2. Bitishuv. Hokim va tobe so`zlarning o`zaro so`z tartibi hamda ohang yordamida birikishiga bitishuv deyiladi. Bitishuv yo`li bilan bog`lanish sifatlovchi-sifatlanmish (yangi libos), izohlovchi-izohlanmish (shoir Erkin Vohidov), qisman hol-hollanmish (to`satdan uchrab qolmoq) munosabatidagi birikmalarga xos bo`lib, uning qismlari ifoda materialiga ko`ra turlicha bo`ladi:
1) sifat + ot: ziyrak bola, yam-yashil dala; 2) ot + ot: temir darvoza, oltin kuz; 3) son + ot: besh kishi, o`n tup ko`chat; 4) olmosh + ot: barcha xalqlar, shu yo`l; 5) sifatdosh + ot: sinalgan odam, aytilgan so`z; 6) ravish + ot: mo`l hosil, ko`p xususiyatlar; 7) taqlid so`z + ot: g`ir-g`ir shabada, tars-turs ovozlar; 8) ravish + fe’l: tez yurmoq, erta kelmoq; 9) ravishdosh + fe’l: o`ylab gapirmoq, quvonib aytmoq; 10) taqlid so`z + fe’l: duv-duv to`kilmoq, gir-gir aylanmoq. 3. Muvofiqlashuv. O`zbek tilida qaratqich va qaralmishning aloqasi bog`lanishning alohida turini tashkil qiladi. Bunda so`zlardan birini hokim, birini tobe deb qarash qiyin, chunki qaralmishning talabi bilan qaratuvchi bo`lak qaratqich kelishigi shaklini oladi, o`z navbatida, qaratuvchining talabiga ko`ra qaralmish egalik affiksini qabul qiladi: bolalarning quvonchi, mening kitobim, sening daftaring, ularning vazifasi kabi. Bunda munosabatdorlik (o`zaro hokimlik, tobelik) kuzatiladi.
Aslida moslashuv deyilganda, tobe so`z shaklining hokim so`z shakliga mos kelishi nazarda tutiladi. Bu holat rus tiliga xos, negaki moslashuv yo`li bilan tuzilgan qurilmalarda, jumladan, aniqlovchili birikmalarda tobe so`z hokim so`z bilan grammatik shaklda moslashib, hokim so`z bildirgan xususiy grammatik ma’nolarga ega bo`ladi. Masalan, interesnaya kniga birikmasida kniga hokim so`z bo`lib, bosh kelishik, birlik, jenskiy rod (jins) kabi xususiy grammatik ma’nolar anglatgan; tobe so`z (interesnaya) hokim so`zning aynan shu shakliga moslashib, xuddi shunday grammatik ma’nolarni ifodalaydi.
O`zbek tilida qaratuvchi va qaralmishning munosabati yuqorida qayd etilgan birikma qismlarining munosabatidan farq qiladi. Shuning uchun bunday bog`lanishni moslashuv deb emas, muvofiqlashuv deb izohlash lozim bo`ladi.
Demak, o`zbek tilida qaratuvchi va qaralmishning birikishi muvofiqlashuv asosida voqe bo`ladi.