Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘zbekiston respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti



Yüklə 0,92 Mb.
səhifə19/72
tarix26.12.2023
ölçüsü0,92 Mb.
#197564
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   72
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘zbekiston respubl

Tayanch tushunchalar: Siddxartxa Gautama, Shakyamuni, Budda, dharma, xinayana, maxayana, lama.


Buddaviylik dinining paydo bo‘lish tarixi, asosiy ta'limotlari, oqimlari va manbalari. Buddaviylik (Buddizm) – uchta dunyo dinlari ichida eng qadimiysi hisoblanib, miloddan avvalgi VI-V asrlarda Hindistonda vujudga kelgan. Bu dinga e’tiqod qiluvchilar, asosan, Janubiy, Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida, Shri Lanka, Hindiston, Nepal, Butan, Xitoy, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Mongoliya, Koreya, Vьetnam, Yaponiya, Kombodja, Birma, Tayland, Laosda va qisman Yevropa va Amerika qit’alarida, Rossiyaning shimoliy mintaqalari - Buryatiya, Qalmiqiyada istiqomat qiladilar.
Hozirgi kunda dunyoda buddaviylar soni 750 mln.ga yaqin bo’lib, ulardan 1 mln.ga yaqini monaxlardir.
Buddaviylikni din yoki falsafa, mafkura yoki madaniyat qonunlari to’plami yoki hayot tarzi deb baholash mumkin.
Buddaviylik asoschisi haqida xabar beruvchi folьklor va badiiy adabiyotlar uni Siddxartxa Gautama, SHakyamuni, Budda, Tadxagata, Djipa, Bxagavan kabi ismlar bilan zikr etadilar. Bu ismlarning ma’nolari quyidagicha: Siddxartxa - shaxsiy ismi, Gautama - urug’ ismi, SHakyamuni - shaklar yoki shakiya qabilasidan chiqqan donishmand, Budda - nurlangan, Tadxagata - shunday qilib, shunday ketgan, Djina - g’olib, Bxagavan - tantana qiluvchi. Bu ismlar ichida eng mashhuri Budda ismi bo’lib, uning ismidan dinga buddaviylik nomi berilgan.
Hozirgi kunda Buddaning beshta biografiyasi ma’lumdir: “Maxavostu” – milodning II asrida yozilgan, “Lalitavistara” - milodning II-III asrlarida yuzaga kelgan, “Buddaxacharita” - Budda faylasuflaridan biri Ashvagxoshey tomonidan milodning I-II asrlarida yaratilgan, “Nidanakatxa” – milodning I asrida yozilgan va “Abnixishkramansutra”.
Budda mil. avv. 563 yilda tug’ilib, 483 yilda vafot etgan. Siddxartxa SHakьya qabilasining podshosi SHuddxodananing o’g’li edi. Uning saroyi Himolay tog’lari etagida Kapilavasti degan qishloqda bo’lgan (hozirda Nepal hududida). Onasi - malika Mayya. Podshoh o’g’lini orzu-havaslar og’ushida tarbiyalab, uni hech bir kamchiliksiz katta qiladi. Siddxartxa ulg’ayib qo’shni podshohlardan birining qizi Yashadxaraga uylanadi va o’g’il ko’rib, unga Raxula deb ism qo’yadi.
Hech bir qiyinchilik va kamchilik ko’rmay o’sgan Siddxartxa bir kuni keksa chol, bemor hamda og’ir mehnatli rohibni uchratadi, va nihoyat, bir kishining vafotiga guvoh bo’ladi. Bundan qattiq ta’sirlangan shahzoda insoniyatni qiyinchilik va azobdan qutqarish yo’llarini axtarib saroyni tashlab ketadi. Bu vaqtda u 30 yoshda edi. U besh rohib bilan qishloqma - qishloq kezib yuradi. Ko’p vaqt bu rohiblarga hamrohlik qilib, ularning yo’llarida ma’lum maqsad yo’qligini, bu yo’l o’z oldiga qo’ygan maqsadi – insoniyatni azob uqubatdan qutqarishga olib bormasligini anglaydi va rohiblar jamoasidan ajraladi.
