Baholash mezonlari Talabaning fan bo‘yicha o‘zlashtirishi quyidagi namunaviy mezonlar asosida baholanadi:
a) 91 – 100 foiz olish uchun talaba:
fanning barcha qismlari bo‘yicha tizimli, to‘la va chuqur bilimga ega bo‘lishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq, o‘z o‘rnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan to‘g‘ri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
fanning tayanch tushunchalarini bilishi va uni qisqa vaqt ichida ilmiy va amaliy masalalarni yechishda samarali qo‘llay olishi;
nostandart vaziyatlarda muammolarni mustaqil va ijodiy hal qila olish qobiliyatini ko‘rsata olishi;
amaliy masalalarni qisqa, asoslangan va ratsional ravishda hal etishi;
fan o‘quv dasturida tavsiya etilgan asosiy va qo‘shimcha adabiyotlarni to‘liq va chuqur o‘zlashtirishi;
o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha nazariyalar, konsepsiyalar va yo‘nalishlar mohiyatini anglash, ularga tanqidiy baho berish va boshqa mavzularda o‘rganilgan usullarni qo‘llay olishi;
b) 71 – 90 foiz olish olish uchun talaba:
fanning barcha bo‘limlari bo‘yicha tizimli, to‘la va chuqur bilimga ega bo‘lishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq, o‘z o‘rnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan to‘g‘ri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
o‘z fikrini isbotlashda yoki boshqa nazariy materialni bayon qilishda yuzaga kelgan noaniqliklarni mustaqil bartaraf eta olishi;
fanning tayanch tushunchalarini bilishi, qisqa vaqt ichida ilmiy va kasbiy vazifalarni qo‘yish hamda hal qilishda undan unumli foydalanishi;
standart vaziyatlarda muammolarni mavzu doirasida mustaqil hal qila olishi;
bilimlarni yangi vaziyatlarda to‘g‘ri (lekin doim ham ratsional emas) qo‘llay olishi, bajarilgan ish natijalarini yetarli darajada rasmiylashtira olmaganligi;
fan o‘quv dasturida tavsiya qilingan asosiy adabiyotlarni o‘zlashtirishi;
o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha nazariyalar, konsepsiyalar va yo‘nalishlar mohiyatini anglay olishi va ularga tanqidiy baho berishi;
v) 60 – 70 foiz olish olish uchun talaba:
davlat ta’lim standartlari doirasida yetarli bilim hajmiga ega bo‘lishi;
ilmiy terminologiyani ishlatishi, savollarga javoblarni to‘g‘ri bayon qilishi, lekin bunda ayrim xatolarga yo‘l qo‘yishi;
javob berishga yoki ayrim maxsus ko‘nikmalarni namoyish qilishda qiynalganda, fan bo‘yicha asosiy tushunchaga ega ekanligini namoyish etishi;
fanning umumiy tushunchalari bo‘yicha qisman bilimga ega bo‘lishi va uni standart (namunaviy) vaziyatlarni hal etishda qo‘llay olishi;
pedagog xodim yordami bilan standart vaziyatlarni hal eta olishi; o’qilayotgan fan bo‘yicha asosiy nazariyalar, konsepsiyalar va yo‘nalishlar moxiyatini anglashi, ularga baho bera olishi;
g) talabaning bilim darajasi 0 — 59 foizga baholanadi, agar:
davlat ta’lim standartlari doirasida faqat ayrim fragmentar bilimlarga ega bo‘lsa;
ilmiy terminlarni ishlata olmasa yoki javob berishda jiddiy mantiqiy xatolarga yo‘l qo‘ysa;
amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmasa, o‘z xatolarini hatto pedagog xodim tavsiyalari yordamida ham to‘g‘rilay olmasa.