Hech bir xalq yoki millat o‘z ozodligi va mustaqilligini osonlik bilan qo‘lga kiritmagan. Ajdodlarimizning so‘nggi 130 yildan ko‘proq davom etgan mustamlakachilik davridagi ozodlik kurashlari buning isbotidir. 1991-yilning 31-avgustida O‘zbekiston mustaqilligi eʼlon qilindi. Yurtimiz istiqloli xalqimiz kelajagi uchun katta imkoniyatlarni ochdi.
Mehnatsevar va fidoyi xalqimiz mardonavor kurashlar natijasida tarixan qisqa davrda o‘zining milliy taraqqiyot yo‘lidan qatʼiyat bilan borib, barcha sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tib, katta marralarni zabt etayapti.
Mustaqillik arafasida sobiq Ittifoqda sodir bo‘lgan siyosiy boshboshdoqlik oqibatida, turli mintaqalarda millatlar va fuqarolar o‘rtasida nizolar vujudga keldi. Yurtimiz ham tahlikali davrni boshdan kechirayotgan, turli ziddiyatlar avj olgan, respublika iqtisodiyoti og‘ir ahvolga tushib qolgan edi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida mustaqillik arafasida va mustaqillikning dastlabki yillarida vujudga kelgan o‘ta murakkab sharoitda respublikamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy tahlikali vaziyatni barqarorlashtirish, ijtimoiy adolatni tiklash, sanoat korxonalarini bir maromda ishlashini tashkil etish borasida misli ko‘rilmagan katta ishlar amalga oshirildi. Natijada, qisqa vaqtda yurtimizda barcha sohalarda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat barqarorlashdi.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi mamlakatimizda yangi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar va iqtisodiy islohotlarga o‘tish bosqichi kon-metallurgiya sanoati korxonalari uchun ham juda murakkab va og‘ir kechdi. 90-yillar boshlarida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ham iqtisodiy ahvoli og‘irlashdi. Negaki, mazkur soha korxonalari Ittifoq davrida o‘n yillar mobaynida markazlashtirilgan tizim orqali boshqarilgan edi. O‘z davrida bu tizim orqali maʼlum bir natijalarga erishilgan bo‘lsada, ammo Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi va xo‘jalik aloqalarining uzilishi oqibatida korxonaning mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamayib ketdi. Kombinatda ishlab chiqarishni bir maromda saqlab turish Ittifoqning ko‘plab mintaqalaridan texnika, turli xil materiallar va asbob-uskunalarning yetkazib berilishiga bog‘liq qilib qo‘yilgan edi. Ittifoqning parchalanishi natijasida vujudga kelgan yangi mustaqil davlatlar bilan xo‘jalik aloqalarining izdan chiqib ketishi mahsulotni sotish, bojxona to‘siqlari va valyuta bilan bog‘liq ko‘plab qiyinchiliklarning paydo bo‘lishiga olib keldi.
Masalan, o‘tgan asr 90-yillari boshida sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan uran ishlab chiqaruvchi respublikalar uchun og‘ir davr boshlandi. Jahon bozorida uran oldi-sotdisi bo‘yicha asosiy hal qiluvchi kuch bo‘lgan AQSH Savdo departamenti o‘z qarori bilan sobiq Ittifoq uchun uran bozorini uzil-kesil yopib qo‘ydi. Oqibatda mahsulot tannarxi keskin tushib ketishi bilan birga, mahsulot sotilmasdan turib qolish holati yuzaga keldi. Bunday taqiq endigina mustaqillikka erishgan mamlakatimizning yagona tabiiy uran ishlab chiqaruvchi korxonasi bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun qiyinchilik keltirib chiqardi. Korxona jiddiy muammolar girdobida qoldi. Bunday sharoitda muammoga ijobiy yechim topish, ishlab chiqarish va ish o‘rinlarini saqlab qolishdek muhim vazifa turardi. Uran to‘planib qolishi oqibatida uning atrof muhitga taʼsiri va ekologiya buzilishi boshlangandi.
Bu vazifani tezkor hal etish kombinat tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasining masʼul xodimlari va kombinatning Toshkent shahridagi vakolatxonasi rahbari Saidahrol G‘ulomov zimmasiga yuklatildi. Ochig‘i, bu vazifa juda murakkab, qaltis va og‘ir edi. Yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish uchun NKMK AQSHning o‘sha paytda uran sotib oluvchi yirik “Nyukem” kompaniyasi bilan aloqa o‘rnatdi. Shuningdek, mashhur “White & Case” yuridik kompaniyasi ham bu ishga jalb etildi. Saidahrol G‘ulomov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida ishlab, to‘plagan boy tajribasiga tayanib, yuqorida keltirilgan kompaniyalar bilan olib borilgan muzokaralar hamda AQSH Savdo vazirligiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan uranni realizatsiya qilishga nisbatan taqiqni to‘xtatish yuzasidan materiallar tayyorlashda NKMK va O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini qatʼiy turib himoya qildi. Saidaxrol G‘ulomov va kombinat mutaxassislarining saʼy-harakatlari tufayli 1992-yilning aprelida “Nyukem” kompaniyasi bilan tabiiy uranni Yevropa va AQSH bozorlariga eksport qilish yuzasidan uzoq muddatli shartnoma imzolandi. Bu ekologik va ijtimoiy murakkablikni bartaraf etib, iqtisodimiz uchun zarur valyuta tushumi barqarorligini taʼminladi va shu yilda 242 million AQSH dollarlik uran eksport qilishga erishildi.
Kombinat jamoasi mustaqil respublikamizda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib o‘tish yo‘lida mashaqqatli davrga qadam qo‘ydi. Mamlakatimizda davlat mustaqilligi eʼlon qilingandan so‘ng Navoiy kon-metallurgiya kombinati O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazildi. Albatta, bu jarayonlar oson kechmadi. Sobiq Markaz oltin va uran qazib oluvchi yirik korxonani mustaqil davlatga “tekin”ga berib qo‘yishni istamasdi, albatta. Ammo, Birinchi Prezidentimizning bu boradagi qatʼiyati natijasida kombinat respublika ixtiyoriga o‘tkazildi. Xalqimizning sevimli shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning 2011-yilda bitilgan “Muruntov” sheʼrida bu tarix qisqacha bo‘lsada aks etgan. Ulug‘ shoirimiz yozganidek: