Aliment undirish to’grisidagi ishlarning taalluqligi. Aliment miqdorini aniqlash tartibi va asoslari.
Alimentlarni sud tartibida undirish Ushbu kodeksda ko`rsatilganidek oila huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan ishlar bilan Aliment munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar ham sudlarga taalluqlidir.
Aliment huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan ishlarni xususiyatlari shundan iboratki, u hamisha shaxsi munosabatlardan kelib chiqadi, bunday turkumdagi ishlarda protsessual huquq qabul qilinishlikka yo`l qo`yilmaydi.
Demak, Alimentlar undirish to`g`risidagi ishlar muayyan xususiyatlarga ega, bu xususiyatlarni e`tiborga olmaslik, taraflarning va boshqa mansabdor shaxslarning qonuniy huquqlarini jiddiy buzilishiga, g`ayriqonuniy va asoslantirilmagan qarorlarning chiqarilishiga olib kelishi mumkin.
Bu xususiyatlar quyidagi qonunlarda ifodalangan.
FPKning 105-moddasi hamda «Davlat boji to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunini 3-moddasini «v» bandiga muvofiq1
Alimentlar undirish to`g`risidagi da`volar bo`yicha javobgarni turgan joyi bo`yichagina emas, balki da`vogarning turgan joyi bo`yicha ham sudga murojaat qilinishi mumkin. Bu qoidalar bunday turkumdagi ishlar bo`yicha da`vogarlar uchun muhim protsessual imtiyozlar belgilaydi. Ularning maqsadi sud tartibida Alimentlar undirishni osonlashtirishdir. Ammo bu qoida Aliment majburiyatlari bilan bog`liq bo`lgan barcha ishlarga joriy etilmaydi, chunonchi, Alimentlarni miqdorini kamaytirish va uni to`lashdan ozod qilish to`g`risidagi ishlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Bolalarni asrash uchun Alimentlar undirish to`g`risidagi da`volarni mustaqil qo`zg`atish bilan bir qatorda nikohdan ajratish to`g`risidagi da`volar bilan birga ko`rib hal qilish ota-onalik huquqidan mahrum qilish, bolani tarbiyaga berish, otalikni belgilash to`g`risidagi da`volar bilan birga ham qo`zg`atilishi mumkinligini nazarda tutish kerak.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 11sentabrdagi 22-sonli qarorining 14-bandida sud nikohdan ajratish to`g`risidagi ishlarni ko`rishda voyaga yetmagan bolalarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish maqsadida ishda aniqlangan holatlarga muvofiq manfaatdor shaxs tomonidan da`vo qo`zg`atilgan-qo`zg`atilmaganligidan qat`iy nazar bolalar tarbiyasi uchun nafaqa undirish masalasini muhokama qilishi lozimligi ko`rsatib o`tilgan.
Bolalar manfaatlarini muhimligini e`tiborga olgan holda qonun-qoidalar nikohdan ajralish to`g`risida ariza bergan er-xotinga yarashtirish to`g`risida muddat berishni nazarda to`tgan bo`lsa ham nizo bo`lmagan hollarda ajralish ishlari ko`rilganga qadar nafaqa undirish masalasini ishni qo`zg`atmasdan turib sud muhokama qilishga haqli ekanligi asoslab berilgan.1
Bundan tashqari Alimentlar undirish to`g`risidagi masala, bu to`g`rida ota-ona tomonidan maxsus talab qo`yilmagan bo`lsada, sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ish yuzasidan qaror chiqarilishi chogida o`z tashabbusi bilan hal qilinishi mumkin.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani bolalarni ta`minlash majburiyatidan ozod etilmaydi. Shu tufayli da`vo qo`zg`atilgan-qo`zg`atilmaganligidan qat`iy nazar birgalikda hal etilishi shartligi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 11 sentabrda qabul qilgan qarorida ko`rsatilgan.2
Sudlar da`vogarning turar joyi noma`lum bo`lganida ham da`vo arizasini qabul qilishni rad qilmasdan, balki o`z tashabbuslari bo`yicha javobgarning turar joyini aniqlashga va uning da`vo ishining sudda ko`rilishi kuni to`g`risida xabardor qilishga choralar ko`rishga majburlar.
Voyaga yetmagan bolalar va muomalaga layoqatsiz shaxslarning manfaatlarini va ularning Aliment olishga bo`lgan huquqlarini ta`minlashning muhim kafolati Oila qonunchiligida belgilangan.
