O’zbekistonning AQSh va Evropa mamlakatlari bilan hamkorligi
O’zbekiston Respublikasining tashqi siyosatida Amerika Qo’shma Shtatlari bilan o’zaro manfaatli aloqalarni yo’lga qo’yish va tobora chuqurlashtirish alohida o’rin tutadi. O’zbekiston bilan Amerika Qo’shma Shtatlari o’rtasida davlatlararo aloqalar mustaqillikning dastlabki yillaridayoq yo’lga qo’yildi. 1992 yil 15-16 fevral kunlari AQSh davlat kotibi Jeyms Beyker O’zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi va ikki davlat o’rtasida diplomatik aloqalar o’rnatildi. 1992 yil 16 mart kuni Toshkentda birinchi bo’lib AQShning elchixonasi ochildi. 1993 yil 14 sentyabrda AQSh davlat deportamentining maxsus topshiriqlar bo’yicha elchisi Strob Talbot O’zbekistonda bo’ldi va O’zbekiston Prezidenti bilan hamkorlik qilish masalalarida suhbatlashdi. 1995 yil 6 O’zbekiston va AQSH Aloqalari aprelda AQSh mudofaa vaziri Uilyam Persi O’zbekistonga keldi, O’zbekistonning NATO "Tinchlik yo’lida hamokrlik" dasturida ishtiroki muhokama qilindi. AQSh armiyasi o’quv-mashq markazida tinchlikni ta’minlash maqsadida o’tkazilgan harbiy mashqlarda O’zbekiston qurolli kuchlari vzvodi ishtirok etdi. O’zbekiston bilan AQSh o’rtasida sarmoyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish to’g’risida, ikki yoqlama soliq olmaslik to’g’risida shartnomalar tuzilgan. Toshkent - Nyu-York o’rtasida bevosita havo yo’li ochildi. O’zbekistonda 1996 yil boshlarigacha Amerikalik sarmoyadorlar ishtirokida 200 ta o’zbek amerika qo’shma korxonalari tashkil topdi va faoliyat ko’rsatdi. Bular orasida Navoiy viloyati Zarafshon vodiysidagi Muruntovda AQShning Nyumont Mayning Korporatsiyasi bilan hamkorlikda tog’ jinslaridan oltin va kumush ajratib oluvchi "Zarafshon-Nyumont" qo’shma korxonasi bor. Bu korxonada 2002 yilgacha 83 tonna oltin tayyorlandi.
O’zbekiston Prezidenti I.Karimovning 1996 yil 23-28 iyun kunlarida AQShda bo’lishi O’zbekiston va Amerika munosabatlarini yangi pog’onaga ko’tardi. I.Karimov AQSh Prezidenti Bill Klinton bilan uchrashdi. Ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, tomonlar manfaatiga daxldor bo’lgan siyosiy, iqtisodiy, havfsizlik masalalari muhokama etildi. Bill Klinton QSh ma’muriyati Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqilligi, barqarorligi va ravnaqidan manfaatdor ekanini, O’zbekiston bilan qalin munosabatlar o’rnatishni istayotganini, O’zbekistonning tezroq dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi yo’lida yordam berajagini ta’kidladi. I.Karimov bilan B.Klinton uchrashuvi ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarga siyosiy zamin hozirladi. 1996 yil 25 iyun kuni O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi ochildi. O’zbekiston Prezidenti boshliq davlat delegatsiyasining AQShda bo’lishi chet el sarmoyasi uchun respublikada yaratilgan shart-sharoitlar to’g’risidagi axborot taqchilligini bartaraf etdi. Safar chog’ida imzolangan hujjatlar Amerika biznesi va sarmoyalarining O’zbekistonga erkin kirib kelishi uchun yanada keng yo’l ochdi. Ikki mamlakat o’rtasidagi hamkorlik O’zbekistondagi islohotlarni qo’llab-quvvatlash, o’zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish yo’lidan bormoqda. O’zbekistonda AQShning 28 ta kompaniya, firma va banki o’z vakolatxonalarini ochgan. Bular qo’shma korxonalar barpo etish, savdo-sotiqni kengaytirish ishiga ko’maklashmoqda.
