1. O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi
O’zbekiston va jahon hamjamiyati. O’zbekistonning Osiyo mamlakatlari bilan o’zaro manfaatli aloqalari. O’zbekistonning AQSh va Yevropa mamlakatlari bilan hamkorligi
Reja:
1. O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi. O‘zbekiston Respublikasining BMTga a’zo bo‘lishi va jahon hamjamiyatidagi o‘ziga xos o‘rni.
2. O‘zbekistonning MDHdagi o‘rni va mavqeining oshib borishi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan istiqbolli hamkorliklari. Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi. O‘zbekiston tashqi siyosatida Rossiya, AQSh, Xitoy mamlakatlarining o‘rni. O‘zbekistonning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida olib borgan siyosati.
3. Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari, terrorizm, giyohvandlik va odam savdosiga qarshi kurashda O‘zbekiston Respublikasining faolligi. O‘zbekistonning ShHT bilan aloqalari. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari bilan yangi strategik sherikchilik shartnomalarining imzolanishi.
4. O‘zbekiston Respublikasining faol tashqi siyosatining yangi bosqichi. O‘zbekistonning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida olib borgan siyosati. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar.
Tayanch tushunchalar: BMT, Xalqaro telekommunikatsiya uyushmasi, Xalqaro taraqqiyot assotsiyatsiyasi, Qochoqlar ishi bo‘yicha oliy qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti, Xalqaro atom energiyasi agentligi, Aholi joylashish jamg‘armasi, Narkotik moddalarni nazorat qilish dasturi, Sanoat taraqiyoti tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ), BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeEK), Savdo va rivojlanish bo‘yicha BMT konferensiyasi (YuNKTAD), Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (VOIS), Xalqaro Mehnat tashkiloti (MOT), Butunjahon Savdo tashkiloti (VTO), BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP), OITS bilan kurashish bo‘yicha BMT dasturi, Parlamentlararo ittifoq.
1. O‘zbekistonning jamiyatni demokratlashtirish hamda iqtisodiyotni liberallashtirish, o‘z fuqarolari uchun yuksak darajadagi turmush sharoitlarini yaratish va ularning farovonligini oshirish yo‘lidagi qadamlari jahon miqyosida yuqori bahoga sazovor bo‘lmoqda. Ko‘pgina xalqaro institutlar hamda tadqiqot tashkilotlarining reyting ma’lumotlari ana shundan dalolat beradi. Ular e’lon qilayotgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz borgan sayin yuqori o‘rinlarga ko‘tarilmoqdaki, bu dillarimizda faxr va daxldorlik tuyg‘ularini uyg‘otmasligi mumkin emas.
1992 yil 2 martda jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilot - Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilindi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatining to‘la teng huquqli a’zosi bo‘ldi. Mamlakatimiz birinchi Prezidenti I.Karimovning BMT Bosh Assambleyasining 1993 yilda bo‘lgan 48-sessiyasida ishtirok etishi va unda 27 sentyabrda qilgan ma’ruzasi O‘zbekistonni jahonga qo‘hna va yosh navqiron davlat sifatida namoyon etdi.
1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda BMT ning vakolatxonasi ochildi va u ish boshladi. O‘zbekiston rahbariyati va BMT rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston BMTning Xalqaro telekommunikatsiya uyushmasi, Xalqaro taraqqiyot assotsiyatsiyasi, Qochoqlar ishi bo‘yicha oliy qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti, Xalqaro atom energiyasi agentligi, Aholi joylashish jamg‘armasi, Narkotik moddalarni nazorat qilish dasturi, Sanoat taraqiyoti tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti singari ixtisoslashgan muassasalarga a’zo bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston izchil taraqqiy topayotgan davlat va jahon hamjamiyatining xalqaro munosabatlar tizimida muhim o‘rin tutayotgan teng huquqli a’zosidir. Uning keng miqyosli demokratik hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tajribasi izchil rivojlanishning muvaffaqiyatli modeli sifatida xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgani holda, ko‘plab mamlakatlarning ekspertlari va siyosatchilari tomonidan atroflicha tadqiq qilinmoqda.
Bunga, ko‘p jihatdan, O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi faol hamkorligi ko‘maklashayapti. Ular mamlakatimizga xalqaro miqyosdagi dolzarb muammolarning hal etilishidagi muhim hamda vaqt sinovidan o‘tgan-sherik sifatida qarashmoqda.