Agar javobgarning yashab turgan joyi noma`lum bo`lganida uni ichki ishlar organlari orqali qidirtirish majburiyati belgilangan (FPKning 140-moddasi).
Bu normaga muvofiq sudya da`vo arizasini qabul qilishga va javobgarni qidirish to`g`risida ajrim chiqarishga majbur. Shu bilan bir vaqtda Aliment undirish to`g`risidagi ishning yuritilishini vaqtincha to`xtatish to`g`risidagi masala hal qilinadi (FPKning 93-moddasi 3-qismi). Oila kodeksining 96-102-moddalari ham shu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu qonunlarga asoslanib sud da`vo arizasini qabul qilish bilan birga ishning sudda hal qilinishiga qadar bolalarning ta`minoti uchun javobgar qanday xarajatlarni kutarishi lozimligi to`g`risida ajrim chiqaradi, ya`ni ona va bolalarning manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan choralarni ko`radi. Vaqtincha undirilishi lozim bo`lgan summaning miqdori javobgarning ish haqi (daromadi)ning tegishli qismi miqdorida yoki qat`iy summa bilan belgilanishi mumkin. Bu normaning tadbiq etilishi javobgarning ishning mazmuni bo`yicha hal qilinishini cho`zishga qaratilgan harakatining oldini oladi.
Aliment undirish to`g`risidagi da`vo arizasi yozma formada tuzilib, u FPKning 149-moddasida ko`rsatilgan ma`lumotlarni o`z ichiga oladi. Javobgar Alimentlar to`lashdan bosh tovlaganida uni qidirishlik uchun qanday choralar ko`rilganligi va uning hozirgi vaqtda qayerda yashaganligi to`g`risidagi ma`lumotlar ham arizada ko`rsatiladi. Javobgarning yashash joyi noma`lum bo`lsa, bu holat ham ko`rsatilishi kerak.
Da`vo arizasiga tubandagicha hujjatlar ilova qilinadi: bolaning tug`ilishi to`g`risidagi guvohnoma; nikohni qayd qilish to`g`risidagi guvohnoma; bolaning ariza beruvchi bilan birga yashashi va uning boqimida bo`lishi to`g`risidagi ma`lumot; javobgarning ishlab turgan joyidan, uning ish haqi to`g`risidagi va uning ish haqidan boshqa shaxslarning foydasiga ijro hujjatlari bo`yicha qancha summa undirilishi to`g`risidagi ma`lumot; agar javobgar fermer bo`lsa, javobgarning tomorka uchastkasidan oladigan qo`shimcha daromadlari to`g`risida fuqarolarning o`zini-o`zi boshqaruvchi idoralardan ma`lumot ilova qilinadi.
Yuqorida ko`rsatilgan hujjatlardan birortasi ham bo`lmasa, da`vogarga bunday hujjatlarni mumkin qadar qisqa vaqt ichida topshirish qiyin bo`lsa, sudya ularni tegishli muassasalardan o`z tashabbusi bo`yicha talab qilib olishga majbur (FPKning 57, 158-moddalari).
Ota-onalardan bolalarning ta`minoti uchun Alimentlar undirish to`g`risidagi da`volar ota-onalari o`rtasidagi nikohdan ajralgan-ajralmaganligidan qat`iy nazar qo`zg`atilishi mumkin. Sudya ishni sudda ko`rishga tayyorlashda javobgarning boshqa onadan bo`lgan bolalari uchun ham Alimentlar to`lash-tulamasligini aniqlashi va bu onani mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilinishi lozim. Da`vo qanoatlantirilmagan holda muqaddam yozilgan ijro varaqasi bo`yicha undiriladigan Alimentning miqdori birmuncha kamayishi mumkin bo`lganligi sababli, bunday ishning hal qilinishi oqibati uchinchi shaxslar manfaatiga ta`sir etishi mumkin.1
Mazkur turkumdagi ishlar oddiy tartibda, ammo tubanda ko`rsatilgan xususiyatlar e`tiborga olingan holda ko`riladi. FPKning 131-moddasi bunday ishlarni ko`rish uchun qisqartirilgan muddatlar belgilaydi. Chunonchi: taraflar bir shahar yoki bir tumanda yashasalar, ish 10 kundan kechiktirilmasdan ko`riladi, boshqa hollarda esa ariza qabul qilingan kundan boshlab 20 kundan kechiktirilmasdan ko`riladi. Ammo bu qoida bunday da`voning boshqa ishlarga qo`shib ko`rilishida tadbiq etilmaydi. Masalan, otalikni belgilash to`g`risidagi ishga Alimentlar undirish to`g`risidagi ishlar qo`shilganida tadbiq etilmaydi. Bunday hollarda ish bir oygacha bo`lgan muddatga ko`rilishi mumkin.
