XAVFSIZLIK HAQIDA YANA BIR ESLATMA
Agar jamoat transportida qarovsiz yotgan buyum bo'lsa, atrofdagilardan kimning buyumi ekanligini so'rang, hech kim javob bermasa, darhol haydovchiga xabar bering.
Agar qarovsiz yotgan buyum uy eshigi oldida yoki yo'lakda bo'lsa, qo'ni-qo'shnilardan kimning buyumi ekanligini so'rang, egasi topilmasa, darhol ichki ishlar idoralariga yoki 02 ga xabar bering va topilmani ko'rgan vaqtingizni belgilab qo'ying.
Agar qarovsiz yotgan buyum maktab va maktabgacha bo'lgan muassasalar binosi ichida bo'lsa, darhol ma'muhyatgaxabarqiling.
Agar qarovsiz yotgan buyum bozorlarda yoki do'konlarda bo'lsa, zudlik bilan ma'muriyatga yoki ichki ishlar bo'linmasiga xabar qiling.
Maktab tevarak atrofida transport vositalarining to'xtashi 150 metr masofada ruxsat etiladi. Bundan yaqin masofada turgan transport vositasi ko'rsangiz zudlik bilan bino ma'muriyatiga yoki 02 ga xabar qiling.
Yangi tahrirdagi “Yo`l harakati qoidalari”ga 15 ta qo`shimcha kiritildi(Intervyu)
09:03, 20 yanvar
Hozirgi kunda butun dunyoda harakatlanish xavfsizligini ta`minlash ishi eng dolzarb muammolardan biriga aylangan. Chunki, yo`l-transport hodisalari natijasida mamlakatlar iqtisodiyotiga juda katta zarar etmoqda. Bunday hodisalar ma`naviy jihatdan ham insonlarga o`nglab bo`lmas darajadagi zararni yuzma-yuz qilmoqda. Kuniga avtomobil g`ildiraklari ostida ko`z yumayotgan begunoh insonlar orasida kimningdir otasi, kimningdir onasi, ba`zilarning jondan aziz farzandlari borligini tasavvur qiladigan bo`lsak bu hodisalarning ayanchli ko`rinishi yaqqol namoyon bo`ladi.
Yo`l-transport hodisalarining oqibatida kelib chiqayotgan moddiy zararlar, ma`naviy yo`qotishlar va bu hodisalarning inson hayoti va sog`lig`iga solayotgan xavfini hech kim inkor eta olmaydi.
Oldimizda ana shunday muammo turgan ekan uni echimini topish ustida hamma birdek ish olib bormog`i lozim. Kuni kecha, aniqrog`i 2015 yilning 24 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 370-sonli qaror imzolandi. Mazkur qarorga asosan mamlakatimizda 2016 yilning 1 mart kunidan boshlab bir qator o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilganyangi tahrirdagi "Yo`l harakati qoidalari" amalga kiritiladi.
Biz yangi tahrirdagi "Yo`l harakati qoidalari" to`g`risida O`zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi boshlig`i Xolmatjon Ahmedovich Saydalievga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
- Xolmatjon Ahmedovich, qoidalarni yangilashdan ko`zlangan asosiy sabab nimada?
- Shuni ta`kidlash lozimki mamlakatimizda harakat xavfsizligini ta`minlash muammolariga doimiy ravishda alohida e`tibor bilan qarab kelinmoqda. Ushbu yo`nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yo`l transport hodisalarining yildan-yilga kamayib borishiga munosib ulush qo`shmoqda. Xususan, mustaqillik yillarida soxaga taalluqli Qonunlar, hukumat qarorlarini yangilanishi, ularni davr talabidan kelib chiqqan holda doimiy yangilanib, qo`shimchalar bilan to`ldirib borilishi ham muammo echimiga ijobiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Bunga misol qilib 1999 yilda "Yo`l harakati xavfsizligi to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilinganligini, 2013 yilda u qayta ishlanib, mahalliy shart-sharoitlarni hamda harakat ishtirokchilarining taklif va istaklarini inobatga olgan holda qayta qabul qilinishini ko`rsatish mumkin. Bundan tashqari O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining yo`l xarakati sohasidagi bandlariga 12 marotaba qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritilganligini ham aytib o`tish lozim.
Bugungi kunda yuqorida ta`kidlanganidek, yo`l-transport hodisalari, ularda jarohatlangan va halok bo`lganlarning soni kamayishiga erishilayotganligi ushbu sa`y-harakatlarning ijobiy mahsulidir.
Albatta, harakatlanish xavfsizligini ta`minlash ishlarining samaradorligini oshirishda "Yo`l harakati qoidalari"ning o`rnibeqiyosdir. Shu sababli qoidalar doimiy va uzluksiz, mahalliy shart-sharoit, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasida orttirilgan tajribalar asosida takomillashtirib borilmoqda.
