Nikoh va oila munosabatlari uzoq tarixga ega. Uning tarixi haqida so‘z ketganda bevosita insoniyat tarixi, ijtimoiy hayot, urf-odat, an’analar, turmush tarzi bilan bog‘liq bo‘lganligini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Zardushtiylik dinining asoschisi va Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron hamda yaqin va O‘rta Sharq, ayniqsa, Xorazm xalqlari ko‘p asrlik ijodining mahsuli, bir qancha elatlarning ijtimoiy -siyosiy, axloqiy-nafosat va axloqiy-ta’limiy qarashlarining vujudga kelishi va rivojlanish tarixini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lgan. “Avesto”da insoniy burch faqat axloqiy yo‘l-yo‘riqlarni o‘zlashtirishdan iborat bo‘libgina qolmay, balki inson oilaviy turmush, yaxshi yor va farzand to‘g‘risida ham o‘ylashi zarurligi ta’kidlanadi. O‘sha davrda erkaklar roppa-rosa 16 yoshida uylanib, bir nechta xotin olish huquqiga ega bo‘lgan. Hamma vaqt birinchi xotin boshqalariga bosh bo‘lgan”. “Avesto”da qayd etilishicha, erkak kishi, avvalo, uylanish uchun moddiy va ma’naviy tomondan to‘q va jismonan baquvvat bo‘lishi lozim. Buning uchun o‘z vaqtida ovqatlanishi zarur, aks holda erkak kishi o‘z xizmat va axloqiy burchlarini bajara olmaydi. “Yeb ichmaydigan insonning toat-ibodat qilishga kuchi bo‘lmaydi, er-xotinlik vazifasini ado etishga quvvati yetmaydi, bola tug‘dira olmaydi” (“Yasna” 33-bob). “Avesto”da qarindoshlarning o‘zaro oila qurishi man etilgan. Qavm va urug‘ qonini toza, avlodni benuqson saqlash uchun shunday qilingan. Ko‘p bolali oilalarga davlat hisobidan nafaqa tayinlash lozimligi qayd etilgan, bir yo‘la 2-3 ta tuqqan ayollar mukofot olishga sazovor, deb uqtiriladi. Patriarxal oila Markaziy Osiyo xalqlarida oilaning eng dastlabki paytda tarixiy shakli hisoblangan. Bu oila, ayni paytda, jamiyatning asosiy ishlab chiqarish jamoasi ham bo‘lgan. Shuning uchun oilaviy munosabatlarga, har bir oila a’zolarining xatti-harakatlariga alohida e’tibor berilgan. Markaziy Osiyoda patriarxal oila eramizdan oldingi birinchi ming yilliklarda vujudga kelgan. Uning eng rivojlangan davri eramizningbirinchi asrlariga to‘g‘ri keladi. Oilaning bo‘linib ketishi, o‘rniga kichikkichik oilalarning tarkib topishi eramizning birinchi ming yilligi o‘rtalaridan boshlanadi va deyarli XX asrlargacha davom etgan. Kichik oilalarning vujudga kelishi bilan birga nikohning shartsharoitlari ham o‘zgarib boradi. Patriarxal oila amal qilgan davrda nikoh shartlari ancha qat’iy va cheklangan edi. Nikoh – bu erkak bilan ayol o‘rtasidagi muayyan ittifoqi va bu ittifoqning jamiyat, davlat tomonidan tan olinishi va ma’qullanishining tarixiy shaklidir. Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning fikricha, bironta ham xalq nikohdan holi emasdir. Jamiyat nikoh vositasi bilan erkak va ayol o‘rtasidagi tabiiy munosabatlarni tartibga solib turadi, er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasida axloqiy, huquqiy majburiyatlar o‘rnatadi. Nikoh jinsiy ehtirosni maxfiylik pardasiga o‘raydi, er-xotin orasidagi tabiiy munosabatga axloqiy, ma’naviy go‘zallik, andisha baxsh etadi. Nikoh (arabcha – qo‘shilish) so‘zi o‘zbek tiliga arab tilidan kirib kelgan. Ayrim tadqiqotlar islomgacha bizda erkak va ayol o‘rtasida nikoh degan tushuncha bo‘lmagan, deb e’tirof etadilar. Bu fikr haqiqatga t o‘g‘ri kelmaydi. Qadimgi grek tarixchisi Strabonning yozishicha, har bir massagetning o‘z xotini bo‘lgan. Ana shu tarixchining fikriga qaraganda, erkaklar va ayollar jinsiy hayotda muayyan erkinliklarga ham ega bo‘lganlar. Umuman olganda, Markaziy Osiyoda ayollarga qadimdan katta hurmat bilan qaralgan. Ular jamiyatda erkaklar bilan teng huquqlardan foydalanishgan. Gerodotning “Tarix” nomli asarida vatanparvar ayol To‘maris haqida keltirilgan tarixiy ma’lumot bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bunga ko‘ra, Turon aholisi To‘maris boshchiligida bosqinchi Kayxusrav armiyasiga qaqshatqich zarba beradi. Boshqa bir qadimgi grek tarixchisi – Elion qoldirgan ma’lumotga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi yirik qabilalardan biri bo‘lgan saklarning odatlari bo‘yicha, uylanishni istagan har bir yigit o‘zi uylanmoqchi bo‘lgan qiz bilan yerosti uyida kurash tushishi shart bo‘lgan. Yigit kurashda g‘alaba qilgan taqdirdagina uylanish huquqiga ega bo‘lgan. Aks holda, uning o‘zi qizning asiriga aylangan. Demak, bu yerda kurash o‘ziga xos tarzda nikoh sharti vazifasini bajargan. Markaziy Osiyo xalqlarining mashhur dostonlari - “O‘g‘uznoma”, “Alpomish” va “Manas”larda nikoh bilan bog‘liq odatlarda yigitning jismoniy qobiliyatlariga va uni sinab k o‘rishga alohida ahamiyat berilgan. Yigitning qizga munosib yoki munosib emasligini aniqlash uchun talabgorlarning o‘zaro ot poygasi, kamonda nishonni urishi, uzoqqa o‘q uzishi, kurash tushishi kabi raqobatchilik shakllaridan ham foydalanilgan. Shuningdek, bu tanlov “Qiz quvlash”, “Tortishmachoq“ singari ko‘rinishda ham o‘z ifodasini topgan, ularning qoldiqlari hozirgacha yetib kelgan. Lekin ana shu kurashlar, qiz quvlashlar chog‘ida qanday so‘zlar, duolar ishlatilganligi haqidagi xabarlar bizgacha yetib kelmagan yoki tarixchilar bunga e’tibor berishmagan. Lekin s o‘g‘d yozma yodgorliklaridan bu xususda ancha ma’lumotlar topish mumkin. Eramiz boshlaridan to X-XI asarlarga qadar yozilgan ana shunday noyob so‘g‘d yozma yodgorliklari bizgacha yetib kelgan. Panjikent yaqinidagi Mug‘ tog‘i tepasidagi qadimgi qasr xarobasidan 80 ga yaqin so‘g‘d hujjatlari topilgan. VII asr oxiri ─ VIII asr boshlariga oid bu hujjatlar So‘g‘d arxivi deb yuritiladi. Ular orasida tadqiqotchilar tomonidan shartli ravishda “Nov. 3” (Navekat nomli shaharda tuzilgan hujjat bo‘lgani uchun) deb belgilangan so‘g‘dcha nikoh guvohnomasi, “Nov. 4” deb belgilangan kuyovning kelin tomon oldidagi majburiyatlari bayon etilgan ikki hujjat bor. Mazkur hujjatlar qadim va ilk o‘rta asrlardagi O‘zbekiston xalqlarining nikoh-oila va u bilan bog‘liq mulkchilik va boshqa ijtimoiy munosabatlari to‘g‘risida hikoya qiluvchi muhim yodgorlikdir. Islom dini Turkiston o‘lkasida yoyilgandan keyin nikoh-oila huquqiy munosabatlari Qur’oni Karim, Shariat va Odatqoidalari, shuningdek, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ning hadislari bilan tartibga solingan. Shariat – bu kishilar amal qilishi uchun islom dini tarafidan buyurilgan hukmlar va nizomlardir. Shariat hukmlarini bilib olish har bir mo‘min-musulmon uchun farz hisoblanadi. Odat qoidalari, asosan, ko‘chmanchi xalqlarga tatbiq etilgan. Odat Turkiston o‘lkasida ko‘chmanchi xalqlar (qozoqlar, qirg‘izlar)da nikoh-oila munosabatlarining asosi hisoblangan. Qozoqlarda bir xil huquqiy masalalar mazmuniga ko‘ra har xil asosda hal qilinishi bo‘yicha odat shariat normalaridan ajralib turgan. Odat huquqida turli tushunchalar bo‘lgan. Masalan, “Baranta”. Bu kelinning ota-onasigaegishli bo‘lgan chorva mollarni zo‘rovonlik bilan haydab ketishdir. “Alengerlik” – qozoq xalqining odat huquqiga asosan juda og‘ir amal. Alengerlik – bu beva qolgan xotinning erning aka-ukalaridan biriga,qarindoshlariga yoki urug‘iga erga chiqish majburiyati. Bevalik boshlangandan keyin bir yil o‘tgach, mazkur bevaga uylanish huquqiga ega bo‘lgan nomzod o‘z huquqidan foydalanishga kirishishi mumkin bo‘lgan. Alengerlik odatini bajarishdan bosh tortgan beva bolalaridan, chorvasidan, mol-mulkidan mahrum etilib, shundan so‘nggina u o‘z xohishi bo‘yicha erga tegishi mumkin bo‘lgan. Bu qoidalar o‘troq aholi o‘rtasida keng tarqalmagan. Shariat qoidalarining o‘ziga xos xususiyatlari shundan iboratki, unda