Javobgarning sud majlisiga hozir bo`lishligini ta`minlashga alohida e`tibor beriladi. Alimentlar undirish to`g`risidagi ishlar bo`yicha javobgarning sudga kelishi umumiy qoida bo`yicha majburiy hisoblanadi. Agar javobgar sud tomonidan uzrsiz deb topilgan sabablar bo`yicha sud majlisiga kelmasa, unga eng kam ish haqining besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi va majburiy ravishda keltirilishi mumkin (FPKning 261-moddasi).
Javobgar boshqa shaharda yoki tumanda yashasa va uning sudga kelishi qiyinrok bo`lsa, u kasalligi va boshqa uzrli sabablar bilan protsessda qatnasha olmasa, sud uni majlisga kelishdan ozod qilishi mumkin. Bunday holda ishni ko`ruvchi sud javobgardan ishning holatlari va qo`zg`atilgan da`voning yuzasidan batafsil bayonot olishi kerak.
Sud Aliment undirish to`g`risidagi ish bo`yicha hal qiluv qarori qabul qila turib, bu qarorni FPKning 205 va 206-moddalari talablariga muvofiq ravishda tuzadi. qarorning asslantirish qismida sud tomonidan belgilangan holatlar, sudning xulosalari qanday dalillarga asoslangan bo`lsa, bunday dalillar va sud amal qilgan qonunlar ko`rsatiladi. qarorning xulosa qismida javobgarning ismiu familiyasi, otasining ismi, tug`ilgan yili va joyi, uning doimiy turar joyi, ish joyi va vazifasi, Aliment olayotgan bolaning ismi va tug`ilgan yili, qancha miqdorda va necha bolaga Aliment undirilishi va olinadigan sud xarajatlarining miqdori aniq va to`la ko`rsatiladi. Mazkur ma`lumotlar sudga topshirilgan hujjatlarning asliga muvofiq ravishda ko`rsatiladi. Alimentlar da`vo bilan sudga murojaat qilingan paytdan boshlab kelgusi vaqt uchun undiriladi.
Agar sud Aliment undirish uchun hamma choralarni ko`rishga qaramay, javobgar uni to`lashdan bosh tortgani sababli Aliment undira olmaganini, shuningdek da`vogar oilani saqlash maqsadida yoki boshqa uzrli sabablar bilan o`z vaqtida da`vo qilmaganini aniqlasa, sud ishdagi ahvollarga qarab, o`tgan vaqt uchun ham, ammo uch yildan oshiq bo`lmagan muddatga Aliment undirishi mumkin (Oila kodeksining 136-moddasi).
Bolalarning tarbiyasi uchun Alimentlar javobgarning ish haqiga nisbatan xissalar bilan belgilanib, davriy to`lovlar shaklida undiriladi (Oila kodeksining 99-102-moddalari).
Ammo muayyan holatlarda (Oila kodeksining 101-moddasiga qaralsin) sud bolalarning ta`minoti uchun mablag` to`lanishini talab qiluvchi shaxsning iltimosi bo`yicha Alimentlarni har oyda to`lanishi lozim bo`lgan qat`iy pul summasida ham undirilishi mumkin.
Favkulodda holatlar tufayli, masalan, bolaning og`ir kasal bo`lishi, mayib bo`lishi va shu kabi holatlar sodir bo`lganida Alimentlardan tashqari ota-onalardan qo`shimcha xarajatlar ham undirilishi mumkin (Oila kodeksining 103-moddasi).
Agar sud Aliment to`lovchi shaxsning boshqa voyaga yetmagan bolalari borligini aniqlasa va undan qonun bilan belgilangan miqdorda Alimentlar undirilganida bu bolalar, Aliment oluvchi bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamrok ta`minlanadigan bo`lib qolsalaru shuningdek Aliment to`lovchi birinchi va ikkinchi guruh nogironi bo`lsa yoxud Aliment oladigan bolalar ishlasalar, ularning yetarli ish haqi bo`lsa, undiriladigan Alimentlarning miqdori sud tomonidan kamaytirilishi lozim.
