O‘zbekistonda qo‘ychilik noqulay yer va iqlim sharoitlari hamda aholining ko‘p yillik tajribasini hisobga olib rivojlantiriladi. Qo‘ychilik mahsulotlari, ularning bosh soni va maxsuldorligini oshirish evaziga ko‘payadi. 2000 yilda 1940 yilga nisbatan jami qo‘ylar soni 1,8 marta, shu jumladan qorako‘l zotdor qo‘ylar – 3,2 marta ko‘paygan. Qorako‘l teri va undan tayyorlanadigan tovarlarni ichki va tashqi bozorlarda sotishda vujudga keladigan qiyinchiliklar tufayli qorako‘l terining keskin kamayib ketishi kuzatilmokda. Masalan, 1990 yilda 1401,6 ming dona ishlab chiqarilgan bo‘lsa 2000 yilda 747 ming dona yoki 47% foiz kam ishlab chiqarilgan. 2000 yilda qo‘zilarni teri uchun so‘yish kamaytirilib, o‘sishga, binobarin, bosh sonini ko‘paytirish uchun qoldirilgan.Oxirgi yillarda har bir qirqilgan ko‘ydan olingan jun miqdori ham kamaygan. Natijada 2000 yilda 1990 yilga nisbatan yalpi jun olish qariyb 40% foizga kamaygan. Bu kamchiliklar 2004 yilga kelib bir muncha to‘g‘rilana boshlandi. Shu narsani alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda qo‘ychilikning asosiy salmog‘ini qorako‘lchilik, ya’ni qorako‘l zotli qo‘ylar tashkil qiladi. Qorako‘l zotli qorako‘l qo‘ylar 2005 yilning boshiga kelib, barcha kategoriyadagi xo‘jaliklarda 7300 mingga yaqin boshni tashkil qilgan. O‘zbekiston 1900 yilgacha qorako‘l qo‘ylarning asosiy qismi bo‘lgan yagona mamlakat bo‘lib, shu davrda respublikada 3 mln.boshga yaqin qorako‘l qo‘y bo‘lgan. XX asr boshlarida Buxorodan kam sonli qorako‘l qo‘y zotlarini Janubiy – G‘arbiy Afrika (hozirda Namibiya) davlatiga olib kirilgan edi. Mana shu qism qo‘ylar Janubiy–G‘arbiy Afrika Respublikasida qorako‘lchilik-ning rivojlanishiga asos bo‘lgan. 1850 yilda Parijda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada fransuzlar birinchi marta manto va jaketlarni taklif qilishganda jahon bozorining asosiy e’tiborini tortdi. Jahonda qorako‘l ishlab chiqarishda sobiq ittifoq uzoq vaqt monopolist bo‘lib kelgan, ittifoqda qorako‘l yetishtirish bo‘yicha O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib kelgan. Jahon bozoriga yetkazib turilgan qorako‘l terilar 80-yillarda 7 mln.dona bo‘lgan bo‘lsa, shundan O‘zbekistonning hissasi 2,4 mln.dona (34,2%)ni tashkil etgan. SJK preparatining qo‘llanishi 1984 yil to‘xtatilgan bo‘lishiga qaramasdan, 1985-1995 yillar davomida (SJK) stimulyatorini nazoratsiz qo‘llash natijasida qorako‘l teri yetishtirish ikki barobarga kamayib ketdi. Stimulyatorning qo‘llanishi tug‘ilajak qo‘zilar sonini ko‘paytiradi, bunda bitta ona qo‘y 3 yoki 4 ta qo‘zi tuqqan. Bu esa ona qo‘ylarning fiziologik holatiga salbiy ta’sir qilgan. Bu, tabiiyki, o‘z navbatida qorako‘l teri sifatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. 90-yillar o‘rtalarida jahon qorako‘l bozorida ishlab chiqarishning pasayganligi kuzatildi. Qorako‘l O‘zbekistonning iftixori va boyligi hisoblanadi. Qorako‘l terilari o‘ramalarining o‘ziga xosligi, tabiiyligi, naqshlarining boyligi, ipakdek yumshoqligi, yaltiroqligining yuqoriligi bilan jahonda shuhrat qozondi. O‘zbekiston jahonda qorako‘l qo‘ylarining vatani hisoblanmay, balki qorako‘l qo‘ylarini yetishtiruvchi asosiy baza ham bo‘lib hisoblanadi.