So`nggi yillarda amalda bo`lgan «Yo`l harakati qoidalar»ga mahalliy shart-sharoitlar, joriy etilayotgan yangiliklardan kelib chiqgan holda bir-necha bor o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad harakatlanish xavfsizligini ta`minlash samaradorligini oshirishga qaratilgan.
2015 yilning Yangi qabul qilingan yo`l harakati qoidalari ham xuddi shu maqsadlarni ko`zda tutib tayyorlangan. Uning loyihasi barcha mutasaddi vazirlik idora va tashkilotlarning tajribali mas`ul mutaxassislari tomonidan tayyorlanib o`rganib chiqilgan.
-"Yo`l harakati qoidalari"ga kiritilgan o`zgarish va qo`shimchalar to`g`risida batafsilroq to`xtalib o`tsangiz.
-Yangi tahrirdagi "Yo`l harakati qoidalari"ga 15 ta qo`shimcha kiritildi. Bundan tashqari bir qancha o`zgarishlar amalga oshirildi. Ayrim atamalar hamda tushunchalarga aniqliklar kiritildi. Shularning ayrimlariga bir oz to`xtalib o`tamiz, shunda ularning mohiyati yanada aniqlashadi.
Ahamiyat bergansiz, avvalgi va qabul qilingan Yo`l harkati qoidalarida, ya`ni uning matnida "avtopoezd" degan so`z ko`p eslatib o`tilgan va uning taniqlik belgisi ham bor. Shu sababli YHQlarini umumiy qismiga (1 bob) "Avtopoezd" atamasi kiritilib uning tushunchasi yoritib berildi. Unga tortuvchi avtomobil va yarim tirkama yoki avtomobil prisep(lar)ining qo`shilgan tarkibi kirishi belgilab qo`yildi. Mamlakatimiz hududida ham shunday "avtopoezd"lar harakatlanishini inobatga olgan holda bu atama kiritildi.
Bilasiz,O`zbekiston Respublikasida hozir amalda bo`lgan "Yo`l harakati qoidalari"da "motosikl" atamasiga "kajavali yoki kajavasiz ikki g`ildirakli mexanik transport vositasi. Yuklanadigan holatdagi vazni 400 kilogrammdan oshmaydigan uch g`ildirakli mexanik transport vositalari ham motosikllarga tenglashtiriladi" deb izoh berilgan edi. Bu izoh hozirgi kun talabiga to`liq javob bera olmay qoldi.Chunki, hozirgi kunda texnika taraqqiyoti natijasida avtomobil yo`llarimizda "motosikl" atamasi bilan aytilmaydigan, ammo aynanshu turkumga mansub bo`lgan ikki, uch va to`rt g`ildirakli mexanik vositalar ya`ni, zamonaviy kvadrosikllar, skuter va elektroskuterlar ko`payib bormoqda. O`z-o`zidan ravshanki ular tomonidan ham "Yo`l harakati qoidalari"ning buzilish holatlari uchrab turibdi. So`zsiz bunday holatlarni tartibga keltirish uchun, qoidaga tegishli o`zgartirish kiritish zarurati yaqqol ko`rinib qoldi.
Shu sababli, "Motosikl" tushunchasi kengaytirilib, dvigatel ish hajmi 50 santimetr3 dan yuqori, tezligi 50 kilometr soatdan ortiq skuter, elektroskuter va kvadrosikllar shu atamaga kiritildi. Endilikda sanab o`tilgan transport vositalari motosikl sifatida ro`yxatga olinadi va ularga davlat raqam belgilari beriladi. Bunday turdagi transport vositasini boshqaradigan haydovchilar «A» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ega bo`lishlari shart bo`ladi.
-Demak, hozirgi kungacha bunday transport vositalarini davlat raqam belgisisiz va haydovchilik guvohnomasisiz boshqarish mumkin bo`lgan, shundaymi?
-Ha, endilikda bu mumkin emas. Agar bunday qoidabuzarlik qayd etiladigan bo`lsa, haydovchilarga nisbatan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining tegishli moddalariga asosan chora ko`riladi.Ya`ni, foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalari boshqarilsa Kodeksning 125-moddasining 5 qismiga asosan joriy etilgan eng kam oylik ish haqining besh barobari miqdorida jarima solinadi. Agar haydovchilik guvohnomasisiz transport vositasi boshqarilsa Kodeksning 135-moddasining 2 qismiga asosan joriy etilgan eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida jarima jazosi qo`llanadi.
Yuqorida aytib o`tganimdek avvalgi "Yo`l harakati qoidalari"da ba`zi bir iboralar o`zining to`liq ifodasini topmagan edi. Ana shundaylardan biri bu "Yo`l marzasi" ya`ni yo`l yoqasi iborasidir.Bu ibora "Yo`l harakati qoidalar"ida ko`p uchraydi.Ammo u qoidalarning atamalar bobida ko`rsatilmagan. Shu sababli uni har bir o`qigan odam o`zicha tushinar edi.Yangi qoidada bu kamchilik bartaraf etildi. "Yo`l marzasi"bu harakatlanish bo`lagi bilan bir sathda joylashgan bo`lib, undan 1.1 chizig`i bilan ajratilgan yoki boshqa qoplama yotqizilgan, transport harakati, to`xtashi, to`xtab turishi (mazkur Qoidalar talablariga muvofiq) uchun mo`jallangan yo`l elementi deb belgilab qo`yildi.
Ma`lumki, transport vositalarida tashilayotgan yo`lovchilar, ayniqsa, bolalar xavfsizligi ta`minlash nihoyatda mas`uliyatli masala.Shu sababdan "Yo`l harakati qoidalari"ga «Bolalar guruhini tashkiliy tashish» atamasi kiritildi.Unga ko`ra 8 va undan ortiq bolalarni avtobusda tashish(yo`nalishli transport vositalari bundan mustasno) bolalarni tashkiliy tashish ekanligi belgilab berildi.O`ylaymizki, ushbu tushunchani kiritilishi bolalarni tashish ishlarini tashkillashtirayotgan maktab va maktabgacha muassasalar, kollejlar, mehribonlik uylari rahbarlari oldiga, shu jumladan bizning xizmat vakillari zimmasiga katta mas`uliyat yuklaydi.
"Yo`l harakati qoidalari"ni e`tibor bilan o`qiganlar bilishadiki unda "haqiqiy vazn" so`zi ko`p uchraydi. Bu so`z asosan transportga oid me`yorlar va davlat standartlaridan olingan. Shu bois Qoidalarga transport vositasini haqiqiy vaznini (fakt bo`yicha) belgilash uchun "Haqiqiy vazn" atamasi kiritildi. Demak, "haqiqiy vazn" deganda biz transport vositasining yuki, haydovchisi va yo`lovchisi bilan birgalikdagi haqiqiy vaznini tushinamiz. Bu yo`llarning og`irlik ko`tarish imkoniyatiga qarab transport vositalarining yo`nalishlarini belgilashda muhimdir.
Sohaga axborot kommunikasion texnologiyalarni joriy etishga alohida e`tibor bilan qarab kelinayapti. Ko`pchilikka ma`lumki, keyingi 5 yillikda DYHXX yo`l patrul xizmati faoliyatida yo`l harakati doirasidagi huquqbuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash amaliyoti keng qo`llanilmoqda. Shu sababli "foto va videofiksasiya" iborasi yo`l harakati qoidasida o`z aksini topib, ma`muriy hujjatlarda ham qayd etilmoqda.
Bundan tashqari haydovchilarni ogohlantirish uchun «Foto va videofiksasiya» axborot-ishora belgisi ham joriy etildi. Bu kiritilgan yangilikning dolzarbligi Toshkent shahrida yo`l harakati xavfsizligini kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimini ishga tushishi bilan ham chambarchas bog`liq.
Hozir bu yangilik on-layn tizimida faoliyat yuritayapti. Biz harakat ishtirokchilarini jazolash yo`li bilan emas, balki ularni ogohlantirish, qoidalarga amal qilishga chaqirish yo`li bilan qoidabuzarliklarga qarshi kurashamiz.
- Yangi qoidalarda haydovchilarga ham bir zator majburiyatlar yuklatilibdi, ular nimalardan iborat?
- To`g`ri, yangi tahrirdagi "Yo`l harakati qoidalari"da haydovchilarga bir qator muhim majburiyatlar ham yuklatildi. Endilikda haydovchi harakatni boshlashdan oldin yo`lovchilarni harakat vaqtida tanani(qo`lni chiqarish bunga kirmaydi) avtomobil salonidan tashqariga chiqarish mumkin emasligi haqida ogohlantirishi shart. Xuddi shu talab qoidaning yo`lovchilarga tegishli 24 bandiga ham qo`shimcha qilindi. Bilasiz, so`nggi vaqtlarda, ayniqsa, to`y tantanalarida tanasini tashqariga chiqarib video tasvirga olayotganlar tez-tez uchrab turardi. Bu esa harakatlanish xavfsizligiga jiddiy raxna soladi. Shu sababli mana shu o`zgartirish kiritildi. Bundan tashqari haydovchi yo`lovchilarga xavfsizlik kamarini taqib olish shartligini aytishi shart.