2001 yilda O’zbekistonda AQSh bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar soni 70 tadan ortdi. AQSh sarmoyasi ishtirokida respublikamizda barpo etilgan 305 ta qo’shma korxona sanoat, qishloq xo’jaligi, to’qimachilik, gaz-kimyo, neft, oltin qazib olish, transport, kommunikatsiya va ta’lim sohalarida samarali faoliyat ko’rsatmoqda. «Zarafshon-Nyumont», «O’z-Teksako», «O’z-keysmash», «O’zkeystraktor », «O’z-Eksayd», «BiEy Ay»ning Xo’jaobod gaz ombori qurilishi, «ABB Lummus Global» bilan hamkorlikdagi Sho’rton gaz-kimyo majmuasi shular jumlasidandir. O’zbekistonning AQSh bilan savdo aylanmasi 300 mln. AQSh dollardan oshdi.
2001 yil 11 sentyabr kuni xalqaro terroristlar AQShda sodir etgan fojiali voqealar paytida O’zbekiston birinchilardan bo’lib AQSh hukumatining Xalqaro terrorizmga qarshi aksilterror kaolitsiya tuzish haqidagi taklifi tarafdori bo’lib chiqdi. O’zbekiston AQSh bilan birgalikda xalqaro aksilterror kaoliyatsiyada faol
qatnashdi. O’zbekiston bilan AQSh o’rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, rivojlanib bormoqda. 1991 yildan 2001 yil sentyabrgacha tomonlar orasida davlat ahamiyati darajasida 28 ta tashrif qayd etilgan bo’lsa, 2001 sentyabrdan 2002 yil apreligacha esa 20 taga yaqin ana shunday tashriflar amalga oshirildi. 2002 yil 11-14 mart kunlari O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov boshliq davlat delegatsiyasi Prezident Jorj Bush taklifiga binoan rasmiy davlat tashrifi bilan AQShda bo’ldi. AQSh Prezidenti J.Bush va martabali hukumat vakillari Islom Karimovni Oq uyda obro’-e’tiborli mehmon sifatida kutib oldi. Tomonlar xalqaro ahvol, Markaziy Osiyodagi jarayonlar, xalqaro terrorizmga qarshi kurash, harbiy va harbiy-texnikaviy, iqtisodiy hamkorlik masalalarda fikr almashdilar. Tashrif yakunida «O’zbekiston bilan AQSh o’rtasida o’zaro sheriklik va hamkorlik asoslari to’g’risida deklaratsiya», ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar, yadroviy materiallar va texnologiyalar tarqalishining oldini olishda hamkorlik, moliya, qishloq xo’jaligiga oid qator hujjatlar imzolandi. AQSh ni sinovli damlarda qo’llab-quvvatlagani uchun Prezidentimiz Islom Karimov Amerika jamoatchiligi tomonidan «Xalqaro miqyosdagi buyuk davlat arbobi» mukofoti bilan taqdirlandi. Bu mukofot Amerika xalqining O’zbekiston xalqiga hurmat-e’tiborining timsolidir. Shunday qilib, O’zbekiston va AQSh o’rtasidagi o’zaro manfaatli hamkorlik tobora o’sib bordi va mustahkamlandi. Bugungi kunda O’zbekiston va AQSh strategik hamkor va sherik mamlakatlardir. O’zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvida Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o’zaro manfaatli aloqalarni yo’lga qo’yish va tobora chuqurlashtirish alohida o’rin tutadi. 1996 yil 21 iyunda Florentsiya shahrida imzolangan O’zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o’rtasidagi «Sheriklik va hamkorlik O’zbekistonning Evropa mamlakatlari bilan hamkorligi to’g’risidagi bitim», uning 1999 yil 1 iyulda kuchga kirishi mamlakatimizning Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o’zaro munosabatlarining huquqiy negiziga aylandi. O’zbekistonning Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar aloqalari yildan-yilga rivojlanib, chuqurlashib bormoqda. Respublikamizda Evropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning 145 firma va kompaniyasi vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi. Evropalik sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilgan 491 ta korxona ishlayapti, ulardan 111 tasi yuz foizlik Evropa kapitaliga ega. 1995-2002 yillarda Evropa Ittifoqi mamlakatlarining firma va kompaniyalari respublikamizda umumiy qiymati qariyb 8 mlrd. AQSh dollarlik yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda qatnashdi. 