islom dini qoidalari davlat huquqiy normalarida mujassamlashadi. Musulmon huquqining hamma sohalari, shu bilan birga, nikoh, qonqarindoshlik, taloq masalalarini qamrab olgan manbalardan biri “Hidoya” asari (to‘liq nomi “Hidoya fifuru’al-fiqh” – “Fiqh sohalari bo‘yicha yo‘llanmasi”) dir. Bu qo‘llanma to‘rt jildlik, 57 kitob, 165-bob, 152-fasldan iborat bo‘lib, uning muallifi marg‘ilonlik Ali ibn Abu Bakr al-Farg‘oniy alRishtoniy Burhoniddin Marg‘inoniydir. U zot 1197-yilda vafot etgan bo‘lib, uning mazkur asarida islomning qator masalalari bilan huquqiy va axloqiy me’yorlar, nikoh va oila masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalar hamda jinoyat va jazoga oid tatbiq etish lozim bo‘ladigan choralar batafsil yoritilgan. Bulardan tashqari, bu qonun-qoidalar majmuasida mulkiy va moliyaviy munosabatlar, fuqarolik huquqiga, fuqarolik jarayoni huquqiga va boshqa masalalarga o‘rin berilgan. Hanafiya mazhabi xulosalariga asoslangan bu asardagi qoidalar ham shu mazhab qonunlari kabi nisbatan yumshoqroq va qulayroqligi, xalqlarning mahalliy an’analari e’tiborga olinganligi sababli, u aksariyat musulmon davlatlarida keng yoyilgan, chunonchi, qozi (sudya)lar muomala munosabatlaridan kelib chiqadigan (fuqarolik, nikoh, oila) va boshqa nizoli ishlarni ko‘rib hal etishda boshqa manbalar bilan bir qatorda “Hidoya”dan ham unumli foydalanishgan. Nikoh-oila munosabatlarini tartibga solishda XII asr davomida Turkiston hududida amalda bo‘lgan diniy huquqiy tizim – shariat, musulmon huquqi normalari, hadislarning roli juda katta bo‘lgan. Imom al-Buxoriyning “Al-Adab al-mufrad” (“Adab durdonalari”) nomli hadislar to‘plami shular jumlasiga kiradi. To‘plamda olti yuz hadis ikki yuz oltmish yetti bobga jamlangan bo‘lib, unda ota-onani e’zozlash, kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘lish, qo‘shnichilik, insoniylik va mehr-shafqatlilik, saxiylik va baxillik, yolg‘onchilik, chaqimchilik va maqtanchoqlik, isrofgarchilik va johillik, sharm-hayo va uyatchanlik kabi qator husni odob va go‘zal xulq qoidalari yoritilgan. Ma’rifatchi olim Rizouddin ibn Faxruddin XIX asrning oxirlaridan boshlab Sharq tarixi va madaniyati hamda ta’lim-tarbiyaga oid o‘nlab asarlar yozgan. U musulmon qonunshunosligi - fiqhga oid asar ham yozgan. Bu borada uning “Qavoidi fiqhiya” - “Fiqh qoidalari” asarini (Qozon, 1910) eslab o‘tishning o‘zi kifoya. Asrimizning boshlarida yozilgan “Oila” asarida odob-axloq, oila masalasiga ko‘p e’tibor qaratadi. Ma’lum bo‘lishicha, u mazkur asarida ta’lim-tarbiya sohasiga alohida urg‘u bergan; ota-onaning vazifasi, muallim burchi, ayniqsa, xotinlar vazifasi keng yoritilib, bola tarbiyasida xotinlarning o‘rni muhim ekanligiga muallif katta ahamiyat beradi. Uning mulohazasiga ko‘ra, yaxshi xotin bolalarini ham yaxshi tarbiyalay oladi. U: “Xotinlar birinchi navbatda murabbiydirlar, xotinning oila tebratishi murabbiylik xamiridan patir qilish-u, uning tandirida o‘sha patirni yopish degan so‘z”, - deydi. “Oila” asari bir necha bor qayta nashr etilgan va ko‘pchilikning diqqatiga sazovor bo‘lgan. Nikoh-oila munosabatlarini tartibga solishda olim Ahmadhoji Maqsudiyning 1912-yilda maktab-madrasalar talabalari va barcha mo‘minmusulmonlar uchun qo‘llanma sifatida chop etilgan “Shar’iy hukmlar to‘plami” muhim ahamiyatga ega. U tatar tilda yozilgan kitobdan tarjima qilingan. Shuningdek, Al-Hakim At-Termiziy ham axloq, nikoh va oila masalalariga bag‘ishlab bir qator asarlar yaratgan. Uning “Solnoma”, “Najot” (”To‘g‘ri yo‘l”), “Navodirul usul”, “Kitob al-furuq va man’ uttarozuf” singari o‘lmas asarlari shular jumlasidandir. Bu manbalar o‘z davrida nikoh-oila munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan qoidalardan iborat bo‘lib, diniy aqidalarga asoslangan edi.