Shu o`rinda ayrim mulohazalarni aytib o`tish o`rinli bo`lardi. Bu o`zgarishlar o`z-o`zidan qabul qilinayotgani yo`q. Ular ko`p yillik izlanishlar, tadqiqotlar, tahlillar, harakat ishtirokchilarining fikr-mulohazalarini o`rganish natijasida amalga oshiriladi. Shu sababli bu yangilikni faqat soxa xodimlari emas, keng jamoatchilik, ota-onalar, maktab va kollej o`qituvchilari ham o`rganib, uni boshqalarga ham o`rgatishi kerak. Xalqimiz, "Yo`l qoidasi-umr foydasi" deb bejizga aytmaydi. Uni mukammal o`rganilsa va qat`iy amal qilinsa foyda bo`ladi. Uyda ota-ona, maktab, kollejda o`qituvchi, yo`lda YPX xodimi piyodani tartibga chaqirib tursa, albatta ijobiy natijaga erishiladi. Masalaning mana shu tomonlarini hamma e`tiborga olishini istardim.
Yangi tahrirdagi "Yo`l harakati qoidalari"da alohida e`tibor qaratilgan yana bir narsa bu tezlikdir. Bilasiz, transport vositalari soni kundan-kunga ortib bormoqda. Transportlar sonining ortishi tirbandliklarni hosil bo`lishiga sabab bo`layapti. Ma`lumki, belgilangan tezlik talablari buzilsa u og`ir oqibatli yo`l-transport hodisalarini keltirib chiqarishi mumkin. Agar ma`lum hududlarda tahlillarga asoslangan holda tezlikni oshirilsa transportlarning yonilg`i sarfi, yo`lda yurishga ketadigan vaqt tejalishi, atrof-muhitning ifloslanishining oldi olinishi mumkin. Masalaning mana shu tomonlarini hamda tegishli mutaxassislarning mulohazalarini inobatga olgan holda turar joy dahalarida transport harakatini tartibga solib, ko`p qavatli uylar orasida aholi xavfsizligini ta`minlash uchun yuqori tezlikni soatiga 30 kilometr qilib belgilab qo`yildi. Bundan tashqari, xuddi shu band bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar Hokimliklariga DYHXX bilan kelishgan holda, agar yo`lning holati tezlikni oshirish imkoniyatini bersa, ayrim joylarda yoki ayrim yo`l bo`laklarida, ayrim transport vositalariga belgilangan tezlikni oshirish uchun ruxsat berish vakolati yuklatildi.
- Ko`pgina davlatlarda transport vositalari kunning yorug` vaqtida ham yaqinni ko`rsatuvchi chiroqlarini yoqib yurishadi. Bu albatta, xavfsizlik qhnuqtai-nazaridan yo`lga qo`yilgan bo`lsa kerak, shundaymasmi?
- To`g`ri ta`kidladingiz. Transport vositalari kunning yorug` vaqtida ham chiroqlarini yoqib yursa ko`pchilikni e`tiborini tortadi. Yangi tahrirdagi qoidalarda ham shu narsa e`tiborga olindi. Endilikda tashkiliy ravishda odam olib ketayotgan, yo`lovchilarni tashiyotgan avtobuslar, mikroavtobuslar, shuningdek, motosikl va mopedlar xavfsizlikni ta`minlash choralarini kuchaytirish uchun, kunning yorug` paytida harakatlanayotganda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishlari shart, deb belgilandi va tartib qoidalarning 138- bandiga qo`shimcha qilib kiritildi.
Bundan tashqari Qoidalarning transport vositalari boshqaruvchilarining yoshini belgilovchi 149-bandi, haydovchilarni tayyorlash to`g`risidagi Nizom talablariga mos ravishda Yangi tahrirda berildi. Demak, qoidalarga asosan «A» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga o`qiyotganlarning yoshi o`qishni bitirish vaqtida 16 yosh, «V» va «S» toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishga o`qiyotganlarning yoshi o`qishni bitirish vaqtida 18 yosh, «D» va tramvay, trolleybusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga o`qiyotganlarning yoshi o`qishni bitirish vaqtida 21 yosh bo`lishi kerak.
Shuningdek, yuqorida ta`kidlaganimizdek, YHQning 1-ilovasidagi ogohlantiruvchi belgilar bandi «Foto va videofiksasiya» (5.41) yo`l belgisi bilan to`ldirildi hamda 7.19 bandida ushbu belgi harakat ishtirokchilarini holati texnik vositalar orqali video-foto tasvirga tushirilib qayd etilayotganligini bildirishi, bu belgi ogohlantiruvchi, imtiyoz, ta`qiqlovchi, buyuruvchi va axborot-ishora belgilari bilan qo`llanishi ko`rsatib o`tildi.
Umuman olganda yangi qabul qilingan Qoidalar avvalo harakat ishtirokchilarining xavfsizliklarini ta`minlashga yo`naltirilgan. Uning bandlarini so`zsiz bajarish esa kelgusida yo`llarimizda xavfsiz harakatlanishni ta`minlab, odamlarning sog`lig`i va hayotini muhofaza qiladi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun raxmat.
Dostları ilə paylaş: |