2002 yilda O’zbekistonning Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan mahsulot ayirboshlash hajmi 1 mlrd. 65,8 mln. AQSh dollarini, 2003 yil yanvar-oktyabr oylari yakunlari bo’yicha esa 910,6 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekistonning Evropa Ittifoqining a’zosi, ulkan iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatga ega bo’lgan Germaniya bilan o’zaro manfaatli aloqalari kengayib bormoqda. O’zbekiston Prezidenti I.Karimovning Germaniyaga 1993 yil 28 aprel kuni boshlan gan va besh kun davom etgan rasmiy tashrifi O’zbekiston bilan Germaniya o’rtasida munosabatlarni yo’lga qo’yishda muhim ahamiyatga egadir. I.Karimov GFR Federal prezidenti Rixard fon Vayzenker va Federal kantsler Gelmut Kol bilan samimiy, o’zaro tenglik asosida, ishonch va qatiyat bilan suhbatlashdi. Ikki davlat o’rtasida madaniy hamkorlik to’g’risida, sarmoyalar qo’yishni amalga oshirish va o’zaro himoya qilishga ko’maklashish to’g’risida, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar fondini tashkil etish to’g’risida bitimlar imzolandi. "Doyche bank", "Mersedes-Bents" va "Simens" kompaniyalarining rahbarlari bilan uchrashuvlar bo’ldi, ular bilan hamkorlik qilish haqida kelishib olindi. Safar natijalariga ko’ra O’zbek-Germaniya hamkorligi masalalari bo’yicha hukumatlararo komissiya tuzildi. Toshkentda ikki-tomonlama savdo-iqtisodiy palata tashkil etildi, GFRning elchixonasi ochildi. 1994 yil 1 sentyabrda GFR poytaxti Bonnda O’zbekiston Respublikasining Evropada birinchi elchixonasi ochildi. Hozirgi paytda elchixona Germaniyaning yangi poytaxti Berlin shahrida faoliyat yuritmoqda. "Toshkent- Frankfurt" havo yo’li ochildi, O’zbekistonda "Doyche-bank"ning bo’limi faoliyat ko’rsatmoqda. Germaniyaning “Geydelber” firmasi O’zbekistonda nashriyot-matbaa sohasida hamkorlik qilayotgan yirik kompaniyadir. “Geydelber” firmasi asbob-uskunalari bilan Yangiyo’l kitob fabrikasi, Toshkent va Nukus poligrafiya kombinatlari, Samarqanddagi “Tong” nashriyoti qayta jihozlandi. O’zbekistondagi “Rastr” va “Groteks” nashriyotlari “Geydelber” firmasi texnologiyasi asosida ishlamoqda. Natijada maktablar uchun darslik, o’quv qo’llanmalari va boshqa turdagi nashriyot mahsulotlari ishlab chiqarish ancha yaxshilandi. 2001 yilda O’zbekiston-Germaniya-Rossiya hamkorligidagi “Namangan qog’oz” qo’shma korxonasi qurilib ishga tushirildi.
O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning 2001 yil 2-5 aprel kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga, Germaniya Federal kantsleri Gerxard Shrederning 2002 yil 9-10 may kunlari O’zbekistonga qilgan rasmiy safarlari O’zbekiston-Germaniya o’rtasidagi o’zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko’tardi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari va rasmiy doirlari o’rtasida aloqalar kengayib bormoqda. 1997 yilda O’zbekistonda 55 ta Germaniya kompaniyasining vakolatxonalari faoliyat yuritgan bo’lsa, 2001 yilda bu ko’rsatkich 80 taga etdi. Ularning eng yiriklari «Xobas TAPO», «Xiva Karpet» va boshqalardir. 2003 yilda Germaniyalik sarmoyadorlar ishtirokida engil sanoat, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika sanoati, transport va boshqa sohalarda tashkil etilgan 138 ta korxona faoliyat ko’rsatdi, ulardan 40 tasi yuz foizlik Germaniya kapitaliga ega. o’zbekistonga kiritlayotgan Germaniya sarmoyalari hajmi 2001 yildayoq 1 mlrd. AQSh dollaridan oshdi. Ikki mamlakat o’rtasidagi savdo aylanmasi 2001 yilda 283,3 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Germaniya Federativ Respublikasi O’zbekistonning Evropadagi eng yirik iqtisodiy hamkoridir. O’zbekiston bilan Frantsiya o’rtasida munosabatlarni o’rnatish va rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. 