Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘zbekiston respubl
O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi diniy konfessiyalarning tasnifi. Tarixdan ma’lumki, har qanday davlatning barqarorligi undagi xalqlar, millat va elatlarning huquq va erkinliklari faqatgina qonuniy hujjatlarda belgilanishiga emas, balki ularning amalda qay darajada o‘z tasdig‘ini topishiga ham bog‘liqdir. SHu nuqti nazardan qaraganda, mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligi bilan bog‘liq huquqlari nafaqat qonunan mustahkamlab qo‘yilganini, balki amaliyotda ham ushbu Qonundan kelib chiquvchi tamoyillarga qat’iy rioya qilinayotganini hayotiy dalillar ham ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda diniy tashkilotlar hech qanday tazyiqlarsiz, cheklashlarsiz, emin-erkin faoliyat ko‘rsatishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidlash lozim. SHu bilan birga, diniy tashkilotlarning soni o‘sganini ham qayd etish zarur.
Xususan, 1990 yilda respublikamizda 119 ta diniy tashkilot (89 ta islomiy va 30 ta noislomiy) mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 1991 yilda 179 taga (146 islomiy va 33 noislomiy) etdi, 2007 yilning yanvariga kelib esa, ularning soni 2227 tani (2046 ta islomiy, 181 ta noislomiy) tashkil etdi. Ulardan eng yirigi O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Rus Pravoslav cherkovining Toshkent va O‘rta Osiyo Eparxiyasi, Evangel xristian-baptistlar cherkovi, Rim-katolik cherkovi, To‘liq Injil xristianlari cherkovi, O‘zbekiston Bibliya jamiyati. SHuningdek, 1987 ta masjid, 163 ta xristian cherkovi, 8 ta yahudiy sinagogalari, 6 ta Bahoiylar jamoasi, 1 ta Krishnani anglash jamiyati, 1 ta Budda ibodatxonasida fuqarolar emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Mustaqillikkacha bor-yo‘g‘i ikkita islomiy diniy o‘quv yurti (Toshkent islom instituti va «Mir Arab» madrasasi) bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida ularning soni 11 taga etdi. Boshqacha aytganda, Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Buxorodagi «Mir Arab», Toshkentdagi «Ko‘kaldosh», Qoraqalpog‘istondagi «Beruniy», Namangandagi «Mulla Qirg‘iz», Xorazmdagi «Faxriddin ar-Roziy», Andijondagi «Sayyid Muhyiddin Maxdum», Qashqadaryodagi «Xoja Buxoriy», Toshkentdagi «Xadichai Kubro» va Buxorodagi «Jo‘ybori Kalon» xotin-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtlari va Imom al-Buxoriy nomidagi hadis ilmi markazidan iborat yaxlit diniy ta’lim tizimi yaratildi.
2000–2001 o‘quv yilidan boshlab diniy ta’lim muassasalarida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’lim markazining Davlat ta’limi standartlari bo‘limi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ta’lim standartlari va o‘quv rejasi asosida o‘qitish joriy qilindi. Sodda qilib aytganda, o‘quv yurtlarida diniy va dunyoviy ta’limning uzviyligi ta’minlandi.
2000 yildan boshlab Toshkent islom instituti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlari bitiruvchilarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi yo‘llanmasi bilan rejali ravishda respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlarga ishga taqsimlash va 2001 yil yanvar oyidan boshlab, ilk marta diniy bilim yurtlari talabalariga stipendiya berish joriy qilindi.
Yuqoridagi kabi o‘zgarishlarni boshqa konfessiyalar misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, 1998 yildan Toshkent Pravoslav hamda Samarqand Protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsata boshladi, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘rta Osiyo eparxiyasining 125 yilligi va Evangel-Lyuteran jamoasining 100 yilligi nishonlandi.
Xulosa qilib aytganda, xalqimizning diniy va ma’naviy qadriyatlarining hozirgi demokratik jamiyat qadriyatlari bilan uyg‘unlashishi respublikamizning kelajakda yanada ravnaq topishi, jahon hamjamiyatiga qo‘shilishida muhim omillardan biri hisoblanadi.