Shu bilan birga, nufuzli xalqaro tuzilmalar respublikamizda ro‘y berayotgan siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga, davlat hamda jamiyat hayotidagi izchil islohotlar natijasida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanishi hamda ularning farovonligi yuksalishiga katta qiziqish bildirishayotir.
So‘nggi paytlarda O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti va erishgan muvaffaqiyatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi singari ko‘p tomonlama institutlar hamda boshqa tashkilotlar doirasida alohida qiziqish bilan ko‘rib chiqilayotgani ham tez-tez kuzatilayotir.
Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari haqidagi ma’lumotlar muntazam ravishda Bosh Assambleya yig‘ilishlarining rasmiy hujjati sifatida qabul qilinmoqda. Mazkur hujjatlarda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlanishi, aholi farovonligining oshishi, sud-huquq tizimi islohotlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash, ekologiya, yoshlar siyosati, oziq-ovqat xavfsizligi, fuqarolik jamiyati hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining shakllanishi va mustahkamlanishi singari sohalarda erishilayotgan natijalarning mazmun-mohiyati o‘z ifodasini topmoqda.
O‘zbekistonning davlat va jamiyatni modernizatsiyalash bo‘yicha e’tiborga molik tajribasi BMT tizimiga kiradigan xalqaro institutlarda ham alohida qiziqish uyg‘otayapti. Ular orasida Jenevadagi BMT bo‘limi, Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ), BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeEK), Savdo va rivojlanish bo‘yicha BMT konferensiyasi (YuNKTAD), Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (VOIS), Xalqaro Mehnat tashkiloti (MOT), Butunjahon Savdo tashkiloti (VTO), BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP), OITS bilan kurashish bo‘yicha BMT dasturi, Parlamentlararo ittifoq hamda boshqa tashkilotlar mavjud.
2015 yil boshidan buyon O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimiz tajribasi, 2014 yilda O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvorliklari haqidagi axborot materiallari BMT Bosh Assambleyasi 69-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida tarqatildi.
Shuningdek, mazkur axborot materiallari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 57 ishtirokchi mamlakati, ushbu tashkilotning 11 hamkor davlati, YeXHT institutlari hamda dala missiyalari va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi hamda MDHga a’zo mamlakatlar o‘rtasida ham tarqatildi.
Yuqoridagilardan tashqari, BMTning Nyu-York va Jeneva shaharlaridagi, YeXHTning Venadagi, MDHning Minskdagi qarorgohlarida o‘tkazilayotgan turli tadbirlar — brifing, taqdimot marosimlari va uchrashuvlar chog‘ida ham yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlarga nisbatan xalqaro hamjamiyatning e’tibori va qiziqishi tobora o‘sib borayotgani namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizda inson huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiyalash hamda liberallashtirish jarayonlari xususidagi o‘zgarishlar yuzasidan nufuzli davlatlararo tuzilmalarning rahbarlari va vakillari tomonidan bildirilgan ko‘pdan-ko‘p fikr-mulohazalar ham bu fikrni tasdiqlaydi.
“O‘zbekiston xalqaro jarayonlarga tobora faolroq kirib bormoqda, global va mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda dadil qatnashib, o‘z salohiyatidan jahon hamjamiyatining ko‘p tomonlama tuzilmasi doirasida maqsadli foydalanishga kirishdi. Shunday yondashuv tufayli O‘zbekistonning obro‘si va nufuzi ortib bormoqda”.
Ushbu iqtibos “Political Events” haftalik tahliliy jurnali bosh muharriri Muhammad Ismoil Xonga tegishli bo‘lib, O‘zbekiston rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi yuzasidan aytilgan va mamlakatimizning keyingi to‘rt yil ichida jahon hamjamiyatida egallagan mavqeini ro‘yirost ko‘rsatib turibdi. Hindistonlik hamkasbimizning so‘zlaridan anglashiladiki, bugun turli davlatlar rahbarlari hamda ekspertlar jamiyatining diqqat-e’tibori Prezident Shavkat Mirziyoyevning puxta o‘ylangan tashqi siyosati, asosli tashabbuslari va izchil islohotlari tufayli bizning mamlakatimizga qaratilgan.
Dostları ilə paylaş: |