b) uyushiq vositali to`ldiruvchi:Yengil qor parchalarining osmondan uchib tushishida ham, daraxtlarga qo`nishida ham nafis bir xotirjamlik bor! (P.Qodirov). 5. Uyushiq hol:Qadimgi Movarounnahrda chinorzor bog`lar barpo etish an’analari hurmat, ishtiyoq bilan davom ettirilgan. (A.Aminov). Mirzo Ulug`bek Samarqand,Kattaqo`rg`on,Balx va Shahrisabzda ana shunday bog`lar barpo etishga farmoyish bergan. (A.Aminov). Uyushiq bo`laklar grammatik jihatdan ikki xil shakllanadi: mustaqil holda va umumlashgan holda. Uyushuvchilar mustaqilholda shakllanganda, grammatik ko`rsatkichlar (ot va otlashgan so`zlar bilan ifodalangan bo`laklarda – kelishik, egalik, ko`plik affikslari, -dagi o`rin belgisi affiksi hamda ko`makchilar; ot va fe’l kesimlarida – to`liqsiz fe’l va ko`makchi fe’llar hamda –dir affiks bog`lamasi va so`z bog`lamalari) uyushiqli qatorning har bir a’zosida qatnashadi. Masalan: Qahraton sovuqqa va qurg`oqchilikka chidamli bo`lgani uchun chinor manzarali daraxt sifatida qadrlanadi. (A.Aminov). Kitoblar orqali asrlar bilan,ming yillar bilan, qadim faylasuflar bilan... suhbatlashish mumkin (Oybek). Uyushuvchilar umumlashgan holda shakllanganda, turli grammatik ko`rsatkichlar uyushiq qatorning oxirgi a’zosida qo`llanib, barchasi uchun taalluqli bo`ladi. Bunda turli umumlashtiruvchi grammatik ko`rsatkichlar qavsdan tashqariga chiqariladi va bu holda shakllangan uyushuvchilarni bitta bo`lak deb qarash lozim bo`ladi. Masalan: Sharq chinorlari (Kavkaz, Qrim va O`rta Osiyo)da... o`stiriladi. (A.Aminov). Mahkam (karavotlar va tumbochkalar) bilan qurshalgan stolga qaradi. (P.Qodirov). ... bu xona boshqa xonalaridan (nihoyatda yorug`ligi, ozoda, haddan tashqari sarishtaligi) bilan farq qilardi. (J.Abdullaxonov). Temirjon... Abdulla Karimovich Salimovni (tanimas, ammo eshitgan) edi. (J.Abdullaxonov). Qishloq bolalari (pishiq, tadbirli) bo`ladi. (S.Ahmad). Birinchi gapda bitta uyushiq o`rin holini –da o`rin payt kelishigi affiksi, ikkinchi, uchinchi gapda bitta uyushiq vositali to`ldiruvchini bilan ko`makchisi, to`rtinchi gapda bitta uyushiq fe’l kesimni edi to`liqsiz fe’li va beshinchi gapda bitta uyushiq ot kesimni bo`ladi bog`lamasi umumlashgan holda shakllantirib kelgan.