O’zbekistonning Osiyo mamlakatlari bilan o’zaro manfaatli aloqalari
O’zbekiston Respublikasi birinchi navbatda Yaqin va O’rta Sharq hamda arab mamlakatlari bilan davlatlararo munosabatlar o’rnatish va rivojlantirishga kirishdi. Negaki, O’zbekistonning ruhi, dini, urf-odatlari va an’analari Osiyodagi mamlakatlarga yaqindir. 1991 yil 16-19 dekabr kunlari I.Karimov boshliq O’zbekiston davlat delegatsiyasi mamlakatimiz mustaqilligini birinchi bo’lib tan olgan mamlakat - Turkiyada bo’ldi. Turkiya Prezidenti Turg’ut O’zol, Bosh vazir Sulaymon Demirel va boshqa rahbarl ar, ishbilarmonlar bilan amaliy uchrashuvlar, suhbatlar bo’lib o’tdi. Safar chog’ida O’zbekiston Respublikasi bilan Turkiya jumhuriyati o’rtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari va maqsadlari to’g’risida shartnoma, konsullik vakolatxonalarini ayirboshlash to’g’risida Protokol, iqtisodiy va savdo sohasidagi hamkorlik to’g’risida bitim, madaniyat, fan, ta’lim, sog’liqni saqlash, sport va turizm sohasidagi o’zaro hamkorlik to’g’risida bitim, transport va kommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlik to’g’risida bitim, axborot ayirboshlash, televidenie va radio eshittirish bo’yicha hamkorlik qilish haqida protoqollar va boshqa hujjatlar imzolandi. O’zbekiston bilan Turkiya o’rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda ancha kengaydi. 1992 yil 28 aprel kuni O’zbekistonda Turkiya elchixonasi, Turkiyada O’zbekiston elchixonasi ochildi va faoliyat ko’rsatmoqda. Hamkorlikning yanada chuqurlashtirishda Turkiya davlati rahbarlari-Turg’ut O’zol, Sulaymon Demirel, Tansu Chiller, Mesut Yilmazar Ahmet Sezerlarning O’zbekistonga rasmiy tashriflari chog’ida imzolangan hujjatlar katta ahamiyatga ega bo’ldi. Ikki davlat o’rtasidagi hamkorlik gazlama va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, qo’shma korxonalar qurish, kadrlar tayyorlash, turizmni rivojlantirish va boshqa sohalarda amaliy natijalar bermoqda. O’zbekistonda Turkiya sarmoyadorlari ishtirokida 200 dan ortiqroq qo’shma korxonalar barpo etildi. 1996 yil iyun oyida O’zbekiston avtomobilsozlik korxonalari assotsiatsiyasi – “O’zavtosanoat” Turkiyaning “KochXolding” kontserni bilan Samarqand shahrida “SamKochavto” o’zbek-turk qo’shma korxonasini barpo etish to’g’risida shartnoma tuzdilar. Tez orada bu qo’shma korxona bunyod etildi va sig’imi o’rtacha avtobuslar hamda 8 tonnagacha yuk ko’taradigan yuk avtomobillar yig’ish yo’lga qo’yildi. Ikki mamlakat o’rtasidagi o’zaro tovar ayirboshlash hajmi 1992 yilda 75 mln. AQSh dollarini tashkil etgan bo’lsa, 1998 yilda 275 mln. AQSh dollariga ko’paydi. 1992 yil 27-28 iyun kunlari Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharifning O’zbekistonga rasmiy davlat tashrifi ikki davlat o’rtasidagi aloqalarga asos soldi. Safar kunlarida «O’zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o’rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik printsiplari to’g’risida» shartnoma, iqtisodiy va savdo hamkorligi to’g’risida, madaniyat, sog’liqni saqlash, fan, texnika, kadrlar tayyorlash, turizm sport va ommaviy axborot sohasida hamkorlik qilish to’g’risida bitimlar imzolandi. O’zbekiston va Pokiston o’rtasidagi hamkorlikni O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 1992 yil 13-14 avgust kunlari Pokistonga rasmiy tashrifi va unda imzolangan hujjatlar yanada yangi pog’onaga ko’tardi. Ikki davlat o’rtasida suv resurslari, elektrlashtirish, irrigatsiya va melioratsiya sohasida hamkorlik qilish to’g’risida, pochta va telekommunikatsiya sohasida, davlat banklari va milliy banklar o’rtasida vakolatxonalar ayirboshlash to’g’risida, investitsiyalar va sarmoyalarni himoya qilish to’g’risida bitimlar imzolandi. Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Benazir Bxutto 1995 yil may va noyabr oylarida O’zbekistonga ikki marta tashrif buyurdi. Ikki davlat o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va Markaziy Osiyo xavfsizligi, Afg’onistonda birodarkushlik urushini to’xtatish masalalari bo’yicha fikr almashildi. Iqtisodiyot, sog’liqni saqlash, fan, texnika, sayyohlikni rivojlantirish haqida bitimlar imzolandi. O’zbekistonda Pokiston sarmoyalari ishtirokida 120 qo’shma korxona tuzilgan. Tabani, Merkuriy, Metro, Laksan Taraka kabi 19 ta yirik firma va komnaniyalar faoliyat ko’rsatmoqdalar. 1994 yilda O’zbekiston va Pokiston o’rtasida tovar ayirboshlash hajmi 4,3 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston Pokistonga charm xomashyosi, pilla, shoyi matolar, shisha, billur, engil sanoat uchun mashina va uskunalar eksport qilmoqda. Pokistondan esa xalq iste’moli mollari, xususan, tayyor kiyimlar, poyafzal, charm buyumlar, kakao va shakar keltirilmoqda. 1992 yil 24-25 noyabr kunlari respublikamiz Prezidenti I.Karimovning Eron Islom Jumhuriyatiga rasmiy davlat tashrifi O’zbekiston va Eron o’rtasida davlatlararo aloqalarga asos soldi. Safar chog’ida «O’zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Jumhuriyati o’rtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari to’g’risida» Deklaratsiya, xavo transporti sohasidagi hamjihatlik to’g’risida memorandum, iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohasidagi hamjihatlik to’g’risida memorandum, pochta, telefon va telegraf sohasidagi hamjixatlik to’g’risida memorandum, davlat Markaziy banklari o’rtasida bitim imzolandi. 1993 yil 18 oktyabrda Eron Prezidenti Ali Akbar Hoshimiy Rafsanjoniyning O’zbekistonga rasmiy tashrifi bilan kelishi ikki mamlakat o’rtasidagi aloqalarni yanada kengayishiga ko’maklashdi. Safar chog’ida tranzit aloqalarni tartibga solish to’g’risida hamda xalqaro avtomobil qatnovi to’g’risida bitimlar imzolandi. O’zbekiston bilan Eron o’rtasidagi o’zaro aloqalar transport sohasida keng rivojlandi. 1996 yilda O’zbekiston Eron hududi orqali 34 ming tonna yuk tashigan bo’lsa, 2001 yili bu ko’rsatkich 487 ming tonnani tashkil etdi. 2001 yili O’zbekiston hududi orqali Eronning 750 ming tonna tranzit yuki olib o’tildi. O’zbekiston yuklari asosan Eronning Bander Abbos va Chobahor portlari orqali Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasiga chiqarilmoqda. 2002 yil boshlarigacha Eron tadbirkorlari sarmoyalari ishtirokida mamlakatimizda 50 ga yaqin O’zbekiston-Eron qo’shma korxonasi barpo etildi va ular asosan ishlab chiqarish bilan shug’ullanmoqda. 2002 yil 26 aprel kuni Eron Prezidenti Sayyid Muhammad Hotamiyning O’zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi paytida O’zbekiston va Eron o’rtasida imzolangan ikki tomonlama soliqqa tortilishga yo’l qo’ymaslik, daromad va sarmoya soliqlariga taaluqli ma’lumotlarni almashish, transport vositalari haydovchilari uchun viza masalalarini engillashtirish, O’zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlar palatasi bilan Eronning savdo, sanoat va tog’-kon sanoati palatasi o’rtasida hamkorlik