Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘zbekiston respubl
Yapon milliy dini - sintoizm, uning asosiy aqidalari va marosimlari. Sintoiylik (Sintoizm) dini qadimgi Yaponiyada vujudga kelgan. Uning nomlanishi xitoycha “sinto” (xudolar yo’li) so’zidan olingan. Sintoiylik dinining vujudga kelishiga oid aniq ma’lumotlar mavjud emas. Sintoiylik yana yaponlar uchun ham tarix, ham an’ana, ham hayot tarzi demakdir.
Sintoiylik ta’limotiga ko’ra, Mikado (imperator) - osmon ruhlarining davomchisidir. Har bir yapon kishisi ikkinchi darajali ruhlar (“Kami”)ning vorisidir. Yaponlar “kami”ni ajdodlar va qahramonlarning ruhlari deb e’tiqod qiladilar. Xudojo’y yapon vafot etgach o’zining ham o’sha “kami”lardan biri bo’lishiga ishonadi.
Sintoiylikda oliy iloh tushunchasi mavjud emas. U ajdodlar ruhi va tabiatga sig’inishga o’rgatadi. Sintoiylikda umumiy hayotiy rioya qilinishi lozim bo’lgan qoidalardan boshqa diniy urf-odatlar yo’q. Unda bir umumiy ma’naviy qoida mavjud bo’lib, u ham bo’lsa “Umum qonunlariga rioya qilgan holda Tabiat qoidalariga mos harakat qil”. Yaponlar tasavvurida ular yaxshilik va yomonlik tushunchalarini tabiatan yaxshi bilganlar. Sintoiylik haqidagi ma’lumotlar “Kodziki” (Qadimiy yozuvlar) va “Nixongi” (Yaponiya annallari) manbalarida uchraydi.
“Kodziki” – sintoiylikning muqaddas kitobidir. Bu kitob Yaponiya va u yerda yashovchi xalqlarni tushunishning kaliti hisoblanadi. Unda ikkita asosiy mazmun mujassam: qon-qabilaviy birlik va siyosiy hokimiyat g’oyasi.
Yapon yozuvlarida ta’kidlanishiga qaraganda, olamda birinchi bo’lib tartibsizlik hukmronlik qilgan. Undan so’ng yer osmondan ajralib chiqqan hamda ayol va erkak jinsi paydo bo’lgan. Ayol jinsi timsolida ayol xudo Izdanami, erkak jinsi timsolida uning eri Izdanagi yuzaga keldi. Ulardan ayol jinsidagi quyosh xudosi Amaterasu, erkak jinsidagi oy xudosi TSukiyomi, shamol va suv xudosi Susanoo tug’ildi. Amaterasu g’alaba qilib osmonda qoldi, Susanoo esa yerdagi Idzumo mamlakatiga quvildi. Susanooning o’g’li Okuninusi Idzumo hokimi bo’ldi. Amaterasu bu holatga chidab tura olmay, Okuninusini hokimiyatni o’z nabirasi Ninigiga topshirishga majbur qildi. Ninigi osmondan tushib, Idzumo davlati rahbarligini qabul qildi. Unga hokimiyatning ramzi sifatida uch muqaddas narsa - ko’zgu (ilohiylik timsoli), qilich (qudrat timsoli) va yashma (sadoqat va fidoyilik timsoli) topshirildi. Ninigidan Dzimmutenno kelib chiqdi. Tinno unvoni “oliy hukmdor” ma’nosini anglatadi. Bu so’z boshqa tillarda imperator ma’nosini bildiradi. Dzimmutenno Mikado – yapon imperatorlari sulolasining birinchi namoyandasi, Yaponiyaning afsonaviy birinchi imperatori hisoblanadi. Ko’zgu, qilich, yashma o’sha qadim zamonlardan beri yapon imperatorlari xonadonining belgisi bo’lib qolgan.
Imperator mikado, u bir oiladan iborat millatning boshlig’idir. Yaponiyada 300 yildan ortiq hukmronlik qilgan syogunlar ham o’zlarini mikado namoyandalari deb ataganlar. Sintoiylik ta’limotida yoritilgan Mikado g’oyasining boshqaruvchilik xususiyati hozirgi kunda kuchi anchagina zaiflashgan bo’lsa-da, yaponlar tasavvuridan o’chib ketmagan.
