Bosh ma’no o`z navbatida leksema ma’no tuzilmasida tutgan o`rniga qarab ikki turga ajratiladi: a) to`ng`ich bosh ma’no leksema ma’no tuzilmasida birinchi o`rinda turgan ma’nodir. Yuqoridagi uzmoq- leksemasaining 1-ma’nosi shunga mos keladi; b) nisbiy bosh ma’no boshqa hosila ma’noning o`sib chiqishi uchun asos bo`lgan hosila ma’nodir. Yuqoridagi uzmoq- leksemasaining 7-ma’nosi shunga mos keladi, chunki mazkur ma’no 8-ma’noning o`sib chiqishi uchun manba hisoblanadi;
Bosh ma’no unga turlicha yondashuvlar asosida quyidagi nomlar bilan ataladi:
1) to`g`ri ma’no voqelikdagi narsa, belgi, miqdor, harakat tushunchalarini to`g`ridan-to`g`ri ifodalaydigan bosh ma’nodir.
2) nominativ ma’no voqelikdagi narsa, belgi, miqdor, harakat tushunchalariga nom bo`lib kelgan bosh ma’no.
3) erkin ma’no - bu yuzaga chiqishi muayyan matn, qurshov bilan cheklanmagan bosh ma’no.
2. Hosila ma’no bosh ma’nodan hosil bo`lgan, undan o`sib chiqqan ma’nodir. Yuqorida berilgan uzmoq leksemasining 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-ma’nolari 1-ma’noga nisbatan hosila ma’nolar hisoblanadi, 8-ma’no esa 7-ma’noga nisbatan hosila ma’no bo`lib hisoblanadi.
Hosila ma’no ham turlicha yondashuvlar asosida quyidagi nomlar bilan ataladi:
1) ko`chma ma’no to`g`ri ma’noga zid qo`yiladigan hosila ma’no bo`lib, narsa, shaxs, belgi, miqdor, harakat tushunchalariga ko`chgan hosila ma’nodir. Masalan, ko`chaning boshibirikmasi tarkibidagi bosh leksemasining ma’nosi odam boshi birikmasi tarkibidagi bosh leksemasining ma’nosidan o`xshashlik asosida ko`chgan ma’nodir.
2) figural (lot. majoz degani) ma’no nominativ ma’noga zid qo`yiladigan hosila ma’no bo`lib, borliqdagi narsa, shaxs, belgi, miqdor, harakatlarni majoziy tarzda ifodalagan hosila ma’nodir. Figural ma’noda obrazlilik kuchli bo`ladi. Masalan, bahor leksemaning umr bahori birikmasi tarkibida ifodalagan “umrning yashnagan davri” degan ma’nosi majoziy ma’nodir, chunki bu ma’no “hayotning kamolga yetgan, yashnagan davri” degan mavhum tushunchani “yil fasllaridan biri” degan aniq tushunchaga bog`lagan holda ifodalayapti. Figural ma’no ko`pincha mavhum tushunchalarni ifodalaydi.