Ashtarxoniylar sulolasi (1601-1752)
Boqi Muhammad - 1601-1605
Vali Muhammad - 1605-1611 (taxtdan haydaladi)
Imomqulixon - 1611-1642
Nodir Muhammadxon - 1642-1645 (taxtdan haydaladi)
Abdulazizxon - 1645-1681
Subhonqulixon - 1681-1702
Ubaydullaxon - 1702-1711 (o’ldiriladi)
Abulfayzxon - 1711-1747 (o’ldiriladi)
Abdulmo’min (soxta xon) - 1747-1751 (o’ldiriladi)
Ubaydulla sulton (soxta xon) - 1751-1754 (o’ldiriladi)
Buxoro amirligi Buxoro davlatining zaiflashib qolganligidan foydalangan Eron shohi Nodirshoh XVII asrning 30-40-yillarida Buxoro xonligiga yurish qiladi. Nodirshoh Buxoro xonligida katta mavqega ega bo’lgan mang’it urug’idan chiqqan otaliq Muhammad Hakimbiy bilan shartnoma tuzadi va u Buxoro xonligining oliy hukmdori deb tan olinadi. Abulfayzxon amalda hokimiyatdan chetlatib qo’yiladi, Hakimbiy Buxoroning to’la vakolatli hokimi etib tayinlanadi. 1743 yilda Hakimbiy, uning o’g’li Muhammad Rahim Nodirshoh xizmatiga kiradi. Nodirshoh 1747 yilda vafot etgach, Muhammad Rahim hokimiyatni o’z qo’liga olishga kirishadi. Buxoro xonligida katta nufuzga ega bo’lgan mang’it qabilasining vakili Muhammad Rahim 1747 yilda Abulfayzxonni, so’ngra rasman xon deb (soxta xon) e’lon qilingan uning o’g’illari Abdulmo’min va Ubaydullo sultonlarni o’ldirib, hokimiyatni o’z qo’liga oladi. Muhammad Rahim 1756 yilda taxtga o’tirib, o’zini Buxoro amiri deb e’lon qiladi va hokimiyatni mustaqil idora qiladi, Mang’itlar sulolasiga asos soladi. Shundan e’tiboran Buxoro xonligi Buxoro amirligi deb atala boshlandi. Amirlikda hokimiyat 1920 yilgacha Mang’itlar sulolasi qo’lida bo’ldi. Muhammad Rahim xukmronligini beklik-viloyatlardagi boshqa qavmlardan bo’lgan hokimlar tan olmadilar. Amir mang’itlarga tayanib hokimiyatni markazlashtirishga intildi. Barcha qabilalarning hukmdorlarini Buxoroga yig’ib, ulardan markaziy hokimiyatga bo’ysunishni talab qildi, aks holda qattiq jazolanishi haqida ogohlantirdi. Viloyatlardagi ko’pgina hokimlar, bebosh amaldorlar hokimiyatdan chetlashtirilib, er-mulki tortib olinib boshqa joylarga ko’chirildi. Ular o’rniga amir qabiladoshlaridan tayinlandi. Muhammad Rahim Buxoro minorasi yonidagi o’z qarorgohini maxsus qurdirgan Arkka ko’chirdi. O’zboshimcha beklarni Arkka chaqirib qattiq jazoladi. Tarqoqlikni bartaraf etish maqsadida ko’pgina bekliklarga - Samarqand, Jizzax, O’ratepa, Xisor, Boysun, Shahrisabzga qarshi qonli urushlar qildi, ko’pgina viloyatlar vayron bo’ldi. Muhammad Rahim Nurotada istiqomat qiluvchi burgut qabilasi qo’zg’olonini bostirib, ularning xarbiy istehkomlarini buzib tashlab, o’zlarini Buxoro tumaniga ko’chirdi. Miyonqal’a qipchoqlariga hujum qilib, istexkomlarini buzib tashlaydi, yo’lboshchilarini qatl etib, qolganlarini ko’chirib yuboradi. Muhammad Rahim vafotidan keyin o’zaro urushlar yanada kuchaydi. Viloyat hukmdorlari mang’itlarning markaziy hokimiyatiga qarshi qo’zg’olonlar ko’tardi. Kenagas, yuz, baxrin, burgut, saroy qabilalarining