Bugungi kunda O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoatining bayroqdori bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati Uchquduq hududida uran rudasini qazib olish va qayta ishlash maqsadida tashkil etilgan edi. XX asr 30–50 yillarida geologlarning Qizilqumda olib borgan tadqiqotlari natijasida Uchquduq hududida yirik uran konlari topildi. O‘sha paytda sobiq Ittifoqning atom sanoati uchun zarur bo‘lgan uranni qazib olish ishlarini tezlashtirish maqsadida bu yerga ko‘plab soha mutaxassislari yuborildi. Uchquduqda uran konlarini o‘zlashtirish ishlari boshlab yuborildi. O‘zbekiston hududi qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Bu yerda qadim davrlardayoq yer osti boyliklari qazib olingani barchaga maʼlum. Qizilqum sahrosi kengliklarida tosh davriga mansub mehnat qurollarining topilishi mazkur hududlardagi yer osti boyliklari paleolit davridayoq ibtidoiy odamlar tomonidan o‘zlashtira boshlanganligini bildiradi. Jumladan, Qoratov tog‘laridan topilgan va arxeologlar tomonidan o‘rganilgan neolit davriga oid Uchtut chaqmoqtosh shaxtasi inson hayotiy faoliyatining eng qadimgi yodgorliklaridan hisoblanadi. Vatanimiz hududlarida odamlar azaldan mis, bronza, temir va boshqa metallarni qazib olib, ulardan mehnat qurollari va uy jihozlari yasashgan.
O‘zbekiston zamini oltin, kumush, uran, mis, polimetallar, temir, fosforit, kaolin kabi foydali qazilmalarning ko‘plab turlari zaxira va resurslariga boy. Yurtimiz yer osti tabiiy boyliklari orasida gaz, neft, ko‘mir kabi yoqilg‘i-energetika resurslari mavjudligi mazkur boyliklar qiymatini yana-da oshiradi.
O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoatining bayroqdori bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati Uchquduq hududida uran rudasini qazib olish va qayta ishlash maqsadida tashkil etilgan edi. XX asr 30-50 yillarida geologlarning Qizilqumda olib borgan tadqiqotlari natijasida Uchquduq hududida yirik uran konlari topildi. O‘sha paytda sobiq Ittifoqning atom sanoati uchun zarur bo‘lgan uranni qazib olish ishlarini tezlashtirish maqsadida bu yerga ko‘plab soha mutaxassislari yuborildi. Uchquduqda uran konlarini o‘zlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
1958-yil 20-fevralda sobiq Ittifoq hukumatining qarori bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati (1967-yil 1-yanvarga qadar korxona O‘rta mashinasozlik vazirligining 2-sonli kombinati deb nomlangan) tashkil etildi. 1958-yilda Uchquduq uran konlarining bir qismini sanoat yo‘sinida o‘zlashtirish boshlandi. Vaholanki, ularning ishlatilishi birmuncha murakkab edi. Bu yerda uran qazib olish ishlari birinchi bor olib borilayotganligi, qolaversa, uran zaxiralarining murakkab kon-geologik sharoitlarda joylashganligi tadqiqot va konni o‘zlashtirishning mutlaqo yangi texnologik usullari, eng samarali uslublarini qo‘llashni talab qilar edi. Shu sababli, konda ochiq va yer osti ishlari bir vaqtda olib borildi.