Hozirgacha sintoiylik ibodatxonalarida imperator oilasiga atab turli marosimlar o’tkazilib turadi.
Sintoiylik yaponlarga mavjudot olami, tabiat, insonlar o’rtasidagi o’zaro munosabat haqidagi qarashlarni singdirgan. Bu qarashlar besh tamoyilda namoyon bo’ladi.
Birinchi tamoyilning ta’kidlashicha, butun borliq dunyoning o’z-o’zicha rivojlanishi natijasidir. Dunyo o’z-o’zicha vujudga kelgan bo’lib, u yaxshi va mukammaldir. Sintoiylik ta’limotiga ko’ra, olamni boshqaruvchi kuch olamning o’zida mujassamdir.
Ikkinchi tamoyil hayot kuchini ta’kidlaydi. Hayotdagi har bir tabiiy holat e’tiborga olinadi. Faqatgina “nopok” bo’lgan narsaga ahamiyat berilmaydi. Biroq har qanday “nopok”lik tozalanishi mumkin. SHuning uchun sintoiylik marosimlari insonda moslashishga moyillik uyg’otishga qaratilgan. SHu bois, yaponlar tozalab, isloh qilingan va yapon urf-odatlariga moslashtirilgan har qanday zamonaviylashuvni qabul qiladilar.
Uchinchi tamoyil tabiat bilan tarixni yagona deb tushuntiradi. Sintoiylik ta’limoti dunyoni jonli va jonsizga ajratmaydi. Unga e’tiqod qiluvchilar nazdida dunyodagi hayvonlar, o’simliklar, jismlar, umuman, tabiatdagi barcha narsalar tirikdir va inson vujudida “kami” xudolari yashaydilar. Sintoiylikga ko’ra “kami” dunyosi odamlar dunyosidan alohida dunyo emas, balki u odamlar bilan uyg’unlashib ketgan. SHuning uchun inson najotni qandaydir boshqa dunyodan emas, kundalik hayotda najotga “kami” bilan birlashib ketish natijasida erishiladi.
To’rtinchi tamoyil ko’pxudolik bilan bog’liq. Sintoiylik mahalliy tabiat, urug’, qabila xudolariga bag’ishlangan marosimlardan kelib chiqqan. Sintoiylikning ibtidoiy shamanlik va sehrgarlikka oid odatlari faqatgina V-VI asrlarda imperator sinto ibodatxonalari faoliyatini o’z nazoratiga olgach, hozirgi ma’lum bo’lgan yagona shaklga kirgan. VIII asr boshlarida imperator saroyida sinto ishlari bilan shug’ullanuvchi maxsus bo’lim tashkil etildi. X asrga kelib esa, sinto xudolarining ro’yxati tuzildi. O’shanda ularning soni 3132 ta edi, keyinchalik esa bu son yanada ko’paydi.
Beshinchi tamoyil milliy ruhiy asos bilan bog’liq. Bu tamoyilga ko’ra, sinto xudolari “kami”lar barcha insonlarni emas, balki faqat yaponlarnigina vujudga keltirganlar. SHuning uchun ham yaponlar o’z farzandlariga yoshligidanoq biz sintoga tegishlimiz degan aqidani singdirib boradilar. SHu yo’l bilan axloq normalarini boshqarishning ikki muhim omili mavjud. Birinchidan, “kami” faqatgina yapon millati bilan bog’liq ekanligini tasdiqlash; ikkinchidan, Sintoiylik nuqtai nazaradan agar chet ellik kishi sintoga e’tiqod qilib, “kamiga” ibodat qilsa yapon bo’lmagan kishining bunday qilishi axloqsizlik sanaladi. SHu bilan birga, sintoiylik yaponlarni boshqa dinlarga e’tiqod qilishlariga qarshilik qilmaydi. Mana shuning uchun ham deyarli barcha yaponlar, sintoiylik bilan bir qatorda, yana boshqa bir dinga e’tiqod qiladilar. Agar yaponlarni diniy e’tiqodiga ko’ra guruhlarga ajratib, umumiy soni hisoblanadigan bo’lsa, ularning soni mamlakat umumiy aholi sonidan ko’p chiqadi.
