21.4.Qoramolchilikning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati
Qoramolchilikni rivojlantirish to‘yimli ozuqalarga nisbatan anchagina arzon o‘simlik ozuqa (ko‘k o‘t, dag‘al, shirali va boshqalar) resurslaridan foydalanib sut va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga imkoniyat yaratadi.
Bu tarmoqning samaradorligi, dastavval sigirlarning boshqa ona hayvonlarga nisbatan bir necha barobar ko‘p sut berishi bilan ta’minlanadi. O‘zbekistonda hozir rivojlantirilayotgan qora-ola, qizil chul, shvis, kabi asosan zotdor sigirlardan bir yilda 3500-5000 kg sut va ogirligi 30 kg bir bosh buzoq olish potensial imkoniyati mavjud. Laktasiya davrida har bir sigirdan sog‘ib olingan yalpi sutning 5-6 foizi buzog‘iga sarflansa, qolgan qismi 12-15 kishini ilmiy asoslangan me’yorda sut va qayta ishlangan sut mahsulot(yog‘, pishloq, qaymoq, qatiq va boshqa)lari bilan ta’minlashga imkoniyat yaratadi. Olingan buzoqlarni intensiv ozuqlantirilsa uning tirik vazni bir yilda 180-200 kg ga yetadi va 5-6 kishini ilmiy asoslangan me’yorda mol go‘shti va undan qayta ishlangan mahsulot (kolbasa va boshqa)lar bilan ta’minlashga imkoniyat yaratadi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonning sut balansi aktivida sigir suti 90% dan ortik, go‘sht balansida esa -70% dan ortikrog‘i mol go‘shtidir. Bu mahsulotlarni barcha yoshdagi odamlar iste’mol qiladi, ularni jismoniy baquvvat qiladi va umrini uzaytiradi.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, 1kg sut oqsiliga qoramol go‘shti oqsiliga nisbatan 5-6 marta kam kam ozuqa birligi sarflanadi. Qoramol podasida sigirlar hissasining ko‘payishi tarmoqning samaradorligini bevosita oshiradi.
Qoramol terisidan sifatli charm tayyorlanadi, oyoq va boshqa kiyimlar ishlab chiqariladi.
Qoramollar qoldig‘i go‘ngdan foydalanish tuproqning unumdorligini, binobarin, o‘simliklar hosildorligini oshiradi.
Demak, qoramolchilikni intensiv rivojlantirish mavjud mehnat, yer, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanishga imkoniyatlar yaratadi va hokazo. Ulardan to‘laroq va samaraliroq foydalanish asosiy vazifadir.
Dostları ilə paylaş: |