1993 yil 28-30 oktyabr kunlari O’zbekiston delegatsiyasining Frantsiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat o’rtasidagi hamkorlikka asos soldi. Prezident I.Karimov Frantsiya Prezidenta F.Mitteran, Frantsiyaning boshqa rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari bilan do’stona suhbat va samarali muzokaralar yuritdi. F.Mitteran qabul marosimida nutq so’zlab: "Hozirgi siyosiy vaziyatda Markaziy Osiyoda etakchi o’rinni egallab turgan mustaqil O’zbekiston Sharq bilan Fapb o’rtasida ishonchli ko’prik bo’lishi mumkin. Ko’p asrlik tarix, teran an’analarga ega bo’lgan, insoniyatning faxriga aylangan allomalarni etkazib bergan O’zbekiston doimo frantsuzlarning dikqatini tortib kelgan. Bu tashrifdan keyin shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatingiz biz uchun yanada yaqin bo’lib qoldi", deb ta’kidlagandi. Bu Vatanimiz to’g’risida, uning shonshuhratini ulug’lovchi xolisona, oliyjanoblik bilan berilgan bahodir. Safar natijasida Parijda «O’zbekiston Respublikasi va Frantsiya Respublikasi o’rtasida do’stlik va hamkorlik to’g’risida shartnoma», madaniyat, ilmiytexnikaviy va maorif sohasida hamkorlik qilish to’g’risida bitim, sarmoyalarni o’zaro rag’batlantirish va himoyalash to’g’risida bitim imzolandi.
Mamlakatimiz rahbarining Parij Xartiyasini imzolashi respublikamizda demokratiyaning yanada rivojlanishi, shuningdek, O’zbekistonning Evropa va boshqa taraqqiy etgan mamlakatlar bilan yanada yaqinlashuvi uchun muhim ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekiston Milliy banki bilan Frantsiyadagi yirik "Kredit Kommersial de Frans" banki o’rtasida muddaolar haqida bitim imzolandi, unda Buxoroda neftni qayta ishlash zavodi qurish loyihasini pul bilan ta’minlash ko’zda tutildi. Taniqli "Elf-akiten" neftkimyo kontserni, "Texnip" firmasi va boshqa kompaniyalar bilan Buxoroda neftni qayta ishlash zavodi qurishga kelishildi. Frantsiya va O’zbekiston o’rtasida savdo-sotiq hisobkitoblarini ta’minlab turgan "Kredi kommersila de Frans" banki zavod qurilishini ham mablag’ bilan ta’minladi. O’zbekiston bu bankka mablag’ qo’ydi, u hamkorlik uchun kafolat bo’lib turibdi. 1994 yil 25-27 aprel kunlari Frantsiya Prezidenti F.Mitteranning O’zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi chog’ida imzolangan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o’rtasidagi hamkorlik to’g’risida, O’zbekiston va Fransiya o’rtasida fuqarolarning erkin harakati haqidagi bitimlar, shuningdek havo transporti sohasida hamkorlik to’g’risidagi deklaratsiyalar imzolandi. O’zbekiston bilan Fransiya o’rtasida iqtisodiy, ilmiy, madaniy, aloqalar kengayib bormoqda. Qishlok xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, ozik-ovqat, neft va gaz sanoati, qurilish va boshqa sohalarda hamkorlik qilinmoqda. O’zbekiston xalqaro ishlarda katta tajriba va nufuzga ega bo’lgan Buyuk Britaniya bilan ham hamkorlik qilmoqda. 1993 yil 22-25 noyabr kunlari O’zbekiston Prezidenti I.Karimov boshliq respublikamiz delegatsiyasining rasmiy amaliy tashrif bilan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligida bo’lishi ikki mamlakat o’rtasidagi hamkorlik tarixida buyuk voqea bo’ldi. Mamlakatimiz rahbarining qirolicha Elizaveta II, Bosh vazir J.Meyjor bilan samimiy, ochiq o’zaro manfaatli suhbatlari, muzokaralari bo’lib o’tdi. Safar samarali bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi bilan Buyuk Britaniya qirolligi o’rtasida o’zaro iqtisodiy aloqalar to’g’risida shartnoma, sarmoyadorni o’zaro rag’batlantirish va himoyalash to’g’risida