Oila kodeksining 107-moddasida ko`rsatilganidek agar bolalar davlatning yoki boshqa jamoat tashkilotlarining to`liq ta`minotida bo`lsalar, sud Aliment miqdorini shu kodeksning 99-moddasiga asosan javobgardan mazkur muassasa foydasiga undirishi mumkin.
Sud hal qiluv qarorida «Sud hujjatlarini ijro qilish to`g`risida»gi qonun hujjatlariga asosan Alimentlar undirishni ko`rsatish bilan birga davlat daromadiga javobgardan sud xarajatlarining undirilishi to`g`risidagi masalani ham hal etishi lozim.
Aliment undirish to`g`risidagi hal qiluv qarorida uning darhol ijro etilishi ko`rsatiladi (FPKning 219-moddasi). Bu ijro varaqasining qaror chiqarilgandan so`ng, kechiktirilmasdan yozilishi kerakligini bildiradi. Alimentlarning undirish to`g`risidagi qarorlarning ijro etilishi bilan bog`liq masalalarni hal qilishda boshqa ba`zi xususiyatlar ham bor. Chunonchi, qarorlarning ijro etilishi, umumiy qoida bo`yicha, Aliment undiruvchining o`zi tomonidan qo`zg`atilsa, ammo mazkur turkumdagi ishlar bo`yicha, sudning tashabbusi bilan ham ijro varaqasini ijro etishga yuborishi mumkin (FPKning 373-moddasi).
Alimentlarni undirishini birinchi navbatda qanoatlantiradigan talablar qatoriga qo`yadi. Aliment to`lovlari muntazam xarakterga ega bo`lib, javobgarning ish haqidan uning ish joyida undiriladi.
Agar qarzdorning yashash joyi va ish joyi noma`lum bo`lsa, sud ijrochisi qarzdorni ichki ishlar organ orqali qidirtirish to`g`risidagi masalani sud oldiga qo`yishi kerak.1 qarzdor topilganidan keyin ijro varaqasini uning ish joyiga yuborib, undiriladigan summaning miqdorini va undiruvchining manzilini ko`rsatishi lozim. Shu bilan birga ijro varaqasi qarzdorning ish joyiga yuborilganligi to`g`risida Aliment undiruvchi xabardor qilinadi.
Korxona, muassasa yoki tashkilotning ish beruvchisi, ijro varaqasini olgandan so`ng, Aliment to`lovchining ish haqidan (pensiyau, stipendiya, nafaqasi va shu kabilardan) har oyda ushlab qolishga va ijro varaqasida ko`rsatilgan shaxsga, ish haqi berilgan kundan e`tiboran uch kunlik muddatdan kechiktirilmasdan, qarzdor ishdan bo`shagani holda esa-shu muddat davomida, Aliment undiruvchiga sud qarori ijro etiladigan joydagi sud ijrochisiga, Aliment to`lovchi shaxsning ishdan bo`shab ketganligi va agar ma`lum bo`lsa, uning yangi ish joyi yoki turar joyi to`g`risida ma`lumot berishga majbur (Oila kodeksining 137-138-moddalari).
Ushlab qolingan summalar ko`chirilishida qarzdorning ish haqi miqdori va Alimentlarning qancha vaqt uchun undirilganligi ko`rsatiladi. qarzdor tomonidan olinayotgan ish haqi miqdori o`zgargan holda yoki ish haqining to`lanishi 15 kundan oshiq muddatga kechiktirilsa, bu to`g`rida Aliment undiruvchi xabardor qilinishi kerak. Aliment undirish to`g`risidagi sud qarorining lozim darajada ijro etilishi kafolati Oila kodeksining 138-140-moddasida ham nazarda tutilgan. 139-moddaning birinchi va ikkinchi qismilarida ko`rsatilgan ma`lumotlarni belgilangan ma`lumotlarni belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko`ra xabar qilmagan taqdirda, aybdor mansabdor shaxs va Aliment to`lovsi shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Aliment qarzi Aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli bo`lmaganda, Aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqalarida turgan pul mablag`idan, tijorat va tijoratchi bo`lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o`tkazilgan pul mablag`idan undiriladi, mulk huquqining o`tishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablag` yetarli bo`lmaganda undirish Aliment to`lashi shart bo`lgan shaxs qonun bo`yicha undirish qaratilishi mumkin bo`lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.