to’g’risida hujjatlar ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini yanada boyitdi. O’zbekiston Prezidenti I.Karimov boshliq davlat delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Saudiya Arabistoni, Misrda bo’ldi va ular bilan davlatlararo munosabatlarning asoslari to’g’risida shartnomalar, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bitimlari imzolandi. Saudiya Arabistoni, Misr davlat va hukumat vakillarining O’zbekistonga rasmiy safari paytida imzolangan hujjatlar esa davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. O’zbekistonlik yoshlar Kohira universitetida, "Al- Azhor" va "Ayn Shams" universitetlarida, .Misrliklar Toshkent texnika va agrar universitetlarida tahsil ko’rmoqdalar. Toshkentda Misr Respublikasining fan va ta’lim markazi faol ishlab turibdi. 1992 yilda O’zbekiston Pokiston, Eron va Turkiya tomonidan tuzilgan iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO)ga a’zo bo’lib kirdi. O’zbekistonning yirik mamlakat - Hindiston bilan aloqalari kengayib bormoqda. 1993 yil 23-25 may kunlari Hindiston Bosh vaziri Narasimxa Rao davlat tashrifi bilan O’zbekistonda bo’ldi. Safar kunlarida «O’zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o’rtasida davlatlararo munosaboatlar va hamkorlik printsiplari to’g’risida» shartnoma, foyda va mulkka ikki yoqlama soliq solmaslik to’g’risida, havo yo’llari to’g’risida va savdo-iqtisodiy hamkorlik to’g’risida bitimlar imzolandi. O’zbekiston Prezidenti I.Karimovning 1993 yil 17-19 avgust kunlari Hindistonga rasmiy tashrifi chog’ida ikki mamlakat o’rtasida iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to’g’risida bitim, madaniyat, sog’liqni saqlash, fan, texnika, turizm, sport va ommaviy axborot sohasida hamkorlik qilish to’g’risida bitim imzolandi. O’zbekiston bilan Hindiston o’rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. 1995 yil 25 avgust kuni Toshkent shahrida Hindistonning «TATA Projekte LTD» firmasi tomonidan qurib bitkazilgan 600 o’rinli salomatlik zali, majlislar xonasi, servis xizmati, er osti garaji, sauna, barlari, katta restoranlari bo’lgan zamonaviy mehmonxonaning ochilishi fikrimizning dalilidir. Ikki davlat o’rtasidagi hamkorlik munosabatlarini Islom Karimovning 2000 yil 1-3 may kunlari Hindistonga kilgan safari yanada yuqori pog’onaga ko’tardi. Safar paytida O’zbekiston Prezidenti Hindiston Prezidenti va Bosh vaziri bilan muzokaralar olib borib, uning yakunida 10 ga yaqin hujjatlar imzolandi. Ular orasida xalqaro jinoyatchilik, terrorchilik, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog’ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashga qaratilgan O’zbekiston bilan Hindiston o’rtasida hamkorlik
to’g’risida Qo’shma bayonot, jinoyat-qidiruv ishlarida huquqiy yordam va ekstraditsiya to’g’risidagi shartnoma muhim ahamiyatga ega. Shuningdek iqtisodiy, madaniy, ta’lim, axborot, bojxona sohalari bo’yicha hamkorlik qilish bo’yicha hujjatlar imzolandi. O’zbekiston va Hindiston o’rtasida o’zaro manfaatli aloqalarga xizmat qiluvchi 40 ga yaqin hujjatlar qabul qilingan. O’zbekistonda 2000 yilda Hindiston bilan hamkorlikda tashkil etilgan 30 ga yaqin qo’shma korxona faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy yo’nalishlaridan biri Sharq va Tinch okeani havzasi