bitim, havo yo’llarini ochish to’g’risida bitim, ikki mamlakat hududida fuqarolarning erkin yurishi haqida memorandum imzolandi. "Toshkent-London" havo yo’lida samolyot qatnovining yo’lga qo’yilishi aloqalarni yaxshilashda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1996 yilning boshlarida O’zbekistonda Britaniya Kengashi bo’limining ish boshlashi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytarish yo’lidagi yangi qadam bo’ldi. O’zbekistonning Finlyandiya, Avstriya, Belgiya, Shveytsariya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Polsha, Vengriya, Chexiya, Slovakiya, Xorvatiya, Bolgariya kabi Evropa mamlakatlari bilan siyosiy, diplomatik, iqtisodiy va madaniy aloqalari o’rnatildi va kengayib bormoqda. Shveytsariyaning Altendorf shahrida O’zbekiston Savdo uyining ochilishi muhim voqea bo’ldi. Bu maskan bugungi kunda savdo uyigina bo’lib qolmay, O’zbekistonning Evropa va jahonda biznes va savdo markazi hisoblanadigan mamlakat-Shveytsariyadagi vakolatxonasiga ham aylandi. O’zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o’rtasida aloqalarning yo’lga qo’yilishi mamlakatimizning Evropa mamlakatlari bilan hamkorligini yangi bosqichga ko’tardi. 1996 yilda Evropa Ittifoqi Kengashi bilan O’zbekiston o’rtasida sheriklik va hamkorlik bitimi imzolandi. Bitim tufayli O’zbekiston Evropa Ittifoqi va unga a’zo bo’lgan 15 davlat bilan siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, investitsiya, moliya, bojxona, ilm-fan, madaniyat, tibbiyot, telekommunikatsiya, transport va boshqa sohalarda sheriklik va hamkorlik munosabatlari o’rnatdi. O’zbekiston Oliy Majlisi bilan Evroparlament o’rtasida ham aloqalar o’rnatildi. Bu aloqalar O’zbekiston parlamenti bilan Evroparlament o’rtasida 1998 yilda tuzilgan hamkorlik qo’mitasi darajasida kengayib bormoqda. O’zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o’rtasida imzolangan sheriklar va hamkorlik to’g’risidagi bitim bunga aloqador davlatlar parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilindi.
O’zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy omillar hal qiluvchi rol o’ynaydi. Xorijiy mamlakatlardan respublikaga ilg’or texnologiyalar, sarmoyalar kirib kelishi, ko’plab qo’shma korxonalarning qurilishi oqilona tashqi siyosatning natijasidir. 2003 yilda respublikamizda xorijiy sarmoya ishtirokida barpo etilgan 2087 ta qo’shma korxona jahondagi 80 mamlakatdan kelgan sheriklari bilan birgalikda faoliyat ko’rsatdi. Ular 386,7 mlrd. so’m hajmida iste’mol mollari, eksport uchun sifatli tovarlar ishlab chiqardi, aholiga xizmat ko’rsatdi. Jahondagi 80 dan ortik xorijiy bank bilan o’zaro munosabatlar o’rnatilgan. Mustaqillik yillarida O’zbekistonga kiritilgan chet el investitsiyalari 14 mlrd. AQSh dollaridan oshdi. Bir yilda taxminan 1 mlrd. AQSh dollari o’zlashtirilmoqda. O’zbekiston jahondagi 140 mamlakat bilan savdo-sotiq qilmoqda. Har yilgi tovar ayirboshlash hajmi 6-8 mlrd. AQSh dollarini tashkil etmoqda. Ilg’or mamlakatlar kadrlar tayyorlashda, bank sohasida va boshqaruvda, axborot tarmoqlarini yo’lga qo’yishda, etakchi birjalar bilan aloqalar o’rnatishda, qonunchilik tajribasini o’rganishda respublikamizga ko’maklashmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, O’zbekistonda tarixiy jihatdan qisqa bir davrda xalqaro munosabatlarni yo’lga qo’yish va rivojlantirish bobida asrlarga arziydigan ishlar amalgam oshirildi. O’zbekiston o’zining tinchliksevar, yaxshi qo’shnichilik, o’zaro foydali hamkorlikka qaratilgan siyosati va faoliyati bilan butun dunyoga tanildi, jahon hamjamiyatida o’zining munosib o’rnini egalladi, uning mavqei yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.
Dostları ilə paylaş: |