Sintoiylikda har bir ibodatxonaning o’z xudosi bo’lib, uning boshqa ibodatxonalarga hech qanday aloqasi yo’q.
Oddiy yapon kishi uchun uning o’z ibodatxonasi, unda amalga oshiriladigan marosimlar, yilda bir marta bo’ladigan rangin bayramlar hayotining zaruriy qismi bo’lib qolgan. Uning ota-bobolari ham shunday yashaganlar, o’zi ham undan oshirmasdan shu tarzda yashaydi.
1868 yilda Meydzi islohotlaridan keyin sintoiylik ruhoniylarini o’qitadigan ta’lim tizimini yaratishga harakat qilingandi. Kannusi deb ataladigan bunday ruhoniylik lavozimi odatda meros sifatida o’tar edi. 1945 yilda konstitutsiya yo’li bilan din davlatdan ajratildi.
Ibodatxonada turli ibodatlar amalga oshiriladi. Dindorlar altar oldida turib, maxsus katakli qutiga biror tanga tashlaydilar, ta’zim qiladilar, bir necha marta chapak chaladilar va ibodat so’zlarini qaytaradilar. Sinto ibodatxonalarida har xil bayramlar ham tashkil qilinadi.
Sintoiylikning keng tarqalgan bayramlaridan biri Motsuridir. Bu bayram ba’zi ibodatxonalarda yilda bir marta, ba’zilarida esa ikki marta nishonlanadi. Ko’pincha bu bayram dehqonchilik ishlarining boshlanishi, hosil yig’ib olish, shuningdek, ibodatxona yoki mahalliy xudoga bag’ishlangan sana bilan bog’liq bo’ladi. Bayram juda yuqori kayfiyatda o’tadi. Ruhoniylar bayram haqida faqatgina doimiy ibodatga keladigan kishilarni emas, balki atrofdagi barcha aholini xabardor qiladilar. Motsuri bayramida juda ko’p odam to’planib, ular tantanalar va o’yin-kulguda qatnashadilar. Ayrim ibodatxonalarda Motsuri rang-barang karnaval ko’rinishida o’tadi.
Har bir ibodatxonada “sintay” xudosi turadigan “xonden” (muqaddas joy) bor. Xondenning yonida “xayden” (ibodat qiluvchilar turadigan joy) bo’ladi. Ibodatxonalarda xudolar timsoli yo’q. Ammo ba’zi ibodatxonalar sher, ba’zilari tulki, maymun yoki kiyik timsollari bilan bezatilgan. Bu hayvonlar muayyan xudolarning elchisi hisoblanadi. Bularning barchasi sintoiylikning turli-tuman, o’ziga xos milliy e’tiqodlar bilan chambarchas bog’liqligini ko’rsatadi.
Xalq orasida tulki tabiatiga ega bo’lgan odamlarni sehrgar, folbin, bashoratchilik xususiyatiga ega deb hisoblaydilar. Ular tulki timsolidagi xudoga sig’inadilar. Qadimda yaponlar bo’riga sig’inishgan. Yaqin-yaqinlargacha ular bo’rini Akami tog’larining ruhi deb hisoblab kelishgan. SHuningdek, yaponlar toshbaqa, ilon, chuvalchang, baliq, ninachi, akula, krab kabi ko’plab turli hayvonlarni muqaddas hisoblab, ularning timsollarini yomon ruhlardan himoya qiluvchi, omad-baxt keltiruvchi narsalar sifatida uylari, ibodatxonalariga osib qo’yadilar. Undan tashqari, o’simliklardan ba’zi daraxt va gullarni, jonsiz narsalardan tog’, buloq, tosh kabilarni ham ilohiylashtiradilar. SHuni ta’kidlash kerakki, ushbu urf-odatlar diniy e’tiqoddan ko’ra ko’proq xalqning qadimiy tasavvurlari bilan bog’liq.