U chakalakzor o’rmonlarda kezib, charchab bir daraxtning tagida dam olish uchun o’tiradi va o’zicha, to haqiqatni topmaguncha shu yerdan turmaslikka qaror qiladi.
Bu o’tirishning 49-kuni uning qalbidan “Sen haqiqatni topding” degan sado keladi. SHu paytda uning ko’z oldida butun borliq namoyon bo’ladi. U hamma joyda shoshilinch qayoqqadir intilishni ko’radi. hech bir joyda osudalik yo’q edi. Hayot nihoyasiz uzoqlikni ko’zlab o’tib ketayotgan edi. Inson aqli yetmas bir kuch. Trishna - yashash, mavjud bo’lish umidi barchani tinchini buzar, halok qilar va yana qayta yaratardi. Mana endi Budda kimga qarshi kurashish kerakligini angladi. SHu ondan u Budda – “nurlangan” deb ataldi. U tagida o’tirgan daraxt esa – “nurlangan daraxt” - Botxa deb atala boshladi.
Budda o’zining birinchi da’vatini Varanasi yaqinidagi Rishipatana bog’ida, o’zining besh rohib do’stlariga qildi va ular uning birinchi shogirdlari bo’ldilar.
Shu kundan boshlab Budda o’z shogirdlari bilan qishloqma-qishloq yurib o’z ta’limotni tarqatib, o’ziga yangi izdoshlar orttiradi. Budda 40 yil davomida o’z ta’limotini Hindistonning turli joylariga yetkazadi va 80 yoshida Kushtnagara degan joyda dunyodan o’tdi. Uning jasadi, hind udumiga ko’ra, u yerda kuydirilib, uning xoki 8 ta budda jamoalariga bo’lib yuborildi va har bir jamoa uni dafn etgan joyida ibodatxona barpo etishgan.
Buddaning hayoti haqida turli afsonalar ham to’qilgan. Bu afsonalarda aytilishicha, Budda ko’p yillar davomida Yer yuzidagi turli mavjudotlar qiyofasida qayta tug’ilgan: 84 marta ruhoniy, 58 marta podshoh, 24 marta rohib, 13 marta savdogar, 18 marta maymun, 12 marta tovuq, 8 marta g’oz, 6 marta fil, shuningdek, baliq, qurbaqa, kalamush, quyon kabi qiyofalarda qayta tug’ilgan. Jami 550 marta qayta tug’ilgan. U doimo qaerda, qay qiyofada tug’ilishini o’ziga o’zi belgilagan.
So’nggi marta uni xudolar insoniyatni to’g’ri yo’lga boshlashi uchun inson qiyofasida yaratganlar. Bu afsonalarning ba’zilariga ko’ra, Yer yuzida Gautamaga qadar 6 ta budda o’tgan. SHuning uchun buddaviylikning ba’zi muqaddas joylarida 7 ta ibodatxona barpo etilgan. 7 ta Botxa daraxti o’tkazilgan. Ba’zi afsonalar 24 ta Budda avlodi o’tgan desa, ayrimlari minglab Buddalar o’tgan deb da’vo qiladi.
Buddaviylik qadimiy hind diniy-falsafiy ta’limotlari asosida vujudga kelgan, amaliyot va nazariyotdan iborat diniy tizimdir. Budda yangi diniy qonun-qoidalar, rasm-rusumlar ishlab chiqmagan. Balki har bir inson tug’ilish va o’lim mashaqqatlaridan qutilishi uchun amal qilishi lozim bo’lgan bir necha ko’rsatmalarni ishlab chiqdi, xolos. Uning ta’limoti insoning hayolida, ishlarida va o’zini tutishida samimiy olijanoblik g’oyasini ilgari suradi. U vedalardagi gunohsizlik ta’limotini inkor qildi, hayvonlarni qonli suratda qurbonlik qilishni qoraladi, varna (kasta) tizimini va undagi ruhoniylarning boshqalardan ustunligini inkor qildi.
Budda oliy yaratuvchi kuchning borligiga shubha va ishonchsizlik bildirgan. Uning fikricha, eng muhimi insonning shaxsiy kamoloti va ezgu hayot kechirishidir.
