Butun bosqich davomida shug’ullanuvchilar quyidagi usullar bo’yicha kamolotga erishadilar:
– turli traektoriya va yo’nalishda haarkatlanayotgan to’pni xilma-xil usullar bilan to’g’riga va yo’nalishini keskin o’zgartirgan holda tepish;
– to’pni to’xtatish va sherigiga oshirish;
– to’pni turli usullar bilan olib yurish;
– aldash harakatlarini bajarish;
– to’pni hujum qilib va oyoqning ostiga tashlanib tepib yuborish yoki to’xtatish;
– raqibni yelka bilan turtib to’pni olib qo’yish;
– to’pni turgan joydan, harakatda, yiqilayotib, yon chiziqdan o’yinga kiritish.
Darvozabonlar to’pni ushlab olish, urib yuborish va boshqa tomonga o’tkazib yuborishni ham yiqilmasdan, ham yiqilayotib takomillashtiradilar.
Asosli ravishda mashq qilish bosqichida futbolchilar o’yindagi vazifalariga ko’ra: hujumchi, himoyachi va hokazolar bo’yicha uzil-kesil (ayrim hollarda bir oz vaqtliroq yoki keyinroq) ixtisoslashadilar. SHuning uchun takomillashish jarayonini futbolchilarning o’yindagi vazifalariga nisbatan alohida-alohida olib borish kerak.
Ko’p yillik mashg’ulot jarayonida taktik tayyorgarlik.
Idrok, diqqat, tafakkur, xotira kabi ruhiy jarayonlarning juda yaxshi jismoniy, axloqiy-irodaviy, nazariy va, ayniqsa, texnik tayyorgarlik bilan birgalikda yuqori darajada rivojlanganligi taktik tayyorgarlik asosini tashkil etadi.
Futbolchilarning o’yin faoliyati sharoitlarida yaxshi mo’ljal olish (orientir) va taktik jihatdan to’g’ri qaror qabul qilish qobiliyati ko’p jihatdan texnik usullarni maqsadga muvofiq ravishda qo’llash, ya’ni ularning texnik qurollanganligi bilan belgilanadi. SHuning uchun yosh futbolchi texnik usullarni muntazam takomillashtira borib juda ko’p miqdordagi harakat ko’nikmalarini egallab olgandagina, yaxshi taktik tayyorgarlikka erishishi mumkin. O’yinchining texnik mahorati yo sheriklari bilan hamkorlikda, yoki individual ravishda istalgan taktik g’oyaning amalga oshirilishini ta’minlashi kerak. Har bir futbolchining taktik jihatdan yuqori individual tayyorgarligi butun jamoa taktikasining samarali bo’lishini belgilab beradi.
Yosh futbolchilar bilan o’tkaziladigan har bir o’quv-mashg’uloti bosqichi muayyan yo’nalishga va tegishli o’quv materiallariga ega bo’lishi kerak.
Dastlabki tayyorgarlik bosqichida asosiy vazifa o’yinda fikr yuritish qobiliyatini tarbiyalash va futbol o’yini jarayoniga qiziqish uyg’otishdan iborat. Mashg’ulotlarda murakkab reaktsiya tezligi, mo’ljal olish, idrok, mustaqillik jamoada ish ko’ra bilish ko’nikmalarini rivojlantirish bilan bog’liq bo’lgan mashqlar bajariladi. O’yinda fikr yuritish qobilyatini tarbiyalash uchun o’yin faoliyati xarakteriga ko’ra futbolga yaqin bo’lgan harakatli o’yinlardan keng foydalaniladi. Harakatli o’yinlar raqib “ta’qib” idan qutilish va bo’sh joyga chiqish, o’z vaqtida to’p oshirish, hujum yoki himoya vaqtida tezlik bilan qulay vaziyatni egallash ko’nikmalarini tarbiyalaydi. Taktik tayyorgarlikda harakatli o’yinlardan foydalanish to’pni egallab olishning murakkab texnikasi yo’qligi bilan ham belgilangandir. Bu shug’ullanuvchilarning diqqat-e’tibori o’yin jarayonini tushunib olishga qaratiladi, juda ko’p vaziyatlarda mustaqil qaror chiqarib olish imkoni yuzaga keladi. O’yinlarda hujum va himoyadagi individual hamda eng oddiy guruhli harakatlar tarbiyalanadi. O’yinchining «ochilishi» va «yopilishi» kabi taktik harakatlarni, eng yaxshisi, basketbol yoki gandbol o’yinida o’rgangan ma’qul.
Murabbiy o’yin mohiyatini to’g’ri tushunish hissini tarbiyalash to’g’risida g’amxo’rlik qilishi, qabul qilingan har bir noto’g’ri qarorni e’tibordan chetda qoldirmasligi, bajarilgan harakatga baho berishi kerak. SHuning uchun mazkur bosqichdagi har bir mashg’ulot mazmunining asosiy yo’nalishi o’yinni olib borish tajribasini egallash va uni to’ldirib borishdan iborat.
Boshlang’ich sport ixtisoslashuvi bosqichi taktik tafakkurni (o’yinchi-ning taktik jihatdan fikr yuritish qobiliyatini) rivojlantirishni hamda asosiy individual va guruhli taktik harakatlarni o’rganishni nazarda tutadi. Mashg’ulotlarda quyidagilar:
– nazariy bilimlar, taktik ko’nikma va malakalar zahirasini kengaytirish;
– o’zlashtirilayotgan bilim, ko’nikma va malakalarni doimo o’zgaruvchan o’yin sharoitidagi ijodiy imkoniyati e’tiborga olinish kerak.
Mashg’ulotlarda sport o’yinlari taktikasining umumiy asoslarini o’rganishga, futbol o’yini taktikasini, o’yinchilarning individual va guruhli harakatlarini qarab chiqishga katta o’rin beriladi. SHu maqsadda futbolchining mustaqil ish olib borishida mavjud barcha formalardan, taktik tayyorgarlikning nazariy asosini yaratishga yordam beruvchi formalardan (adabiy manbalar, kinomateriallar, shaxsiy kuzatishlar va hokazolardan) foydalaniladi. O’yin qoidalarini o’rganish hamda individual va guruhli harakatlarni tashkil etishda ularni hisobga olish lozim. Tanishish asnosida qoidalarni rasm, sxema, maketda aks ettirilgan o’yin vaziyati va hokazolar bilan to’ldirib tushuntirish, ularni qo’llashga oid amaliy misollar keltirish foydalidir.
Asosiy taktik harakatlarni o’rganish jarayonida taktik tafakkur shakllantirilar ekan, asosiy e’tibor qabul qilingan taktik rejani amalga oshirish uchun o’yin olib borishning shug’ullanuvchilar qabul qilgan muayyan vositalari va usullarini maqsadga qanchalik muvofiqligini tahlil qilishga qaratiladi.
Dostları ilə paylaş: |