1.3.OTA-ONALAR BILAN MUOMALA ODOBI Maktabda ta’lim - tarbiya ishlarining samaradorligi faqat o'qituvchining tayyorgarligi, ma’naviy qiyofasi va o'z vazifasini qanday bajarishigagina bog'liq bo'lib qolmasdan, bola yashaydigan muhit va oilaning ta’siriga ham borliqdir. Oila bolani axloqiy tarbiyalash, uning ma’naviy - axloqiy yo'nalishlarini shakllantirishning muhim omilidir. Oila bola tarbiya oladigan eng birinchi jamoa bo'lib, bola unda axloqiy qoidalar. Urf - odatlarni bilib oladi, dastlabki axloqiy tajriba orttiradi.
Har bir inson yoshlikda ona qo'lida tarbiya oladi. Ona allasi bilan birga bola qalbiga ona muhabbati singadi va onaning erkalatishlari bir umr yodda qoladi, oilada bola yaxshi bilan yomonning farqini ajratishni o'rganadi. Oila tarbiyasi orqali bola ongida umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yashashdan maqsad haqida dastlabki tasavvurlar hosil bo'ladi. Oilada shaxsning ijtimoiy fazilatlari tarkib topadi. Bola maktabga qadam qo'yganda yaxshi va yomon narsalar haqida tasavvurga ega bo'ladi. O'qituvchi bolada qanday axloqiy tushunchalar mavjudligini va bu tushunchalar, axloqiy fazilatlar qanday sharoitda shakllanganligini ham bilmog'i kerak. Shuning uchun ham muallim o'quvchilarning ota-onalari bilan aloqa bog'lab, bolani tarbiyalashda ular bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi lozim.
Bolani maktabga, o'qishga qabul qilayotganda muallim uning ota - onasi bilan tanishadi. O'qituvchi bilan ota - onaning muomalasi, aloqalari ana shu tanishuvdan boshlanadi, muallim bilan ota - onalar o'rtasida axloqiy - pedagogik munosabatlar bola maktabni bitirguncha davom etadi. Pedagogik amaliyot shuni ko'rsatadiki, o'qituvchilar ko'pincha tarbiyasi qiyin bolalarning ota - onasi bilan aloqa o'rnatadilar. Muallimning ota - onaga e’tibori ko'pincha bolaning yomon hulqi, salbiy qiliqlari bilan bog'liq bo'ladi. Agar bola mo'min - qobil, odobli bo'lsa, ayrim muallimlar uning ota - onasi, oiladagi tarbiyasiga deyarli e’tibor bermaydi.
Tarbiyaning samaradorligi ko'pincha oila va maktabning bolaga nisbatan bir xil talab qo'ya bilishiga bog'liq. Shuning uchun ham pedagogik axloqqa o'qituvchi bilan ota - onalarning o'zaro munosabatlari, muomalasi masalasiga katta e’tibor beriladi, muallim oila bilan aloqa va hamkorlik qilmasdan turib bolani axloqiy tarbiyalash vazifasini bajara olmaydi. Chunki maktab oilada shakllangan axloqiy fazilatlarni mustahkamlashi yoki salbiy sifatlarni qayta tarbiyalashi lozim bo'ladi.
Otasi yoki onasidan ajralgan bola bilan muallimning o'zaro muomalasi jiddiy, nozik ish. Ota yoki onaning vafot etishi bolaga og'ir qayg'u, iztirob keltiradi, bunday kulfatga ko'nikish bola uchun juda qiyin kechadi. Bunday bolalar o'z dardi, o'z qayg'usi bilan ovora, atrofda sodir bo'layotgan voqealar, hodisalarga befarq qaraydigan bo'lib, yakkalanib qoladi. Muallim bunday bolaga g'amxo'r bo'lishi, yaxshi muomala qilishi uning ruhini ko'taradi. Bunday paytda muallimning o'ta rasmiy muomalasi yaxshi oqibatga olib kelmaydi, bolaning irodasini bo'shashtirib, qiyinchiliklarga bardosh berolmaydigan qilib qo'yadi. Yarim yetim bolalar orasida shundaylari ham borki, bular otasi yoki onasi tashlab ketganlardir. Eng ishongan va yaxshi ko'rgan, eng yaqin odamidan ajralib qolgan bolaga qo'pol muomala qilish uni ranjitadi, qalbini jarohatlaydi. Kichkinagina haqsizlikka ham chiday olmaydigan, har bir narsadan xavfsiraydigan, kattalarning gapiga quloq solmaydigan, qo'rs, o'jar, o'zboshimcha bo'lib qoladi. Muallimning o'ta xushyorlik, e’tibor bilan to'g'ri muomala qilishi natijasidagina ularda kattalarga ishonch tuyg'usi qayta tiklanishi mumkin.