OILANING FELITSITOLOGIK VAZIFASI Hozirgi zamon oilasining tobora ahamiyati ortib borayot-gan vazifalaridan biri uning felitsitologik vazifasidir (italyancha «felitsite» — baxt). Shaxsiy baxtga erishishga intilish oilaviy munosabatlar tizimida ko‘p jihatdan hal qiluvchi bo‘lib bor-moqda. Baxt nima o‘zi? Hozirgi zamon oilasi o‘z a’zolarining baxtini ta’minlashda qanday rol o‘ynaydi? Baxtga intilish har bir inson uchun tabiiydir va ayni shu baxtga intilish ularni oila qurishga undaydi. Inson o‘ziga ato etilgan baxtning to‘rtdan uch qismini oiladan choraktaga yetar-etmas qismini boshqa narsalardan topadi.
Oilada er-xotinning bir-birini to‘liq tushunishi — ularning o‘zlarini baxtli his qilishlarini ta’minlaydi.
Shuningdek, o‘zidagi mavjud tabiiy-ijodiy imkoniyatlar (iqtidor)ni ro‘yobga chiqarish, jamiyat va oila doirasida sarflash ham insonga o‘zini baxtli his qilish imkonini beradi. Keyingi vaqtlarda insonning imkoniyatlari ortgan sari uning baxtga intilish darajasi ham ortib bormoqda. Lekin ba’zan nopok yo‘llar bilan pul topish orqali baxtli bo‘lishga intilish yoki o‘zgalar hisobiga shaxsiy baxtga intilish kabi salbiy holatlar ham uchrab turadi. Ba’zan esa oila a’zolarining (ayniqsa, er-xotinning) shaxsiy baxtga o‘z-o‘zicha intilishi oilalarda noxush holatlar (xiyonat kabi)ni ham keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun har bir shaxs o‘zida ko‘proq vijdonlilik, poklik, halollik kabi ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalashga e’tibor berishi lozim.
OILANING REGULYATIV VAZIFASI Oilaning regulyativ vazifasi oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni boshqarish tizimini, shuningdek birlamchi ijti-moiy nazoratni, oilada ustunlik va obro‘ni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi. Bunda kattalar tomonidan yosh avlodni nazo-rat qilish va ularni moddiy hamda ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash nazarda tutiladi. O‘tgan zamonlarda oilaning boshqarish vazifasi ma’lum darajada rasmiy tarzda belgilab ham qo‘yilgan. Unga ko‘ra oilada kim oila boshlig‘i bo‘lishligi, uning obro‘si va ustunligi qayd etilgan va oilaning shu a’zosi (asosan ota) butun umri davomida o‘z farzandlari va oila a’zo-lari xatti-harakati, xulqi uchun javobgar bo‘lgan. Ota-onasiga bo‘ysunmaganlarni jazolash hollari ham nazarda tutilgan.
Hozirgi zamon egalitar oilalarida esa oilaning boshqaruv vazifasi asosan axloqiy me’yorlar, oila a’zolarinig shaxsiy obro‘si va birinchi navbatda ota-onalarning bolalarga nisbatan bo‘lgan munosabatlaridagi obro‘si kabilar yordamida amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra ba’zi oilalarda oilani boshqarish, unga boshchilik qilish oila a’zolarining qiziqish va imkoniyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilsa, ba’zi oilalarda (er-xotin-ning alohida-alohida) liderlikka intilishi natijasida oilaviy nizo-larning ortib borishi, bolalarning har tomonlama e’tibordan chetda qolishi, natijada jinoyatchilik ko‘chasiga kirib ketishi kabilar kuzatiladi. Ba’zi oilalarda ayol liderligining mavjudligi o‘g‘il bola shaxsida ayollarga xos xususiyatlarning ko‘payib bo-rishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga oilaning boshqaruv vazifasi oila a’zolari-ning xulqi, mas’uliyati, majburiyati kabilarni ham boshqarishni, nazorat qilishni o‘z ichiga oladi. Odam oila qurganidan so‘ng, albatta, uning ijtimoiy mavqeyi o‘zgaradi. Endi u «uylanmagan yigit», «turmushga chiqmagan qiz» emas, balki «oilali» odamdir. Shunga ko‘ra u o‘zining xatti-harakatlari, xulqini ham oilali odamga xos tarzda qaytadan ko‘rib chiqadi. Oila qurish tufayli uning mas’uliyati ortadi. Erning va xotinning xulqi ham endi o‘ziga xos boshqariladi.