mamlakatlari bilan aloqalar o’rnatish va rivojlantirishga qaratilgan. Bu mamlakatlar orasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan davlatlararo aloqa o’rnatish alohida ahamiyatga ega. O’zbekiston davlat mustaqilligini qo’lga kiritgan dastlabki paytlardayoq O’zbekiston va Xitoy o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatildi. 1992 yil 2-3 yanvar kunlari XXR tashqi iqtisodiy aloqa va tashqi savdo vaziri Li Lanzin Toshkentda bo’ldi, shu kunlari ikki mamlakat o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatildi, elchixonalar ochishga qaror qilindi. 1992 yil 12-14 mart kunlari O’zbekiston Prezidenti I.Karimovning XXR ga davlat tashrifi ikki davlat o’rtasidagi hamkorlikka asos soldi. Safar chog’ida hamkorlikning turli sohalari bo’yicha 20 ga yaqin hujjatlar imzolandi. Ular orasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik to’g’risida, qishloq xo’jaligida hamkorlik to’g’risida, sarmoyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish to’g’risida bitimlar bor edi. 1994 yil 18-20 aprel kunlari XXR davlat Kengashining raisi Li Penning O’zbekistonga davlat tashrifi paytida O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasida kredit, xalqaro iqtisodiy hamkorlik, havo transporti aloqalarini yo’lga qo’yish bo’yicha hukumatlararo bitimlar imzolandi. Xitoy tomoni O’zbekistonda tayyorlanayotgan IL-76 TD va IL-114 samolyotlarini xarid qiladigan bo’ldi. 1994 yil 24-25 oktyabr kunlari O’zbekiston Prezidenti Xitoyga ikkinchi marta safar qildi va muhim ahamiyatga molik bo’lgan hujjat- «O’zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o’rtasida o’zaro munosabatlarning asosiy printsiplari, o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish to’g’risida bayonnoma" imzolandi. Shuningdek, ikki davlat o’rtasida konsullik shartnomasi imzolandi. Islom Karimovning 1999 yil 8-10 noyabr kunlari XXRga uchinchi marta safari chog’ida siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, telekommunikatsiya sohalarida hujjatlar imzolandi. Ikki tomonlama aloqalar yanada kengaydi. O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan 78 ta O’zbekiston-Xitoy qo’shma korxonasi ikki mamlakat o’rtasida hamkorlikning rivojlanib borayotganining dalilidir. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Tszintao davlat tashrifi bilan 2004 yil 14 iyun kuni O’zbekistonga keldi. Ikki davlat boshliqlari uchrashuvida O’zbekiston-Xitoy munosabatlariga doir masalalar muhokama qilindi. 2004 yil yanvar-aprel oylarida o’zaro savdo hajmi 134 mln. AQSh dollariga etganligi, umumiy qiymati 100 mln. AQSh dollariga teng ikki tomonlama loyihalar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Ikki mamlakat to’qimachilik, qishloq xo’jaligi, mashinasozlik, kimyo, kommunikatsiya sohalarida hamkorlik aloqalarini o’rnatgan. Muzokaralar yakunida O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasida sheriklik munosabatlari, do’stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash to’g’risida Qo’shma deklaratsiya imzolandi. Ikki mamlakat hukumatlari o’rtasida narkotik vositalarining, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi va O’zbekiston va Xitoy aloqalari
suiste’mol etilishiga qarshi kurashda hamkorlik qilishga, texnikaviy-iqtisodiy hamkorlikka oid, Toshkentda Konfutsiy nomidagi institutni tashkil etish bo’yicha hamkorlik to’g’risidagi bitimlar jami 10 ta hujjat imzolandi. Xitoy rahbari ta’kidlaganidek, o’zaro ishonch va hurmat, ikki tomonlama manfaatdorlikka tayangan O’zbekiston-Xitoy munosabatlari xalqlarimiznig umumiy mulkidir.
1992 yil mart oyida O’zbekiston va Janubiy Koreya o’rtasida diplomatik aloqa o’rnatiladi. 1992 yil 19 iyunda O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov Janubiy Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan bordi. Bu safar ikki mamlakat o’rtasidagi iqtisodiy, savdo, madaniy-texnikaviy aloqalarga asos soldi. «O’zbekiston bilan Janubiy Koreya o’rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik asoslari to’g’risida» Deklaratsiya imzolandi. Savdo-iqtisodiy ayirboshlash haqida, O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga mablag’ sarflaydigan Janubiy Koreya ishbilarmonlariga beriladigan kafolatlar haqida bitimlar tuzildi. Madaniyat, maorif, ommaviy axborot, sayohat, sport sohalarida bahamjihat hamkorlik qilishning o’zoq muddatga mo’ljallangan rejalari belgilab olindi. Janubiy Koreyadagi DEU Korporatsiyasi rahbariyati bilan Asakada avtomobil zavodi qurishga kelishildi. 1992-1996 yillarda "O’zDEUavto" O’zbekiston-Janubiy Koreya qo’shma avtomobil zavodini loyihalashtirish, qurish ishlari amalga oshirildi. Zavod 1996 yil 25 mart kuni avtomobillar ishlab chiqarishni boshlab yubordi. O’zbekiston bilan Koreyaning “Kobul Tekstayl” kompaniyasi o’rtasidagi hamkorlik yildan yilga chuqurlashib bormoqda. Mazkur kompaniya O’zbekistonga 250 mln. AQSh dollari hajmida sarmoya kiritdi va o’zlashtirildi. “Kobul Tekstayl” ishtirokida Toshkent, To’ytepa va boshqa shaharlarda qo’shma korxonalar barpo etildi va xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shunday qilib, O’zbekistonning Koreya Respublikasi bilan hamkorligi kengayib bormoqda. 1999 yilga qadar O’zbekistonga Koreyadan 1,2 mlrd. AQSh dollari hajmida sarmoya kirib keldi va o’zlashtirildi. O’zbekistonda 70 dan ortiq Koreya hamkorligida barpo etilgan qo’shma korxonalar faoliyat ko’rsatmoqda. Ikki mamlakat o’rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1997 yildayoq 1 mlrd. AQSh dollaridan oshdi. O’zbekiston Sharqning eng rivojlangan mamlakati – Yaponiya bilan ham hamkorlik qilmoqda. Yaponiya 1991 yildayoq O’zbekiston mustaqilligini tan oldi, 1992 yilda o’zaro diplomatik aloqalar o’rnatildi. 1994 yil 16-19 may kunlari O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov boshliq davlat delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo’ldi. Safar paytida «O’zbekiston bilan Yaponiya o’rtasida munosabatlarning asosiy printsinlari haqida» qo’shma bayonot, O’zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi O’zbekiston va Yaponiya aloqalari tashqi ishlar bo’yicha munosabatlar haqida hujjat imzolandi. O’zbekiston delegatsiyasi mashhur Panasonik kontsernida bo’ldi va uning rahbariyati bilan O’zbekistonda filial ochishga kelishildi. Respublikamiz shaharlarida Panasonik mahsulotlarini sotish yo’lga qo’yildi. Yaponiya O’zbekistonga 100 mln. AQSh dollari hajmida beg’araz yordam berdi. O’zbekistonda Yaponiyaning dunyoga mashhur «Mitsui», «Mitsubisi», «Sumitoto», «Tomen», «Marubeni», «Nishe Ivai» korporatsiyalarining doimiy vakolatxonalari faoliyat ko’rsatmoqda. Ular bilan O’zbekiston tashqi iqtisodiy vazirligi o’rtasida hamkorlik to’g’risida bitimlar imzolangan. Yaponiya hukumati, o’nlab firma va kompaniyalar Ko’kdumaloq, Sho’rtan neft-gaz konini o’zlashtirishda, Buxoroda neftni qayta ishlash zavodini qurishda, Farg’ona neftni qayta ishlash zavodini ta’mirlashda, telealoqa tarmoqlarini ta’mirlashda o’z sarmoyalari bilan qatnashdi. O’zbekiston Yaponiya bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor berayotganligi sababli 1999 yil aprel, 2001 yil may oylarida Yaponiyaning “Keydzay