Budda ta’limotining asosi “hayot – bu azob-uqubat” va “najot yo’li mavjud” degan g’oyadir. Buddaviylik qonuniyatlariga ko’ra, inson o’ziga moslashgan mavjudot bo’lib, o’zida tug’iladi, o’zini-o’zi halok qiladi yoki qutqaradi. Bu narsa Buddaning ilk da’vatida mujassamlashgan 4 haqiqatda o’z ifodasini topgan.
Birinchi haqiqat - “Azob-uqubat mavjuddir” har bir tirik jon boshidan kechiradi, shuning uchun har qanday hayot – qiynoq, azob-uqubatdir.
Tug’ilish – qiynoq, kasallik – qiynoq, o’lim – qiynoq, yomon narsaga duch kelish –- qiynoq, yaxshi narsadan ayrilish – qiynoq, yomon narsadan ayrilish – qiynoq, o’zi xohlagan narsaga ega bo’lmaslik – qiynoq. Dunyo tuzilishining asosiy qonuni bir-biriga bog’liqlik. Hech bir narsa ma’lum sababsiz yaralmaydi. Lekin har bir hodisa yoki harakatning birlamchi sababini aniqlash mumkin emas. SHuning uchun buddaviylik dunyoni shu holicha qabul qilishga chaqiradi.
Buddaviylik ta’limotiga ko’ra, har qanday narsa yoki hodisa u hoh moddiy, xoh ma’naviy bo’lsin, dxarma (element)lardan tuzilgan. Bu elementlar esa o’z xususiyatiga ko’ra, harakatsiz bo’lib, ularni harakatlantiruvchi kuch insonning xayol va so’zlaridir. Ob’ektiv haqiqat bu doimiy ravishda o’zgarib turuvchi dxarmalar oqimidir. Harakatdagi dxarmalar mavjudligining 5 formasi – tana, sezgi, his-tuyg’u, harakat, anglashni yaratadi. Bu besh forma insonni tashkil qiladi. Inson ular yordamida yashaydi va borliq bilan aloqa qiladi, yaxshi yoki yomon ishlarni bajaradi. Bu narsa insonning o’limi bilan tugallanadi. Insonni tashkil qiluvchi besh forma (skandx) o’z navbatida qayta tug’iladi. Yangi tananing xususiyatlari asos bo’luvchi besh natijani beradi: faoliyat, gumrohlik, xohish, istak va norma. Bu jarayon “hayot g’ildiragi”ni tashkil qiladi. “Hayot g’ildiragi”da doimiy ravishda aylanib, inson abadiy qiynoqqa duchor bo’ladi.
Ikkinchi haqiqat - “qiynoqlarning sabablari mavjuddir”.
Inson moddiy narsalar yoki ma’naviy qadriyatlardan foydalanib, ularni haqiqiy va doimiy deb hisoblaydi hamda doimo ularga ega bo’lishga intiladi. Bu intilish hayot davomiyligiga olib boradi. Yaxshi yoki yomon niyatlardan tuzilgan hayot daryosi, orzular va intilishlar sababli kelajak hayot uchun karma hozirlaydi. Demak, qayta tug’ilish, yangitdan qiynoqlarga duchor bo’lish davom etadi. Buddaviylar fikricha, Buddadan keyin hech kim Nirvana holatiga erisha olmagan.
Uchinchi haqiqat - “qiynoqlarni tugatish mumkin”. Yaxshi yoki yomon niyatlar, intilishlardan butunlay uzilish Nirvana holatiga to’g’ri keladi. Bu holatda inson qayta tug’ilishdan to’xtaydi. Nirvana holati, buddaviylar fikricha, “hayot g’ildiragidan” tashqariga chiqish, “men” degan fikrdan ajralib, insonning hissiy tuyg’ullarini to’la tugatishdir.
To’rtinchi haqiqat - qiynoqlardan qutilish yo’li mavjuddir. Bu yo’l - “Sakkizta narsaga amal qilish, to’g’ri tushunish, to’g’ri harakat qilish, to’g’ri muomalada bo’lish, fikrni to’g’ri jamlash”. Bu yo’ldan borgan inson Budda yo’lini tutadi.
Bu sakkiz narsaga amal qilish meditatsiya deb nomlanadi. Buddaviylik ta’limoti asosan uch qismdan iborat: meditatsiya, axloq normalari, donishmandlik.
1. Meditatsiya deganda quyidagilar tushuniladi:

