Mavzu:Bolalar nutqidagi kamchiliklar Reja: - Nutq va uni o’stirish tushunchasi
- Nutq turlari
- O’quvchilar nutqiga qo’yiladigan talablar
Nutq - kishi faoliyatining turi, til vositalari (so’z, so’z birikmasi, gap) asosida tafakkurni ishga solishdir. Nutq o’zaro aloqa va xabar, o’z fikrini his-hayajon bilan ifodalash va boshqalarga ta’sir etish vazifasini bajaradi.
Yaxshi rivojlangan nutq jamiyatda kishi faoliyatining muhim vositalaridan biri sifatida xizmat qiladi. O’quvchi uchun esa nutq maktabda muvaffaqiyatli ta’lim olish qurolidir.
Nutq o’stirish nima? Agar o’quvchi va uning tildan bajargan ishlari ko’zda tutilsa, nutq o’stirish deganda tilni har tomonlama (talaffuzi, lug’ati, sintaktik qurilishini, bog’lanishli nutqni) faol amaliy o’zlashtirish tushuniladi. Agar o’qituvchi ko’zda tutilsa, nutq o’stirish deganda, o’quvchilarning tilning talaffuzi, lug’ati, sintaktik qurilishi va bog’lanishli nutqni faol egallashlariga yordam beradigan metod va usullarni qo’llash tushuniladi. SHuning uchun ham grammatika va imlo dasturi tovushlar va harflar, so’z, gap, bog’lanishli nutq kabi qismlarni o’z ichiga olgan. Ona tili dasturining bo’limlari «Xat-savod o’rgatish va nutq o’stirish», «O’qish va nutq o’stirish», «Grammatika, imlo va nutq o’stirish» deb nomlangan.
Nutq o’stirishning metodik sharti nutqiy faoliyatning keng tizimini yaratish, ya’ni, birinchidan, yaxshi nutq namunasini idrok etish, ikkinchidan, o’rgangan til vositalaridan foydalanib, o’z fikrini bayon etish uchun sharoit yaratish hisoblanadi.
Bola tilni nutqiy faoliyat jarayonida o’zlashtiradi. Buning o’zi yetarli emas, chunki u nutqni yuzaki o’zlashtiradi. Nutqni egallashning qator aspektlari mavjud. Bular:
1. Adabiy til me’yorlarini o’zlashtirish. Maktab o’quvchilarni adabiy tilni sodda so’zlashuv tilidan, sheva va jargondan farqlashga o’rgatadi, adabiy tilning badiiy, ilmiy, so’zlashuv variantlari bilan tanishtiradi.
2. Jamiyatimizning har bir a’zosi uchun zarur bo’lgan muhim nutq malakalarini, ya’ni o’qish va yozish malakalarini o’zlashtirish. Bu bilan o’quvchilar yozma nutqning xususiyatlarini, uning og’zaki-so’zlashuv nutqidan farqini bilib oladi.
3. O’quvchilar nutq madaniyatini takomillashtirish. Til jamiyatdagi eng muhim aloqa vositasidir. Tilning mana shu ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, maktabda o’quvchilarning nutq madaniyatiga alohida e’tibor beriladi.
Bu vazifalarni bajarish uchun o’qituvchi o’quvchilar bilan rejali ish olib borishi lozim. Buning uchun esa o’quvchilar nutqini o’stirish ustida ishlash tushunchasiga nimalar kirishini bilib olish muhimdir.
Nutq o’stirishda uch yo’nalish aniq ajratiladi: 1) so’z ustida ishlash; 2) so’z birikmasi va gap ustida ishlash; 3) bog’lanishli nutq ustida ishlash.
So’z, so’z birikmasi va gap ustida ishlash uchun lingvistik baza bo’lib leksikologiya (frazeologiya va stilistika bilan birgalikda), morfologiya, sintaksis xizmat qiladi; bog’lanishli nutq esa mantiqqa, adabiyotshunoslik va murakkab sintaktik butunlik lingvistikasiga asoslanadi.
Ko’rsatilgan uch yo’nalish parallel olib boriladi: lug’at ishi gap uchun material beradi; so’z, so’z birikmasi va gap ustida ishlash bog’lanishli nutqqa tayyorlaydi. O’z navbatida, bog’lanishli hikoya va insho lug’atni boyitish vositasi bo’lib xizmat qiladi.
O’quvchilar nutqini o’stirish o’z metodik vositalariga ega, o’zining mashq turlari bor. Bulardan eng muhimlari bog’lanishli nutq mashqlari hisoblanadi.
Nutq o’stirishda izchillik to’rt shartni, ya’ni mashqlarning izchilligi, istiqboli, xilma-xilligi, xilma-xil mashq turlarini umumiy maqsadga bo’ysundirish ko’nikmasini amalga oshirish bilan ta’minlanadi. Har bir yangi mashq oldingisi bilan bog’lanadi va keyingisiga o’quvchilarni tayyorlaydi, umumiy maqsadga bo’ysungan holda yana qandaydir yangilik qo’shadi.
Kishilar tildan fikr bayon qilish quroli sifatida foydalanadilar. Ular o’z fikrlarini ovoz bilan eshittirib bayon qilishdan oldin u haqda o’ylab oladilar. Bu ichki nutq hisoblanadi. Ichki nutq eshittirilmagan va yozilmagan, «o’ylangan» (fikrlangan) nutqdir, bu nutq fikrlovchi kishining o’ziga qaratiladi. Tashqi nutq tovushlar yordamida eshittirilib yoki grafik belgilar bilan yozilib, boshqalarga qaratilgan nutqdir. Ichki va tashqi nutqning fiziologik tabiati bir xil; farqi − tashqi nutqda nutq a’zolarining harakati natijasida tovush chiqariladi yoki yozib bayon etiladi; ichki nutqda nutq a’zolarining harakati tovushsiz yuzaga keladi.
Ichki nutq materialni tushunish va yodda saqlashga yordam beradi, tashqi nutqni o’stirishda birdan-bir zaruriy vosita hisoblanadi. O’ylash, fikr yuritish ichki nutq asosida bo’ladi. Ichki nutq o’quvchini tashqi nutqqa, javobgarlikni his qilib gapirishga o’rgatadi. Ichki nutq jarayonida o’ylash o’quvchining nutqi va tafakkurining o’sishida muhim vositadir.
Maktabda o’quvchilarning tashqi nutqigina emas, balki ichki nutqi ham o’stiriladi. Bolalar ichda o’qishga o’rganadilar va ichki nutqda materialni o’zlashtiradilar, turli vazifalarni o’zlari hal qiladilar, asosiysi − o’zlarining og’zaki va yozma fikrlarini tayyorlab oladilar.
O’quvchilar nutqini o’stirishda aniq belgilangan bir qator talablarga rioya qilinadi:
Dostları ilə paylaş: |