Tiamin (V, vitamin) — koʻpgina oziqovqat mahsulotlari tarkibiga kiradi. U asosan donning murtagi va qobigʻi (kepagi)da boʻladi. Tiamin organizmda uglevodlar almashinuvida muhim ahamiyatga ega; ovqat uglevodlarga serob boʻlsa, ularni oʻzlashtirish uchun tiamin koʻproq talab qilinadi. Tiamin boʻlmasa, polinevrit kasalligi roʻy beradi. Organizmda bu vitamin boʻlmasa yoki yetishmasa, nerv sistemasining ogʻir kasalligi — beri-beri paydo boʻladi, shuningdek ichak peristaltikasi susayadi, qabziyat, muskullar boʻshashishi, jismoniy va ruhiy ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi. Riboflavin (V2 vitamin)— oʻsish jarayonida qatnashadi va oʻstiruvchi omillarga kiradi. Oqsil, yogʻ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. Markaziy nerv sistemasi holatini rostlaydi, koʻz gavharidagi moddalar almashinuviga taʼsir etadi, yorugʻlikni sezish va rang ajratishga yordam beradi. Riboflavin organizmga oziq-ovqat b-n kiradi, ovqatda riboflavin yetishmasa ogʻiz burchagi, lab yoriladi (q. Lab bichilishi), soch toʻkiladi, konʼyunktivit va blefarit kuzatiladi. V2 vitamin asosan hayvon mahsulotlari — tuxum, pishloq, sut, goʻsht hamda galla va dukkakli oʻsimliklarda moʻl-koʻl.
Piridoksin (V6 vitamin)— koʻpgina oʻsimlik va hayvon mahsulotlari: achitqi, bugʻdoy murtagi, jigar, baliq, mol goʻshti va dukkakli donda boʻladi. U oqsil va yogʻning normal hazm boʻlishini taʼminlab, azot almashinuvida muhim rol oʻynaydi. Organizmda piridoksin yetishmasa bolalar oʻsmay qoladi, meʼda-ichak ishi buziladi, kamqonlik roʻy beradi. Homiladorlarda stomatit, terining yalligʻlanishi, qoʻzgʻaluvchanlik, uyqusizlik kuzatiladi. Kishi organizmi uchun zarur miqdordagi piridoksin ichak bakteriyalari taʼsirida hosil boʻladi.
Nikotinamid, nikotin kislota (RR vitamin) hujayralarning nafas olishida, oqsillar almashinuvida qatnashadi, organizmda oʻsimlik oqsillarining hazm boʻlishini tezlashtiradi, meʼdaning sekret va harakat faoliyatini normallashtiradi, meʼda osti bezi ishlab chiqaradigan sekret va shira tarkibini yaxshilab, jigar ishini barqarorlashtiradi. Organizmda nikotin kislota yetishmasa pellagra kasalligi roʻy beradi. Nikotin kislota uy parrandasi, mol goʻshti, jigari, buyragida, achitqi, guruch kepagi, bugʻdoy murtagida koʻp boʻladi.
Dostları ilə paylaş: |