Monitoringa nazorat turi ikkiga bo‘linadi: Ichki monitoring- umumta’lim muassasasida tashkil etilgan monitoring guruhi tomonidan o‘tkaziladi. Unda o‘quv yili davomida barcha sinf va barcha fanlar qamrab olinishi shart.
Tashqi monitoring-umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan yuqori turuvchi vakolatli tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Monitoringni o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish bosqichlari.
Monitoringning maqsadi va vazifalariga ko‘ra fanlar, sinflar belgilanadi. Monitoring jarayoni bilan davriy ravishda barcha o‘quv fanlarini qamrab olishni ta’minlash maqsadida istiqbol reja- grafik tuziladi (3 yillik)
Belgilangan fanlar va sinflar kesimida o‘quvchilar o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malaka elementlari ro‘yxatlari tuziladi
Nazorat materiallarini tayyorlash va ularni ekspertizadan o‘tkazish maqsadida jamoatchi ekspertlardan fanlar yo‘nalishida ijodiy guruhlar tashkil etiladi.
3-4 variantdan iborat nazorat topshiriqlari (testlar, masalalar, savollar, diktantlar, insxolar va h.k.) tayyorlanadi va ekspertizadan o‘tkaziladi.Ichki monitoring o‘tkazish jarayonida nazorat materiallari tashqi nazorat uchun tayyorlangan materiallardan, o‘zaro hamkorlik tariqasida qo‘shni maktablarning nazorat ishi materiallaridan, fanlarga oid jurnallardan yoki maxsus to‘plamlardan olinishi lozim.
Shuningdek, maktabning tegishli metodbirlashmasida bir necha (3-4)variantdagi nazorat ishlarini tuzish haqida topshiriq berib, ulardan saylanma ravishda tanlab olib, 1-2 variantdagi nazorat ishlarini shakllantirish mumkin.
Boshlang‘ich sinflar uchun nazorat ishlarini tayyorlash jarayonlariga yuqori sinf o‘qituvchilarini ham jalb qilish mumkin.
Nazorat materiallaridagi topshiriqlarni murakkablik darajasiga ko‘ra ularni baholash mezonlari belgilab olinadi.
Tayyorlangan nazorat materiallari ekspertizadan o‘tkaziladi.
Ekspertizadan o‘tgan nazorat materiallari konvertlarga solinadi, muhrlanadi va maxfiyligi ta’minlangan xolda maktab monitoring guruhi raisida saqlanadi.
Umumta’lim maktablarida monitoring jarayoni o‘quv yili boshida tasdiqlangan jadval asosida belgilangan sinflarda belgilangan fanlardan o‘tkaziladi.
Monitoring jarayoni monitoring guruhi tomonidan tashkil etiladi. Monitoring o‘tkazish uchun maxsus jadval tuziladi va (dars jadvaliga o‘xshash) maktab rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Umumta’lim maktabida monitoring guruhi maktabning ichki buyrug‘i bilan tasdiqlanadi va guruhga rahbar belgilanadi. Guruh faoliyati guruh rahbari tomonidan tashkil etiladi va boshqariladi.
Nazorat ishi test ko‘rinishida bo‘lgan xolda topshiriqlar
2 xil ko‘rinishda bo‘ladi: yopiq va ochiq turdagi test topshiriqlari:
1. Yopiq test (javobi tanlanadigan) – Savol va unga oid 4 ta muqobil javobni qamrab olgan baholash vositasi.
2. Ochiq test (ijodiy yoki javobi yoziladigan) – O‘quvchiga javob berish imkonini beradigan savol (to‘g‘ri javobdagi so‘zlar eng ko‘pi bilan 4 ta so‘zdan oshmasligi lozim).
3. Yozma ish – O‘quvchidan ma’lum bir mavzu, qonuniyat, tushuncha, masala va voqealar yuzasidan o‘z fikrini bayon etishni, ma’lum bir qonuniyatga asoslangan formulalarni misol va masalalar yechishda yozma ravishda qo‘llashni talab etadigan nazorat turi.
Nazorat materiallari yozma ish shaklida bo‘lsa – yozma ish mavzulari o‘quvchilarni ijodiy izlanishga, shaxsiy fikr-mulohaza bildirishga, bir xil mavzudagi bir necha manbalarda ifodalangan fikrlardan umumlashma xulosalar chiqara olish va uni yoza bilishga qaratilgan bo‘lishi lozim.
Monitoring jarayonlarida o‘quvchilar tomonidan topshiriqlarni bajarishga sarflanadigan vaqt 45 daqiqadan oshmasligini inobatga olgan xolda nazorat materiallari tuzish talab etiladi.
Nazorat materiallari amaldagi o‘quv dasturlari asosida o‘quvchilarning shu fandan olgan bilim, ko‘nikma va malakalarini aniqlashga xizmat qilishi kerak.