Ch fonemasi til oldi, qorishiq portlovchi, jarangsiz undosh fonema bo`lib, so`zning boshida (chaqa, chigit, chuqur), o`rtasida (achchiq, ochiq, ko`cha) va oxirida (och, uch, kech ) keladi. Ayrim so`zlarda o`zidan keyingi jarangsiz undoshlar ta’sirida talaffuzda sh fonemasiga o`tadi: kechdi>keshti, qochdi>qoshti, sochdi>soshti.
L fonemasi til oldi, portlovchi-sirg`aluvchi, jarangli (sonor) undosh fonema bo`lib, so`z boshida (lagan, latifa, lof), o`rtasida (olis, uloq, belgi ) va oxirida (kasal, kel, yol) keladi. Bu fonema so`z o`rtasida kelganda so`zlashuv nutqida ko`pincha tushib qoladi: olsa>osa, kelsa>kesa, bo`lsa>bo`sa, kelgan>kegan.
R fonemasi til oldi, portlovchi-sirg`aluvchi, titroq, sonor, jarangli undosh fonema bo`lib, so`z boshida (randa, rang, ruh), o`rtasida (arra, mo`ri, baraka) va oxirida (bozor, hozir, huzur) keladi. Bu fonema sof o`zbekcha (turkiycha) so`zlar boshida qo`llanmaydi.
Y fonemasi til o`rta, sirg`aluvchi va jarangli undosh fonema bo`lib, so`z boshida (yigit, yo`l, yil), o`rtasida (sayr, qayir) va oxirida (to`y, uy, oy) keladi.
K fonemasi til orqa, sof portlovchi, jarangsiz undosh fonema bo`lib, so`z boshida (katta, kim, ko`p), o`rtasida (ikki, aka, uka) va oxirida (tilak, yuk, to`k) keladi. Bu fonema bilan tugagan ko`p bo`g`inli so`zlarga unli bilan boshlanuvchi qo`shimcha qo`shilganda, k fonemasi g fonemasiga o`tadi va bu holat yozuvda ham aks etadi: malak>malagi, ko`ylak>ko`ylagim.
G fonemasi til orqa, sof portlovchi, jarangli undosh fonema bo`lib, so`z boshida (gulxan, gilam, go`zal), o`rtasida (tugun, agar, egri) va oxirida (barg, biolog, pedagog) keladi. Bu fonema sof o`zbekcha so`zlar oxirida deyarli qo`llanmaydi. G fonemasi bilan boshlanadigan qo`shimchalar k fonemasi bilan tugagan so`zlarga qo`shilganda k fonemasiga, q fonemasi bilan tugagan so`zlarga qo`shilganda esa q fonemasiga aylanadi: ko`k+ga > ko`kka, boq+gan >boqqan. O`zlashma so`zlarda bunday o`zgarish bo`lmaydi: geologga, biologga.
Dostları ilə paylaş: |