1.2. Tarbiyachi shaxsiga qo‘yilgan talablar Tarbiyachi bolalarga kundalik hayotda, o‘yinlarda, mashg‘ulotlarda, birgalikdagi mehnat faoliyatida va ular bilan bo‘ladigan muomalada ta’sir ko‘rsatadi. U har bir bolani diqqat bilan o‘rganishi, uning shaxsiy xususiyatlarini, qobiliyatlarini bilishi, pedagogik nazokatini namoyon qilishi, bolalarning xulq-atvorini, ish natijalarini haqqoniy baholashi kerak, ularga o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olishi, oiladagi ahvoli bilan qiziqishi zarur.
Hozirgi zamon tarbiyachisining o‘z kasbiga sadoqatliligi, g'oyaviy e’tiqodi, bu kasbga bo‘lgan cheksiz sadoqati uni boshqa kasb egalaridan ajratib turadi. Tarbiyachi shaxsiga qo'yiladigan muhim talablardan biri shuki, u o‘z predmetini, uning metodikasini chuqur o‘zlashtirgan bo‘lishi zarur. Predmetni va uning nazariyasini chuqur o‘rganishi bolalarni ilmga bo‘lgan qiziqishlarini oshiradi. Bu pedagog-tarbiyachining obro‘sini ko‘taradi. Tarbiyachi kasbiga xos bo‘Igan muhim fazilatlardan, talablardan biri bolalarni sevish, ularning hayoti bilan qiziqish, har bir shaxsni hurmat qilishdan iborat.
Bolani sevgan, butun kuch va bilimini bolalarni kelajagi buyuk vatanga sodiq fuqaro qilib tarbiyalashga safarbar qila oladigan odamgina haqiqiy pedagog-tarbiyachi bo‘la oladi. Bolaga befarq, uning kelajagi bilan qiziqmaydigan, tarbiyachilik kasbiga loqayd odam haqiqiy pedagog-tarbiyachi bo‘la olmaydi. Bolalarni sevish pedagogning murakkab mehnatini jozibali va yengil qiladi. O‘qituvchi, tarbiyachining bolalarga munosabati pedagogikada tarbiyalanuvchi shaxsga hurmat, unga talabchanlik bilan bir qatorda turadi. Bu munosabat bolada pedagogga nisbatan ishonchni uyg‘otadi, o‘qituvchiga bolalarga chinakam ma’naviy murabbiy bo'lishga imkon beradi.
Pedagog faoliyatining muvaffaqiyati pedagogik qobiliyatlarining mavjudligiga ham bog'liqdir. Pedagogik qobiliyatlar — pedagogik mahoratga erishishning zaminidir. Pedagogik qobiliyatlar tarkibiga pedagogik kuzatuvchanlik, pedagogik tasawur, diqqatni taqsimlash, tashkilotchilik qobiliyati va pedagogik muomala kiradi. Pedagogik qobiliyatlar pedagogik faoliyat jarayonida, shuningdek, uni bu faoliyatga tayyorlash jarayonida shakllanadi.
Pedagogik mahorat — yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishni yuksak darajada va doimiy ravishda takomillashtirib borish san’atidir. Tarbiyachi maktabgacha yoshdagi bolalarga tabiat, jamiyat hodisalari, kattalaming mehnati haqida boshlang‘ich bilim va tushunchalar beradi, ularga madaniy axloq, o‘z tengdoshlari va kattalar bilan madaniyatli munosabatda bo‘lish odatlarini singdiradi. Ularda yaxshilik, haqiqatgo‘ylik, adolat, jasurlik, kamtarinlik, kattalarga hurmat bilan qarash, tabiatga qiziqish, kuzatuvchanlik, o'simlik va hayvonlarga g‘amxo‘rlik bilan qarash, mehnatsevarlik, kattalaming mehnati natijalarini asrab-avaylash kabi axloqiy sifatlarni tarbiyalaydi.
Xalq san’ati, musiqa, ashula, adabiyot, tasviriy san’atni bilish, san’atga muhabbat tarbiyachini madaniyatli qiladi, bolalar bilan olib boradigan ishida yordam beradi. Pedagog kerakli bilim, malaka va ko‘nikmalami ma’lum bir izchillik bilan egallab borsagina bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish ishida yaxshi natijalarga erishadi.
Tarbiyachi o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lishi uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rishi kerak. U quyidagi shartlarga amal qilishi kerak:
• yosh avlodni tarbiyalash uchun yuqori malakali, kerakli bilimlarni egallab, kerakli adabiyotlarni tanlay oladigan, ilmiy adabiyotlar bilan ishlay oladigan, ilg‘or tajribali pedagoglaming tajribasini o‘rganib, o‘z ishiga tatbiq eta oladigan kishi bo‘lishi;
• bolalarni kuzata oladigan ularning xulqi, xatti-harakati sabablarini to‘g‘ri tahlil qilib, unga ijobiy ta’sir etuvchi vositalarni topa olishi;
• yosh avlodni kerakli bilim, malaka, ko‘nikmalardan xabardor qilish uchun pedagogning nutqi ravon, aniq, mantiqiy, ixcham bo‘lishi, ta’lim berishda texnikaviy vositalardan samarali foydalana olishi kerak. Bolalar bilim, malaka, ko‘nikmalarni yaxshi o‘zlashtirib olishlari uchun faollashtiruvchi savollardan foydalanishi;
• o‘ziga yuklangan vazifani bajarishi uchun bolalarda o‘sha faoliyatiga nisbatan qiziqish uyg‘ota olishi, ularning diqqatini jalb qilib, faolligini o‘stirishi, bolalarning xulqini, xattiharakatini haqqoniy baholay olishi;
• har bir faoliyat uchun kerakli materiallarni oldindan tayyorlab qo'yishi;
• kun tartibini to‘g‘ri tashkil eta bilishi, bolalar jamoasiga undagi har bir a’zoni e’tiborga olgan holda rahbarlik qila bilishi;
• bolalarning ruhiy va jismoniy holatini aniqlay bilishi va buni bolalar bilan amalga oshiriladigan ta’lim-tarbiyaviy ishlarida e’tiborga olishi;
• ota-onalar bilan muntazam ravishda suhbatlar, uchrashuvlar o'tkazib, axborot almashtirib turishi;
• bolalarga nisbatan xayrixoh bo‘lishi, har bir bola uchun qulay sharoit yaratishi, xafa bo'lsa ovuntira olishi;
• olib borgan ta’lim-tarbiya ishini tahlil qila bilishi va uni yanada yaxshilash yo‘llarini topa olishi kerak. Eng muhimi — tarbiyachi bolalarga ishonch bilan qarashi, ularning mehnatsevarligi, mustaqilligi, tashabbuskorligini to‘g‘ri taqdirlashi va mustaqil faoliyatlari uchun imkoniyat yaratishi kerak. Buni bolalar yuqori baholashadi.