Vegetativ asab tizimining funksiyalari.Ko’pchilik ichki organlar ikki tomonlama innervasiyalanish xususiyatiga ega: ularning har biriga ikkita-simpatik va parasimpatik nervlar keladi. Vegetativ asab tizimi ichki organlarning ishini, moddalar almashinuvini, organizmni kelgusidagi talabiga mos ravishda moslanishini boshqaradi. Ko’pchilik organlarga simpatik va parasimpatik nervlar qarama-qarshi ta’sir ko’rsatadi. Simpatik nerv yurak ishini tezlashtiradi va kuchaytiradi, parasimpatik nerv esa (adashgan) tormozlaydi; parasimpatik nerv ko’zning kamalak po’stlog’ining halqali muskullarini qisqarishini chaqiradi va shuning hisobiga ko’z gavhari torayadi, simpatik nerv esa gavharni kengayishini chaqiradi.
Lekin, qo’zg’atish sharoitini o’zgartirish yo’li bilan N.Ye.Vvedinskiy boshqa tarzdagi samara olish mumkinligini ham ko’rsatib berdi: yurak miya va parasimpatik nerv tolalari bir-birini ta’sirini uzviy holda kuchaytiradi.
Vegetativ asab tizimining simpatik qismi ya’ni qachonki uning eng yuqori kuchi talab qilinadigan bo’lsa, ayniqsa zarur sharoitlarda organizmni jadal faoliyatini ta’minlaydi. Vegetativ asab tizimining parasimpatik qismi – «bekor qilish» tizimi, organizm tomonidan sarflangan imkoniyatlarni tiklanishini ta’min etadi.
Charchagan skelet muskullarining simpatik nervlarini qo’zg’atish uning ish qobiliyatini tiklaydi. Bularning hammasi L.A.Orbeli va A.G.Ginensinskiylarga simpatik asab tizimini moslanish-trofik funksiyasi haqida gap yuritish imkonini berdi.
Qon bosimini nisbatan darajada ushlab turilishi, termoregulyasiya, muskullar ishi paytida yurakning qisqarishini sekinlashishi, tezlashishi va boshqalarni reflektor reaksiyalari vegetativ asab tizimining faoliyati bilan bog’liq.
Vegetativ asab tizimining barcha bo’limlari oraliq miyada joylashgan oliy vegetativ markazlarga bo’ysunadi. Vegetativ asab tizimining markazlariga miya tanasidagi retikulyar formatsiyadan, miyacha, gipotalamus, yarim sharlar po’stloq osti yadrolari va po’stlog’idan impulslar keladi.