3. Ayiruvchilar (yo, yoki, yoxud, yoinki, dam ... dam, goh ... goh, bir ... bir, ba’zan ... ba’zan): Bir xil irmoqlar ... katta–katta toshlarni aylanib o`tib, ba’zan qoyalarning ostidan yo`l topib, goh to`lib, goh mildiratib ohistalik bilan ko`lga tushadi. (E.Vohidov). U dam sahnada o`tirganlarga, dam pastdagilarga qarab she’rni sharillatib o`qib ketdi. (O`. Hoshimov).
Uyushiq bo`lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar
Uyushiq bo`lakli gaplarda ba’zan umumlashtiruvchi birliklar ham qatnashadi. Ular uyushuvchilarni jamlab ko`rsatadigan so`z va so`z birliklari bo`lib, uyushiq bo`lakdan oldin yo keyin keladi. Uyushiq bo`lakdan oldin kelgan umumlashtiruvchilar odatda izoh talab qiladi. Uyushiq bo`lakdan keyin kelgan umumlashtiruvchilar esa yakunlash, xulosalash xususiyatiga ega bo`ladi. Masalan: Hamma narsa: uylar, devorlar, daraxtlar qorong`ulikka jimgina cho`kdi. (Oybek). Ko`cha – ko`y ham, dala ham, qishloq ham - hammasi mendan Ma’sudani so`roqlayotganday bo`ladi. (P.Qodirov).
Uyushiq bo`lakli gaplarda xilma–xil tinish belgilari qo`llaniladi.
Uyushuvchilar o`zaro bog`lovchisiz (faqat sanash intonatsiyasi bilan); zidlov bog`lovchilari, takrorlanuvchi bog`lovchilar; bog`lovchi vazifasidagi yuklamalar yordamida aloqaga kirishganda, ular orasiga vergul qo`yiladi. Masalan: Qashqardaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand viloyatlarida bo`lsangiz, 500-600 yillik chinorlarni ko`rasiz. (A.Aminov). U doktorlarga goh zug`um qilib, goh yaxshi gapirib statsionardan chiqdi. (S.Ahmad).
Uyushuvchilar o`zaro va, hamda, bilan biriktiruv bog`lovchilari orqali, shuningdek, yakka ayiruv bog`lovchilari yordamida aloqaga kirishganda, ular orasiga vergul qo`yilmaydi: Anhorda suv sokin va ulug`vor oqardi. (F.Musajonov). Salim ota bilan yigitlar mehmonni ... kuzatib tashqariga chiqishdi. (S.Karomatov).
Uyushiq bo`lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan oldin kelsa, shu birlikdan so`ng ikki nuqta qo`yiladi: Hamma yerda: uylarda, ko`chalarda ivirsib yotgan xazon yuzi ertalab qirovdan ... oppoq bo`lib qoladi. (Oybek).
Umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan so`ng kelganda, undan oldin tire qo`yiladi: Kishilar, xotinlar, bolalar – kutib oluvchilar vagon bo`ylab chopdilar. (R.Fayziy).
Dostları ilə paylaş: |