Ilmiy adabiyotlarda ko`p ma’noli leksemalar ifodalaydigan lug`aviy ma’nolar til taraqqiyotining qaysi davrida mavjudligiga qarab dastlab ikkita katta guruhga bo`linadi:57
I. Avvalgi lug`aviy ma’nolar til taraqqiyotining oldingi davrlariga tegishli bo`lgan ma’nolardir. Bu ma’nolar ham eskirish darajasiga qarab ikki turga bo`linadi:
1. Eski lug`aviy ma’no leksemaning hozirgi paytda arxaiklashgan ma’nosidir: qimron leksemasi aslida “qaynatilgan sut bilan suvning aralashmasi” degan ma’noni bildirgan. Bu ma’no shu leksemaning eski lug`aviy ma’nosidir. Uning hozirgi ma’nosi “tuya sutidan tayyorlanadigan qimiz” degan ma’nodir58.
2. Etimologik lug`aviy ma’no leksemaning til tarixiga asoslanib, tuzilishidan kelib chiqib aniqlanadigan ma’nodir: chaqa (mayda pul) leksemasi “chaq” fe’lining “parchala”, “bo`lak-bo`lak qil” ma’nosidan –a qo`shimchasini qo`shish bilan yasalgan59.
II. Hozirgi lug`aviy ma’nolar til taraqqiyotining hozirgi davriga mansub ma’nolardir. Bu ma’nolar bir ma’nodan boshqa ma’noning o`sib chiqishi nuqtai nazaridan ikki turga bo`linadi:
1. Bosh ma’no ko`p ma’noli leksemalarning o`zaro bog`langan barcha ma’nolarini birlashtiruvchi ma’nodir. Bu ma’no odamning esiga keladigan birlamchi ma’nodir. Izohli lug`atda uzmoq leksemasining quyidagi ma’nolari berilgan: a) “kuch bilan tortib, yulqib butundan ajratmoq, butunni qismga bo`lmoq” (ipni uzmoq); b) palak, novda yoki tupidan ajratib olmoq (uzum uzmoq); d) kesib qirqib joyidan bo`lak qilmoq (boshini uzmoq); e) turgan, yopishgan joyidan ajratmoq (boshini yostiqdan uzmoq); f) davom qildirmaslik, to`xtatmoq (suhbatni uzmoq); g) qarzni to`lamoq (yegan oshlarini uzmoq); h) qattiq tishlamoq yoki chaqmoq (Itning ishi uzmoq…); i) qattiq ta’sir qilib, azob bermoq (gap bilan uzmoq); 1-ma’no (ipni uzmoq) mazkur leksemaning bosh ma’nosidir, chunki qolgan barcha ma’nolar shu ma’no bilan bog`langandir.