Undirish Aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning hisob varaqalariga pul mablag`iga va uning boshqa mol-mulkiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaratiladi.
Aliment to`lash to`g`risidagi notaliat tartibda tasdiqlangan kelishuv yoki ijro varaqasi asosida o`tgan davridagi Aliment qarzi ijro varaqasi yoki Aliment to`lash to`g`risidagi kelishuv Aliment undirish uchun taqdim qilingunga qadar o`tgan uch yildan ortiq bo`lmagan muddat uchun undiriladi.
Alimentlar ijro varaqasi yoki Aliment to`lash to`g`risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv bo`yicha Aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning aybi bilan undirilmagan bo`lsa, Alimentlar ushbu moddaning uchinchi qismida ko`rsatilgan uch yillik muddatdan qat`iy nazar, o`tgan barcha vaqt uchun undiriladi. Agar foydasiga Aliment undirilayotgan shaxsning manzili noma`lum bo`lsa, ushlab qolingan summalar sudning depozit schyotiga o`tkaziladi.
Ko`rsatilgan burchlari bajarilmaganida aybli mansabdor shaxslarga «Sud hujjatlarini ijro qilish to`g`risida»gi qonunda belgilangan miqdorda va tartibda jarima solinishi mumkin. Aliment undirish to`g`risidagi ishlarning yana xarakterli xususiyatlaridan biri shundaki, to`lanishi lozim bo`lgan Alimentlarning summalari qarzdorning qarshi da`vosi hisobiga o`tkazilishi mumkin emas. to`langan Aliment summalarini qayta talab qilib olib bo`lmaydi. Ammo Aliment ishlari bo`yicha chiqarilgan qarorlarning da`vo qo`zg`atgan shaxs tomonidan keltirilgan yolgon ma`lumotlar yoki yolgon hujjatlarga asoslangan bo`lishi hollari bundan mustasnodir (FPKning 385-moddasi hamda oila kodeksining 143 moddasi). to`langan Aliment summalari faqat ayrim hollardagina, agar bolaning manfaatlarini buzishga olib kelmagandagina keltirishi mumkin.
Alimentlarni kelishuv va ixtiyoriy to`lash tartibi
Bolalarning tarbiyasiga va ularni moddiy tomondan ta`minlashga har bir ota-onaning ma`naviy va huquqiy burchi bo`lganligi tufayli qonunda Aliment ishlarida nizo bo`lmagan hollarda uning ixtiyoriy to`lanishi tartiblari (Oila kodeksining 135-moddasi) belgilangan.
Mazkur turkumdagi ishlar bo`yicha arizalarni qabul qilishda sudya manfaatdor shaxslarga Alimentlarning sud qarori bo`yicha ham, shuningdek Aliment to`lashga majbur bo`lgan shaxslarning ish joyi (pensiya yoki stipendiya olish joyi) bo`yicha ham ma`muriyatga berilgan yozma arizaga muvofiq ixtiyoriy tartibda ham undirilishi mumkinligini tushuntirish lozim. Alimentni ixtiyoriy ravishda to`lab turish to`g`risida Aliment to`lovchi tomonidan berilgan arizasiga ko`ra tegishli ma`muriyatning bir qator majburiyatlarini bajarishga undaydi. Bunday hollarda ma`muriyat berilgan arizaga muvofiq har oyda qarzdorning ish haqi (pensiya va boshqa summalar) dan Alimentlarni undirishga hamda arizada ko`rsatilgan shaxsga ijro varaqasi bo`yicha to`lanishi lozim bo`lgan muddatlarda to`lashga yoki undirilgan summani yuborishga majbur.
To`lovlarning miqdori xodimni ish haqini 50 foizidan oshmasligiga ham ma`muriyat e`tibor berishi lozim. Aliment to`lovchi ish joyini o`zgartirsa bu haqda ma`lum qilishi kerak va hokazo. Aliment to`lashni ixtiyoriy tartibi Aliment undirilishi to`g`risida da`vogarni xohlagan vaqtida sudga murojaat etish huquqidan mahrum qilmaydi1 (Oila kodeksining 135-moddasi). Alimentlarning ixtiyoriy ravishda to`lanishi to`g`risidagi qoidalarni tushuntirish yuzasidan sudlarning yetarli darajada ish olib borishlari sudlarda Aliment undirish to`g`risidagi ishlarning birmuncha kamaytirilishiga olib kelishi mumkin.