilarning intizomi pedagogik jamoadagi muomala odobi, axloqiy munosabatlar darajasini ko'rsatadi. Maktabda o'quv intizomini saqlash butun pedagoglar jamoasining ishi. Pedagogik amaliyotda esa har bir muallim o'quv intizomini saqlash uchun o'zicha yo'l tutadi: ba’zilar — darsni jonli, qiziqarli tashkil etish bilan; ba’zilar esa «ikki» baho qo'yish, qattiqqo'llik bilan dars jarayonida tartib intizomni ta’minlashga intiladilar. Bolaga do'q - po'pisa qilish, baqirish, hulqiga yomon baho qo'yish bilan uni vaqtincha tiyish mumkin, lekin bu, ongli intizomni tarbiyalash usuli emas va pedagogik odob talablariga to'g'ri kelmaydi.
Dars jarayonida bir o'quvchi uchun boshqasi pichirlab, sekin javob berishi, bir o'quvchi bajargan ishni ikkinchisi ko'chirib olishi, ko'chirmachilik kabi masalalar pedagogik axloqiy muammolar qatoriga kiradi. Bir maktabning o'zida ham o'qituvchilar bu muammoni turli muomala usullari bilan yechadilar: bir muallim o'sha pichirlagan bolaga «yomon» baho qo'yadi, ikkinchisi- zaharxanda so'zlar aytadi. Uchinchisi - darsdan chiqib ketishini talab etadi, boshqasi buni vijdon amriga havola qiladi va hokazo. Vaholanki, maktab pedagoglar jamoasida bu muammolarga doir yagona axloqiy talablar ishlab chiqilgan va qaror topgan bo'lishi maqsadga muvofiq.
Pedagoglar jamoasi ma’lum talablar qo'yish, faoliyatiga axloqiy baho berish yo'li bilan o'qituvchining hatti-harakatlarini yo'naltirib, o'zgartirib, to'g'rilab beradi. Pedagogik jarayonda muallimning erkin bo'lishi bilan birga intizomga ongli ravishda rioya qilishi, ijodkorlik bilan bo'ysunish birga olib borilgan taqdirdagina pedagoglar jamoasining fikrini, axloqiy talablarini muallim ixtiyoriy ravishda bajaradi. Bunday muhit o'qituvchida o'z kuchiga ishonch tuyg'usini o'stiradi.
Pedagoglar jamoasida o'zaro yordam va ishonchning mavjudligi muomala odobiga amal qilishning muhim shartlaridan biridir. O'zaro yordam va bir-biriga ishonch pedagogik, metodik adabiyotlardan bilib olingan yangliklarni o'zaro baham ko'rish, tajriba almashish kabilarda yaqqol namoyon bo'ladi.
Kishi bir so'm pulini sherigi bilan baham ko'rsa, uning cho'ntagidagi pul miqdori kamayadi. Lekin kishi o'zidagi bilimni boshqaga o'rgatsa, bilimlar soni ko'payadi, o'rgatgan kishining bilimi kamayib qolmaydi, aksincha mustahkamlanadi. Pedagoglar jamoasida yangi g'oyalar, bilimlarni o'zaro almashish muomala odobining qonun-qoidasi darajasiga ko'tarilishi har bir muallim buni o'z xohishi, qalb amri bilan bajarishi hamma uchun foydalidir.