qo’zg’olonlari, xokimiyatga o’tirgan Doniyolbiyning ularni bostirish uchun qilgan urushlari minglab odamlarning yostig’ini quritdi. Doniyolbiy qo’shinlar xarajati uchun qo’shimcha soliqlar joriy etib aholi noroziligini oshirdi. Buxoro hunarmandlari va tijorat ahli 1784 yilda qo’zg’olon ko’tardi. Qo’zg’olonni bostirish jarayonida minglab odamlar qurbon bo’ldi. Amir Ma’sum («begunoh amir») deb nom olgan Shohmurod (1785-1800 yillar) tarqoqlikka qarshi kurashni davom ettirdi. Amir Shohmurod boshqaruv tartibini o’zgartirish, amaldorlar tarkibini yangilash choralarini ko’rdi. Amir ikki yirik davlat arbobi - Davlat qushbegi bilan Nizomiddin qozikalonni saroy, qo’shin va boshqa sohadagi amaldorlar huzurida o’z qo’li bilan o’ldirdi. Soliqlarni tartibga soldi. Buxoro aholisiga tarxan yorlig’ini topshirdi. Unga binoan aholi savdo daromadidan boj to’lashdan, hunarmandlar pul yig’imidan, majburiy mehnat va soliqlardan ozod etildi. Shuningdek, xiroj, nikoh puli, tarozi haqi va boshqa yig’imlar miqdori kamaytirildi. Shohmurod davrida Buxoro amirligi nisbatan mustahkamlangan bo’lsada, o’zaro urushlar to’xtamadi. G’arbiy chegaralarda esa Xiva xoni qo’shinlari xujumga o’tar, ekinzor va bog’lar payhon qilinar, qishloqlar vayron bo’lar, odamlar va chorva molar haydab ketilar edi. Xiva xonligi Xorazm XV asr oxiri - XVI asr boshida temuriy Sulton Husayn Boyqaro boshliq davlatning bir qismi edi. 1505 yilda Muhammad Shayboniyxon qo’shinlari Xorazmni egalladi va qo’ng’irot urug’idan Kepakbiy Xorazmga hokim etib tayinlanadi. Eron shohi Ismoil bilan jangda Muhammad Shayboniyxon halok bo’lgandan keyin Xorazm Ismoilshoh tomonidan zabt etiladi. Ismoilshoh Xorazmni o’z davlati tasarrufiga kiritgach, Vazir, Urganch va Xiva shaharlarini boshqarish uchun 3 ta dorug’a (hokim) tayinladi. Xorazmda Ismoilshoh hukmronligi uzoqqa bormadi. Xorazmda Ismoilshoh hukmronligiga qarshi harakat boshlandi. Bu harakatga Vazir shahri qozisi Umarqori va Sayid Hisamiddin etakchilik qildi. Ular Shaybon avlodidan bo’lgan Berka sultonning o’g’li Elbarsxonga murojaat qilib, xon bo’lishni taklif qildilar. Elbarsxon 1511 yilda qo’shin bilan kelib Vazir, Urganch, Xiva, Xazoraspni Ismoilshoh qo’shinlaridan tozaladi, Xorazmda Elbarsxon hokimiyati o’rnatildi. Shunday qilib, 1511 yilda mustaqil Xiva xonligi tashkil topdi, Elbarsxon uning birinchi xoni bo’ldi. Xivada shayboniylar sulolasi xukmronligi 1770 yilgacha davom etdi. Xiva xonligi poytaxti Urganch edi. XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida Amudaryo o’zanining o’zgarishi munosabati bilan Urganchning mavqei pasaydi, aholisi qulayroq joyga ko’chib borib joylashadi va bu erda Yangi Urganch shahri paydo bo’ladi. Bu orada Xiva shahrining mavqei ko’tariladi. 