  • To’g’ri tushunish (e’tiqod qilish) – Buddaning birinchi da’vatida yuritilgan so’z to’rt haqiqatni bilish va unga ishonish;

  • To’g’ri niyat qilish – dunyoviy lazzat-halovatlardan xalos bo’lishga, keraksiz fikrlar va boshqalarga zarar yetkazib qo’yishdan saqlanishga intilish;

  • To’g’ri o’zini tutish – o’zingniki bo’lmagan narsani olmaslik, ortiqcha hissiyotga berilmaslik;

  • To’g’ri anglash – o’z tanasi va ruhiga o’zini yo’qotib qo’ymaydigan darajada nazoratda bo’lish hamda bunda ehtiroslar va iztiroblarga chek qo’yish;

  • To’g’ri harakat qilish – o’zidagi yomon tuyg’ularni jilovlash hamda ezgu tuyg’ular va harakatlarni rivojlantirish;

  • To’g’ri hayot kechirish – noma’qul hayot tarzidan saqlanish;

  • To’g’ri fikr yuritish – kamolotning to’rt bosqichini ketma-ket bosib o’tish;

  • To’g’ri gapirish – yolg’ondan, tuhmatdan, haqoratdan va befoyda gaplardan saqlanish.

2. Axloq normalari – bu Budda “Pancha SHila” besh nasihati:

  • Qotillikdan saqlanish;

  • O’g’rilikdan saqlanish;

  • Gumrohlikdan saqlanish;

  • Yolg’on, qalbaki narsalardan saqlanish;

  • Mast qiluvchi narsalardan saqlanish.

3. Donishmandlik – bu buddaviylikning asosiy maqsadi bo’lib, narsalar tabiatini to’g’ri tushunishdan iborat.
Yuqorida ko’rsatilgan uch amaliyot bosqichini o’tagan inson oxir oqibatda oliy saodatga, ya’ni nirvana holatiga erishadi. Nirvana so’zma-so’z “o’chish, so’nish” ma’nolarini anglatadi. Unda hayotning har qanday ko’rinishiga intilish yo’qoladi.
Barcha jaxon dinlari kabi buddiylik ham ijtimoiy taraqqiyot natijasida va turli mamlakatlardagi ijtimoiy guruhlar tuzumlarning xususiyatlarga qarab, turli mazxablarga bo’linib ketgan.
«Xinayana» buddizimning asosiy yo’nalishlaridan biridir. «Xinayana» «kichik arava» ma’nosini anglatib, u diniy yo’nalish sifatida eramizdan avvalgi I asrda shakllangan. «Xinayana» ta’limotiga ko’ra draxmalar tabiatini o’rganishga va nirvanaga ma’naviy yo’l bilan erishiladi. Bu yo’l juda og’ir. SHu sababli faqat monaxlargina nirvana xolatiga yetishish mumkin. Bu yo’nalish SHarqiy Xindistonda, SHri-lanka, Xidi-Xitoy davlatlarida tarqalgan.
Maxayana yo’nalishi ruhiy kamolot axdiga rioya etuvchi, Xudoga iltijo qiluvchi roxiblarga in’omlar berib, yordam ko’rsatuvchi har qanday oddiy dindor najot topish mumkin, degan ta’limotga asoslanadi. Bu Xudolarga ishonish yo’llari barcha uchun mumkin bo’lganligi sababli u «katta arava» nomini olgan.
Lamaizm yo’nalishi-u Tibet tilidi «lama»-«eng ulug’» degan ma’noni anglatadi. Lamavizm Tibetda XII-XIV asrlarda vujudga kelgan. Buddizmni barcha aqidalarini qabul qilgan lamaizmda inson faqat lamalar yordamida najot topadi. Lamalarsiz nirvanaga erishish u yoqda tursin kishi bu dunyoga qaytib kelishda ham xech narsaga erisha olmaydi.
Buddiylikning bu mazxabi maxalliy xalqlar o’rtasida qadimdan mavjud bo’lgan diniy tasavvur va urf-odatlarni o’zlashtirgan. Lamaizmda buddiylikka xos tasavvurlar bilan bir qatorda, Buddaning yana qaytib kelishi va yer yuzida adolatli xokimiyat o’rnatishi to’g’risidagi uydirmaga keng o’rin berilgan. Lamaizmni ko’chmanchi, qoloq, savodsiz xalq hayotiga moslashtirishga urinish mavjud; undagi ibodat qilish tartibi ham ancha soddalashtirilgan
Xindistonda quldorlik tartiblari barham topishi bilan buddaviylik braxmanizmga tobora yaqinlashib borgan; keyinchalik xinduizmga qo’shilib ketgan. XI-XII asrlarda buddiylik Xindistonda o’z ta’sirini deyarli butunlay yo’qotgan.
Buddiylik ta’limotini tartibga solish maqsadida 1871 yilda Birmada buddistlarning maxsus ibodatxonasida Tripitakaning turli tarjimalari va variantlarini taqqoslash natijasida yagona teksti ishlab chiqilgan edi. Yangi tekst mazmuni 729 ta marmar plitaga tushurilgan edi. Bu yozuvlar saqlangan ibodatxona dunyo buddistlarining muqaddas joyiga aylantirilgan.
Buddiylik ruhoniylari xalqaro miqyosda uning mavqeini kuchaytirishga harakat qilmoqdalar. SHu maqsadda buddiylikning turli tashkilotlarini birlashtirmoqdalar, buddistlarning xalqaro konferentsiyalari, s’ezdlarini muntazam o’tkazmoqdalar.
Buddiylikning bir necha xalqaro tashkilotlari mavjud. SHulardan eng yirigi Jaxon buddistlari qardoshligidir. U 1950 yili tuzilgan. 1956 yili otaxon buddistlarining bu din paydo bo’lganligining 2500 yilligi nishonlandi.

Yüklə 0,92 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin