Egasi topiladigan gaplarda Egasi kesim orqali beriladigan so‘roq bilan topish mumkin. Bunday gaplar shaxsi aniq, shaxsi noaniq, shaxsi umumlashgan gaplarga bo‘linadi.
Shaxsi aniq gap. Kesimi, asosan, fe’l bilan, ba’zan fe’ldan boshqa so‘z bilan ifodalanib, harakatni bajaruvchi shaxsni aniq ko‘rsatib turadigan bir bosh bo‘lakli gap shaxsi aniq gap deyiladi.
Shaxsi aniq gaplarda ega Lesik jihatdan shakllanmaydi va unga hech qanday ehtiyoj ham bo‘lmaydi; kesim vazifasida kelgan so‘z tarkibidagi tuslovchi affikslar shaxsni aniq ko‘rsatib turadi.
Shaxsi aniq gapning kesimi quyidagicha ifodalanadi:
1. Aniqlik (ijro) maylidagi fe’l va boshqa so‘z turkumlari bilan. Masalan: Ertalabki poyezddan qolmaslik uchun shoshilib chiqib ketayotgan edi. (O‘.Hoshimov).
Shaxsi aniq gap kesimining aniqlik maylidagi fe’l bilan ifodalanishi quyidagicha:
a) o‘tgan zamon fe’l shakllari bilan: Ular bilan ham murosa qilolmagan edingiz-ku ... (P.Qodirov). Abdukarimova haqida bilmoqchi edim. (F.Musajonov).
b) hozirgi zamon fe’l shakllari bilan: Endi ularning xatosini tuzatish uchun qancha mashaqqat chekamiz. (P.Qodirov). Gapimni tushuntirolmay qolamanmi deb qo‘rqyapman. (J.Abdullaxonov).
v) kelasi zamon fe’l shakllari bilan: Hech kim bilan hech qanaqa raqobat qilmoqchimasman. (J.Abdullxonov). Saviyasini tekshirmoqchimisan? (F.Musajonov).
2. Buyruq - istak mayidagi fe’l bilan: - Xatlarni menga bering! – deb qoldi Tolib aka. (F.Musajonov). Gazeta ishidan misol keltiib gapiray. (F.Musajonov).
Shaxsi aniq gapning kesimi ba’zan fe’ldan boshqa so‘zlar bilan ham ifodalanishi mumkin. Masalan: Kelishgan, o‘qimishlisiz, buning ustiga yoshsiz. (F.Musajonov). Mulla Usmon, ... hammasidan xabardorsiz. (P.Qodirov).