1556 yilda Avaneshxon Xivani davlat poytaxti deb e’lon qiladi, biroq u o’z hukmronligini faqat Xivadagina o’tkaza olar edi. Arab Muhammadxon (1602-1623) davrida Xivaning mavqei kuchayib, xonlikning rasmiy poytaxtiga aylandi. Xiva xonligi tasarrufiga Amudaryo quyi oqimidagi vohalar, Mang’ishloq, Dahiston (Mashhad) va O’zboy atrofidagi ko’chmanchi turkman hududlari kirardi. Biroq, xonlikda tinchlik bo’lmadi. Uzoq yillar davomida xonlik tepasida turgan o’zbek qabilalari bilan turkman qabilalari o’rtasida, shuningdek, shahzodalar o’rtasida tinimsiz urushlar bo’lib turdi. Xiva va Buxoro hukmdorlari o’rtasida Murg’ob daryosi bo’ylari uchun, Marv uchun qirg’inborot urushlar bo’lib turar, bu hududlar qo’ldan-qo’lga o’tardi. Xonlikka shimoldan qalmoqlar, qozoqlar, Ural kazaklari tez-tez xujum qilib falokatlar keltirardi. XVIII asr o’rtalarida Eron shohi Nodirshoh, uning o’g’li Nasrullo Xiva xonligini bosib olib, o’z boshqaruvini o’rnatdi, turkman qabilalarini Xorazmdan Xurosonga ko’chirdi. Biroq Xiva xonligida tinchlik bo’lmadi. Eron hukmdorlariga qarshi tez-tez g’alayonlar bo’lar, aholi boshi oqqan tomonga ketardi. Shunday vaziyatda xonlikdagi o’zbek qabilalaridan Qo’ng’irot urug’ining boshlig’i Muhammad Amin inoq 1770 yilda hokimiyatni qo’lga oldi va Xiva xonligida yangi sulola - Qo’ng’irot sulolasiga asos soldi (bu sulola 1920 yilgacha hukm surdi).. Muhammad Amin Inoq turkmanlar qo’zg’olonini bostirdi, Buxoro hukmdorining hujumini daf etdi va Xiva xonligidagi viloyat hokimlarini markaziy hokimiyatga bo’ysundirdi. Qo’qon xonligi Buxoro xonligidagi ichki kurashlar, markaziy hokimiyatning zaiflashuvi sababli, u XVIII asr boshlarida ikkiga bo’linib ketdi. Ashtarxoniylar xukmronligining zaiflashuvi oqibatida Farg’ona vodiysiga uning shimolida tashkil topgan Jungarlar davlati tez-tez bostirib kiradigan, talon-taroj qiladigan bo’lib qoldi. Bunday vaziyat Farg’onadagi ichki kuchlarning birlashuviga, mustaqil davlat tuzishga intilishini kuchaytirdi. Farg’ona vodiysining hududiy yaxlitligi va iqtisodiy imkoniyatlari, uning Buxoro xonligidan ajralib chiqishga qulay omil bo’lib xizmat qildi. Chust yaqinidagi Chodak qishlog’ida yashovchi xo’jalar jamoasi (din peshvolari)ning mavqei XVIII asr boshlaridayoq Farg’onada ancha uchayib, 1709 yilda o’z er-mulklarini mustaqil deb e’lon qiladi va vodiyda hokimiyatni qo’lga olishga intiladilar. Biroq ularning hokimiyati boshqa qabilalar tomonidan tan olinmadi. Bir guruh harbiy zodagonlar Rishtonda qo’zg’olon ko’tarib, Farg’ona hokimi Xo’ja Ashirqulni o’ldiradilar. 1710 yilda Qo’qon atrofida yashab turgan o’zbek qabilalaridan biri - minglar o’z etakchisi Shohruxbiyni hokimiyat tepasiga ko’taradilar. Shu tariqa, Qo’qon xonligi tashkil topdi, o’zaro ichki kurashlar botqog’iga botib qolgan Buxoro xoni Ubaydullaxon o’ziga qarashli hududning ajralib chiqib, alohida davlat tuzishiga qarshilik ko’rsatolmadi. Qo’qon xonligida ming qabilasi sulolalari 1876 yilgacha hukmronlik qildi. Qo’qon shahri chetida joylashgan Tepaqo’rg’on Qo’qon xoni Shohruhbiyning qarorgohiga aylantirildi. Tepaqo’rg’onda mustahkam qal’a, bozor va aholi yashaydigan mahallalar qurildi. Qo’qon xonlari Farg’ona vodiysini, Xo’jand, O’ratepani birlashtirgach, Qo’qon xonligining mustaqilligi XVIII asr o’rtalarida Buxoro davlati tomonidan tan olindi. XVIII asr oxirlarida Qo’qon xonlari Toshkentni bo’ysundirishga kirishdilar. 