Boy shimol mamlakatlarining iqtisodiy taraqqiyoti o‘ziga xos jinoiy globallashuvni jonlantiradi. Rivojlangan mamlakatlarning o‘zaro munosabatlarida vujudga keladigan global jinoiy muammolar
Qonuniy iste’mol tovarlari kontrabandasi. Tamaki, alkogol ichimliklari va dabdabali buyumlar (masalan, qimmatbaho avtomobillar) kabi qonuniy kontrabanda tovarlariga talab yuqori import uchun boj to‘lovlari va aksizlarga ega bo‘lgan mamlakatlarda juda yuqoridir. Chunki ushbu mamlakatlarda qonuniy tovarlar qimmatlashib ketadi. Shu sababdan, jahon xo‘jaligida faqatgina taqiqlangan tovarlar emas, balki oddiy tovarlar kontrabandasi ham daromad keltiradi. Bunga iste’molchilarni qimmat tovarlarni bojxona yig‘imlari to‘lamasdan arzon narxlarda sotilishi mumkinligi sababchi bo‘lmoqda. Qonuniy tovarlar kontrabandasini tashkilotchilari sifatida faqatgina mafiyaga tegishli firmalar emas, balki rivojlangan mamlakatlarning oddiy qonuniy firmalari ham namoyon bo‘ladilar, ularning asosiy maqsadi bojxona bojlarini aylanib o‘tish hamda ko‘proq bozorlarni egallashdir. Masalan, jahon sigaret bozori eksportining 1/3 qismi kontrabandaga to‘g‘ri keladi.
Pullarni poklab olish (yuvish) va daromadlarni yashirish. Ba’zi tadqiqotchilarning hisob-kitoblari bo‘yicha har yili taxminan 500-1000 mlrd.AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ poklab olinadi (yuviladi), bu xalqaro savdo umumiy hajmining 10 foizga tengdir. Xorijiy kompaniyalar va banklarni ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyat yuritishning qulay shart-sharoitlari, bank sirlarini saqlash kafolatlari va siyosiy barqarorligi bilan o‘ziga jalb etuvchi “soliq bandargohlari” faqatgina rivojlanayotgan mamlakatlarda emas (Kayman va Bermud orollari kabi), balki rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud – masalan, Shveysariya yoki Lyuksemburg. Bunday bank markazlarining mijozlari bo‘lib sof mafiya tashkilotlari (birinchi navbatda narkobiznes bilan bog‘liq), hamda o‘z daromadlarini soliqdan yashiruvchi qonuniy transmilliy korporatsiyalar hisoblanishadi.