O’quvchilar ijodiy faoliyatini tashkil qilish. Fikrlash faoliyati odamda tabiat bilan kurashda duch kelgan qiyinchiliklarni yengish usuli sifatida evolyusiya jarayonida vujudga kelgan. Darhaqiqat, har birimiz doimo u yoki bu qiyin holatda bo’lamiz, bunda odatdagi faoliyat usulimiz muvaffaqiyatni ta’minlamasligi mumkin. Amaliy yoki nazariy maqsadlarga erishish uchun yangi yechim axtarishga majbur qiladigan shunday holatlarni muammoli vaziyat deb ataladi.
Muammoli vaziyat o’quvchilar tomonidan muayyan savolga javob berishni talab qiluvchi vazifa sifatida qabul qilinadi va anglab olinadi. Tafakkur uchun masalani anglab olish – bu go’yo faol fikrlash faoliyatining boshlanishiga signaldir. O’quvchilarda savol tug’ilibdiki, unda tafakkur ishlay boshlaydi.
Masalani anglab olish – vazifani hal qilishning birinchi bosqichidir. To’g’ri qo’yilgan masala – javobning yarmidir, deb bekorga aytilmagan. Masalan, shunday savol: Nima uchun tundrada katta daraxtlar o’smaydi? Bu savol to’g’ri ham aniqdir.
Ikkinchi bosqichda masala shartini, uni yechish uchun nima ma’lumligini aniqlash boradi. Ijodiy fikrlashni ichki qonuniyatlarini o’rganish uchun o’quvchilarga masala taklif qilish, ularni muammoli vaziyatga kiritish mumkin. Muammoli vaziyatga bir nechta misollar keltiramiz.
«Bolalar yo’l yoqasida oyog’i singan kuchukchani ko’rdilar. To’xtab qolib o’ylaydilar.
1. Kuchukchani uyga olib ketish, oyog’ini bog’lash, vrachga olib borish kerak.
2. Bechora kuchukcha azoblanayotgan bo’lsa kerak, men baribir unga hyech narsa bilan yordam qila olmayman, chunki u o’ladi.
3. U kasal bo’lsa kerak, unga yaqinlashish xavfli, undan kasal yuqadi».
Bunda masala va bir nechta muammoli vaziyatlar keltirilgan. O’quvchilar kerakli vaziyatni tanlab olib, masalani yechitshlari, tanlaganlarining to’g’riligini isbotlashlari kerak. O’quvchilar tanlaganlarini isbotlash uchun fikrlarini ijodiy ishlashga majbur qilib, mulohaza yuritadilar.
O’quvchilar hal qilish zarur bo’lgan muammoli vaziyatli bir nechta masalalardan namunalar keltiramiz. «O’rmonda dam olayotgan vaqtda sen quruq xashakning asta-sekin yonayotganligini payqab qolding. Nima qilasan?»
1. Kattalar oldiga borib, bu haqda aytaman.
2. O’zim o’chiraman.
3. Quruq xashak kerak emas, yonaversin.
«O’ynayotgan vaqtingda odamlar ko’p yuradigan yo’lkada qo’ng’izni ko’rib qolding. U tasodifan yelkasi bilan ag’darilib yotibdi. Uni yo’lovchilar ezib o’tib ketishlari mumkin. Sen nima qilasan?.
1. Qo’ng’izni olib, gugurt qutichasiga solaman va tomosha qilaman.
2. Oyog’im bilan ezib tashlayman, chunki u daraxtlarga zarar yetkazishi mumkin.
3. Qo’ng’izni olib daraxt shoxiga qo’yaman.
4. O’zi qachon ag’darilib uchib ketishini kutaman» va hokazolar. Bu muammolarning barchasi o’quvchilarning fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi.
Shuningdek, tabiatshunoslik o’zining mazmuni va metodlari bilan o’quvchilarni har tomonlama tarbiyalash uchun cheksiz imkoniyatlarga ega.
Tabiiyot – dunyo fani va shuning uchun ham tabiatshunoslik darslari o’quv materiali mazmunini yetkazishning o’ylab chiqilgan metodikasini talab qiladi, uning asosiy maqsadi bilimlar yig’indisini faqat esda qoldirish bo’lib qolmasdan, balki ularni ishonchga aylantirish hamdir. Ishonch insonlarga, atrof olamga bo’lgan munosabatda, odatlarda, ish tutishda, xulq atvorda namoyon bo’lishi kerak. Bunda birinchi planga tabiatshunoslikning turmush bilan aloqasi chiqariladi. O’quvchilarni hayotimiz bir me’yorda borishi, konkret xalq xo’jaligi rejalari aks ettirilgan davlat qarorlari bilan o’quvchilarni tushunarli formada tanishtirib borish alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu vazifalarni osonlashtirish uchun ko’rgazmali materiallardan, diafilmlardan, markaziy va mahalliy davriy matbuot materiallaridan, kino va telefilmlarni (ularni o’qituvchi bilan birga ko’rganlaridan keyin) muhokama qilishdan, Mehnat Veteranlari, mashhur paxtakorlar, chorvadorlar ishlab chiqarish ilg’orlari to’g’risida hikoya qiluvchi kitoblardan, o’quvchilar bilan birga rasmiylashtirilgan illyustrasiya va statistik ma’lumotlarni turli sohalarida (jumhuriyat, viloyat, rayon va shahar bo’yicha) erishilgan yutuqlar to’g’risidagi stendlardan keng ko’lamda foydalanmoq lozim.
Tabiatshunoslik vositasida amalga oshiriladigan kompleks tarbiya faqat darslardagina emas, balki o’quvchilarning sinfdan va maktabdan tashqari faoliyatlarida (ekskursiya, sinfdan tashqari mashg’ulot, maktaboldi uchastkasidagi ishlar va boshqalarda) ham muntazamlilik hamda rejalilikni talab qiladi.