1784 yilda Shayxontohur dahasi sobiq hokimining o’g’li Yunusxo’ja Toshkentni Buxoro tobeligidan chiqarib, mustaqil siyosat yuritardi. Toshkent bekligi o’ziga xos boshqaruv tizimiga ega edi. Yunusxo’janing to’rt maslahatchisi bo’lgan. Toshkent shahar nazorati va soliq yig’ish Boshxo’janing qo’lida bo’lib, savdo-sotiqni qozi va devonbegi nazorat qilishgan. Shariat qonun-qoidalari, narx-navo, o’lchovlar ustidan Rais lavozimidagi amaldor nazorat qilgan. Yunusxo’ja XVIII asr oxirlarida qozoq sultonlari hujumlarini bartaraf etib, Sayram, Chimkent, Turkiston, Qurama, Qorabuloq shaharlarini Toshkentga bo’ysundirgan edi. Toshkent bekligi mavqeining oshib borishi Qo’qon xonlariga yoqmadi. 1799 yilda Qo’qon hukmdori Norbo’tabiy Toshkenta yurish qildi, ammo Chirchiq bo’yidagi jangda mag’lubiyatga uchradi. 1805 yilda Qo’qon hukmdori Olimbek xon unvonini qabul qiladi va shu paytdan e’tiboran Farg’onada tashkil topgan davlat rasman Qo’qon xonligi deb atala boshlandi. Yunusxo’ja vafotidan keyin Qo’qon xoni Olimxon qo’shinlari yurish qilib, 1809 yilda Toshkentni va unga qarashli Chimkent, Sayram va boshqa hududlarni Qo’qon xonligiga bo’ysundiradi. Qo’qon xonligi hududiy jihatdan yirik davlatga aylandi. Shunday qilib, asrlar davomida yagona hududda, yagona iqtisodiy va madaniy makonda yashab kelgan xalq, mamlakat uch qismga bo’linib ketdi. Uchta davlat – Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklari vujudga keldi. Xonliklar tarixi iqtisodiy va madaniy hayotning bir tekisda bormaganligidan, ayrim davrlarda siljish kuzatilsada, xonliklar o’rtasidagi o’zaro kurash avj olgan yillarda tanazullik hollari yuz berganligidan guvohlik beradi. Shayboniylar, xususan, Abdulaxon II davrida dehqonchilik ishlarini rivojlantirishga ahamiyat berildi. Zarafshon, Sirdaryo, Amudaryo, Chirchiq, Vaxsh, Murg’ob daryolari bo’ylarida ko’plab kanallar, anhorlar, ariqlar qazilib, atrofdagi erlarga suv chiqarilgan, yangi ekinzorlar va bog’lar barpo etilgan. Birgina Qashqadaryo bo’ylaridagi erlarga suv chiqaruvchi o’ndan ortiq kanallar qazilganligi va ishlab turganligi ma’lum. Abdullaxon II davrida qurilgan Zarafshon daryosidagi Karmana, Mehtar Qosim, Chahorminor, Jondor ko’prik suv ayirg’ichlari, Sangzar daryosidagi Tuyatortar kanali, Amudaryo-Chorjo’y kanali, Toshkent viloyatidagi Zaxariq, Nurota tog’lari suvlarini to’plovchi Oqtob va Band suv omborlari yirik inshootlardan edi. Bu tadbirlar g’allachilik, paxtachilik, polizchilik, bog’dorchilik, uzumchilik kabi sohlarning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Xiva xonligida ham sun’iy sug’orish ishlariga katta e’tibor berilgan. XVI-XVII asrlarda barpo etilgan, uzunligi 143 km bo’lgan Shohobod, uzunligi 