63-modda. Otalik (onalik) to‘g‘risida e’tiroz bildirish Tug‘ilishni yozish daftaridagi tug‘ilishga oid yozuv bolaning unda ko‘rsatilgan ota-onadan tug‘ilganligini tasdiqlovchi dalil hisoblanadi.
Bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaxs unga bunday yozuv ma’lum bo‘lgan yoki ma’lum bo‘lishi lozim bo‘lgan vaqtdan e’tiboran bir yil mobaynida ana shu yozuv to‘g‘risida sud tartibida e’tiroz bildirishga haqlidir. Agar shu vaqtga kelib, bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaxs voyaga yetmagan bo‘lsa, bir yillik muddat mazkur shaxs o‘n sakkiz yoshga to‘lgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
64-modda. O‘zaro nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan bolalarning huquq va majburiyatlari Ushbu Kodeksning 61 va 62-moddalarida nazarda tutilgan tartibda otalik belgilanganda bolalar ota-onasi va ularning qarindoshlariga nisbatan o‘zaro nikohda bo‘lgan shaxslardan tug‘ilgan bolalar bilan teng huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladilar.
IV BO‘LIM. OTA-ONA HAMDA VOYAGA YETMAGAN BOLALARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI 11-bob. Voyaga yetmagan bolalarning shaxsiy nomulkiy huquqlari 65-modda. Bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega, bola manfaatlariga zid bo‘lgan holatlar bundan mustasnodir.
Bola o‘z ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, o‘z manfaatlari ta’minlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqiga ega.
Bolaning ota-onasi bo‘lmaganda yoki ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda va bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan boshqa hollarda uning oilada tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi.
66-modda. Bolaning ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqi Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota-onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi.
Ota va ona alohida yashagan holda bola ularning har biri bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ota-ona turli davlatlarda yashagani taqdirda ham bola ular bilan ko‘rishish huquqiga ega.
Favqulodda vaziyatlarga tushib qolgan bola (ushlab turish, qamoqqa olish, hibsga olish, davolash muassasasida bo‘lish va boshqa hollarda) o‘z ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunda belgilangan tartibda ko‘rishish huquqiga ega.