Doyukay” korporativ rahbarlar uyushmasining Prezidenti Koichi Minaguchi boshchiligidagi delegatsiya O’zbekistonga tashrif buyurdi. “Keydzay Doyukay” uyushmasi tashabbusi bilan Yaponiya O’zbekistonga imtiyozli kreditlar ajratmoqda. Yaponiya hukumatining «Taraqqiyotga rasmiy yordam» dasturi doirasida O’zbekistonda telekommunikatsiya, transport infratuzilmasi va ta’lim sohalaridagi loyihalar ijrosi uchun 560 mln. AQSh dollari miqdorida imtiyozli davlat krediti berildi. Yaponiya xalqaro hamkorlik banki esa yoqilg’i-energetika va to’qimachilik sohalari uchun O’zbekistonga 720 mln. AQSh dollari miqdorida kredit berdi. O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2002 yil 28-31 iyul kunlari Yaponiya hukumatining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo’ldi. Yaponiya bosh vaziri Dzunitiro Koidzumi va imperator Akixito bilan samimiy uchrashuvlar, suhbatlar bo’lib o’tdi. Tashrif natijasida O’zbekiston Respublikasi va Yaponiya o’rtasida:
do’stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to’risida Qo’shma Bayonot;
iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va O’zbekistondagi islohotlarni qo’llabquvvatlash to’g’risida Qo’shma Bayonot»;
ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari hamkorligi, O’zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining «Mitsubisi», «Mitsui», «Marubeni», «Nishe Ivai» korporatsiyalari bilan hamkorligi, O’zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat banki bilan «Bank of Tokyo-Mytsubisi» o’rtasida imtiyozli kredit borasidagi va boshqa jami 14 ta hujjat imzolandi.
Safar natijasida O’zbekiston bilan Yaponiya o’rtasidagi hamkorlik yangi, strategik bosqichga ko’tarildi. 1995-2002 yillarda Yaponiyaning O’zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan kreditlari miqdori 1,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. O’zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan yilga oshib bormoqda.
O’zbekistonda 10 dan ortiq O’zbekiston-Yaponiya qo’shma korxonalari barpo etildi va faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekistonning Tinch okean havzasi mamlakatlari - Malayziya va Indoneziya bilan davlatlararo aloqalari o’rnatildi. Bu borada O’zbekiston Prezidenti I.Karimov boshliq davlat delegatsiyasining 1992 yil iyun oyidagi Malayziya va Indoneziyaga safari muhim ahamiyatga egadir. Safar kunlarida O’zbekiston va Malayziya o’rtasida iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik to’g’risida bitimlar imzolandi. Shuningdek, O’zbekiston va Indoneziya o’rtasida diplomatak aloqalar o’rnatash bo’yicha qo’shma axborot, ikki tomonlama munosabatlar bo’yicha qo’shma bayonot, iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik to’g’risida bitim imzolandi. 1995 yil 8-10 aprel kunlari Indoneziya Respublikasi Prezidenti Suxarto rasmiy tashrif bilan O’zbekistonda bo’ldi. Muzokaralar nihoyasida O’zbekiston Prezidenti I.Karimov va Indoneziya Prezidenti Suxarto O’zbekiston Respublikasi bilan Indoneziya Respublikasi o’rtasidagi munosabatlar va hamkorlik tamoyillari to’g’risida qo’shma bayonnoma imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari o’rtasidagi sayyohlik sohasidagi hamkorlik haqidagi memorandum hamda ikki mamlakat poy taxtlari oralig’ida samolyotlar qatnovini yo’lga qo’yish to’g’risidagi hukumatlararo bitim imzolandi.
O’zbekistonning Osiyo va Okeaniya mintaqasidagi V’etnam Sotsialistik Respublikasi, Kambodja, Tailand, Avstraliya va boshqa mamlakatlar bilan siyosiydiplomatik aloqalari yo’lga qo’yildi, iqtisodiy va madaniy hamkorligi rivojlanib bormoqda.
Dostları ilə paylaş: |