96 km bo’lgan Urmush, G’oziobod va boshqa o’nlab kanallar dehqonchilikning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Xonliklarning iqtisodiy va madaniy hayoti Qo’qon xonligida ham ariq va kanallar tarmog’i kengaytirildi. Namangan hududida Yangiariq kanali, Sirdaryodan O’ratepa tomon sug’orish tarmoqlari, ko’plab ariqlar qazildi, dehqonchilik ancha rivojlandi. Xonliklarning asosiy boyligi, tirikchilik manbai er bo’lib, erga egalik qilishning turli shakllari mavjud edi:
• Mulki sultoniy – davlatga qarashli erlar;
• Mulki xolis – xususiy er mulklari (Xon va uning yaqinlari, harbiy-ma’muriy amaldorlar, yirik din peshvolariga iqto’, suyurg’ol va tanxo kabi shakllarda berilgan erlar);
• Vaqf – diniy mahkamalar, xonaqohlar, madrasa va masjidlarga qarashli erlar;
• Qishloq jamoalari va dehqonlari egalik qiladigan erlar. Erda mehnat qiladiganlarning ko’pchilik qismi o’z er maydoniga ega bo’lmay, ijaraga olingan erda ishlovchi kambag’al qishloq aholisi edi. Dehqonchilik. Bug’doy, arpa, sholi, jo’xori, makkajo’xori, mosh, no’xat, loviya, kunjut, suli, beda ekinlari etishtirilgan. Shuningdek, qovun, torvuz, qovoq, bodring, piyoz, qalampir, sarimsoq ekilib hosil qilingan. Paxta, ipak maxsulotlari, bog’dorchilik ham rivojlanib, olma, gilos, o’rik, uzum, shaftoli, anjir, olxo’ri kabi mevalar etishtirilgan. Chorvachilik. Yaylovlarda qo’y, echki, yirik shoxli mollar (sigir, ho’kiz), ot va tuyalar boqilib, go’sht-sut, jun, teri va boshqa mahsulotlar olingan. Hunarmandchilik. Xonliklarning yirik shaharlari hunarmandchilik markazlari bo’lib, ularda 60 dan ortiq turdagi hunarmandchilik buyumlari tayyorlangan. Paxta, ipak, jun, teri kabi mahalliy xom ashyolardan ip yigirish, gazlamalar to’qish, tayyor kiyimlar tikish, kigiz va gilamlar tayyorlash, ko’nchilik rivojlangan. Metall va yog’ochga ishlov berish, miskarlik, temirchilik, ganch o’ymakorligi, duradgorlik, kulolchilik, qandolatchilik, oshpazlik, novvoylik va boshqa hunarmandchilik tarmoqlari ancha kengaydi. Savdo-sotiq. Xonliklarda savdo-sotiq iqtisodiyotning muhim tarmog’i edi. Shaharlarda, yirik qishloqlardagi bozorlarda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik mahsulotlari sotilgan yoki ayirbosh qilingan. Yirik mablag’larga ega bo’lgan badavlat kishilar, kichikroq do’konlar soni kengaygan. Tashqi savdo ham o’sib borgan, chet mamlakatlar bilan savdo karvonlariga ega bo’lgan xon, saroy amaldorlari va viloyat hokimlarining ishonchli vakillari, badavlat kishilar savdo-sotiq ishlari bilan shug’ullanganlar. Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan savdo-sotiq yo’lga qo’yilgan. Rossiyadan mis, cho’yan, temir, qo’rg’oshin kabi metallar keltirilgan. Soliq. Xonliklarda raiyat (dehqon, chorvador, hunarmand, savdogar)ga turlituman soliqlar solingan, turli majburiyatlarni – kanal va ariqlar qazish, ularni tozalash, mudofaa inshootlarini qurish va boshqa ishlarga majbur etilgan.
Dostları ilə paylaş: |