21.11. Parrandachilikning rivojlanishi, hozirgi axvoli va istiqboli Parrandachilik, uning asosiy turi, tovuqchilik uzoq davrlardan beri rivojlantiriladi. Donishmandlarimiz parrandachilikni insonlarning yetti boyligidan biri deb ham baholaydilar. Ammo parrandachilikning tashkil etilishi uzok yillar uning xalq xo‘jaligi ahamiyatiga mos kelmagan. Parrandalarning bosh sonini ko‘paytirishda, ularning mahsuldorligini oshirishda, odatda oddiy ekstensiv usullardan foydalanilgan.
Parrandachilikni tezroq rivojlantirish asosan tarmoqda sanoatga xos tehnologiyani keng joriy etish yillaridan boshlangan. Parrandalarning bosh soni va mahsuldorligini oshirishda keskin o‘zgarish bo‘lgan. Masalan, parrandalarning bosh soni 1990 yilda 1960 yilga nisbatan 4,7 marta, har bir tovuqdan olingan tuxum esa qishloq xo‘jaligi korhonalarida qariyb 2 marta, aholi jon boshiga tuxum ishlab chiqarish esa 1,7 marta ko‘paygan.
Ammo, 1990 yilda aholi jon boshiga 120 dona tuxum va 3,3 kg parranda go‘shti ishlab chiqarilgan, xolos. Bu ko‘rsatkich belgilangan tibbiy meyerlarga nisbatan 3-4 marta kam edi. 2000 yilda 1990 yilga nisbatan parrandalar soni qariyb 3 marta, har bir tovuqdan olingan tuxum - 13% ga, ishlab chiqarilgan tuxum miqdori qariyb 2 marta, parrandalar go‘shti esa 5 marta kamaygan.
Mustaqillik yillarida Respublikada parrandachilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi, buni quyidagi jadval tahlilidan bilish mumkin (1-jadval). Tahlil etilayotgan davrda parrandalar soni 20540,4 ming boshdan 56276,3 ming boshgacha yoki 2,7 martaga oshgan. Barcha toifadagi xo‘jaliklarda tuxum va parranda go‘shti yetkazib berish shu davrda mos ravishda – 2,5 va 2,9 martaga oshgan bo‘lsa, fermer xo‘jaliklarida – 7,6 va 11,4 marta, dehqon va aholining shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida – 2,3 va 2,6 martaga va qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda – 2,3 va 3,2 martaga ko‘paygan. Bu yerda asosiy o‘sish sur’ati fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, keyingi yillarda parrandachilikka ixtisoslashgan hamda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari shakllanayotganligining amaldagi isbotidir.
Demak, parrandachilikning oxirgi yillardagi rivojlanish darajasi uning xalq xo‘jaligi ahamiyatiga, boshqa chorva tarmoqlariga nisbatan ustunliklariga mos kelib bormoqda.
Istiqbolda parrandachilikni tiklash, tezroq rivojlantirish obyektiv zaruriyatdir. Uni faqat dehqon va fermer xo‘jaliklarida emas, balki yirik parrandachilik fabrikalarida shuningdek ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Bunday tajriba iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda barqaror amalga oshirilmoqda, hamda yuqori ijtimoiy-iqtisodiy samara bermoqda.