Pedagogikaga oid adabiyotlarda innovatsiya jarayoni sxemasi beriladi. U quyidagi bosqichlarni qamrab oladi:
1. Yangi g’oya tug’ilishi yoki yangilik kontseptsiyasini paydo qilish bosqichi, u kashfiyot bosqichi deb ham yuritiladi.
2. Ixtiro qilish, ya’ni yangilik yaratish bosqichi.
3. Yaratilgan yangilikni amalda qo’llay bilish bosqichi.
4. Yangilikni yoyish, uni keng tadbiq etish bosqichi.
5. Muayyan sohada yangilikning hukmronlik qilish bosqichi. Bu bosqichda yangilik o’zining yangiligini yo’qotadi, uning samara beradigan muqobili paydo bo’ladi. Yangi muqobillik asosida, almashtirish orqali yangilikning qo’llanish doirasini qisqartirish bosqichi. V.A. Slastenin yangilik kiritishni maqsadga muvofiq yo’naltirilgan yangilik yaratish, keng yoyish va foydalanish jarayoni majmui, uning maqsadi insonlarning ehtiyoji va intilishlarini yangi vositalar bilan qondirish deb biladi. Yangilik kiritishning tizimli kontseptsiyasi mualliflari (A.I. Prigojin, B.V. Sazonov, V.S. Tolstoy) innovatsion jarayonlarning ikki muhim shaklini farqlaydilar.
Birinchi shaklga yangilik kiritishni oddiy ishlab chiqish kiritiladi. Bu ilk bor mahsulot o’zlashtirgan tashkilotlarga taalluqlidir.
Ikkinchi shaklga yangilikni keng ko’lamda ishlab chiqish taalluqlidir.
Yangilik kiritish ham ichki mantiq, ham vaqtga nisbatan qonuniy rivojlangan va uning atrof-muhitga o’zaro ta’sirini ifodalaydigan dinamik tizimdir.
Pedagogik innovatsiyada "yangi" tushunchasi markaziy o’rin tutadi. Shuningdek, pedagogik fanda xususiy, shartli, mahalliy va sub’ektiv yangilikka qiziqish uyg’otadi.
Xususiy yangilik V.A. Slasteninning aniqlashicha, joriy zamonaviylashtirishda muayyan tizim mahsuloti unsurlaridan birini yangilashni ko’zda tutadi. Murakkab va progressiv yangilanishga olib keluvchi ma’lum unsurlarning yig’indisi shartli yangilik hisoblanadi.
Mahalliy yangilik konkret ob’ektda yangilikning foydalanishi bilan belgilanadi.
Sub’ektiv yangilik ma’lum ob’ekt uchun ob’ektning o’zi yangi bo’lishi bilan belgilanadi.
Ilmiy yo’nalishlarda yangilik va innovatsiya tushunchalari farqlanadi. Yangilik - bu vositadir: yangi metod, metodika, texnologiya va boshqalar. V.I. Zagvyazinskiy yangi tushunchasiga ta’rif berib, pedagogikadagi yangi bu faqatgina g’oya emas, balki hali foydalanilmagan yondashuvlar, metodlar, texnologiyalardir, lekin bu pedagogik jarayonning unsurlari majmuan yoki alohida olingan unsurlari bo’lib, o’zgarib turuvchi sharoitda va vaziyatda ta’lim va tarbiya vazifalarini samarali hal etishning ilg’or boshlanmalarini o’zida aks ettiradi. R.N. Yusufbekova pedagogik yangilikka o’qitish va tarbiya berishda avval ma’lum bo’lmagan va avval qayd qilinmagan holat, natija, rivojlanib boruvchi nazariya va amaliyotga eltuvchi pedagogik voqelikning o’zgarib turishi mumkin bo’lgan mazmuni sifatida qaraydi.
Pedagogik innovatsiyada R.N. Yusufbekova innovatsion jarayon tuzulmasining uch blokini farqlaydi:
Birinchi blok - pedagogikadagi yangini ajratish bloki. Bunga pedagogikadagi yangi, pedagogik yangilikning tasnifi, yangini yaratish shart-sharoiti, yangilikning me’yorlari, yangining uni o’zlashtirish va foydalanishga tayyorligi, an’ana va novatorlik, pedagogikadagi yangini yaratish bosqichlari kiradi.
Ikkinchi blok - yangini idrok qilish, o’zlashtirish va baholash bloki: pedagogik hamjamiyatlar, yangini baholash va uni o’zlashtirish jarayonlarining rang-barangligi, pedagogikadagi konservatorlik va novatorlik, innovatsiya muhiti, pedagogik jamiyatlarning yangini idrok etish va baholashga tayyorligi.
Uchinchi blok - yangidan foydalanish va uni joriy etish bloki, ya’ni yangini tadbiq etish, foydalanish va keng joriy etish qonuniyatlari va turlaridir.
M.M. Potashnikning innovatsiya jarayonlari talqinlari kishi e’tiborini o’ziga tortadi. U innovatsiya jarayonining quyidagi tuzilmasini beradi:
faoliyat tuzilmasi - motiv - maqsad - vazifa - mazmun - shakl - metodlar - metodika komponentlari yig’indisi;
sub’ektiv tuzilma-innovatsion faoliyat sub’ektlarining xalqaro, mintaqaviy, tuman, shahar va boshqa sathlari;
sathiy tuzilma-innovatsion faoliyat sub’ektlarining xalqaro, mintaqaviy, tuman, shahar va boshqa sathlari;
mazmun tuzilmasi - o’quv-tarbiyaviy ishlar, boshqaruv (va b.)da yangilikning paydo bo’lishi, ishlab chiqilishi va o’zlashtirilishi;
bosqichlilikka asoslangan hayot davriylik tuzilmasi – yangilikning paydo bo’lishi - ildam o’sish - yetuklik – o’zlash tirish - diffuziya (singib ketish, tarqalish) – boyish (to’yinish) – qoloqlik - inqiroz – irradiatsiya(aldanish) – zamo naviylashtirish;
boshqaruv tuzilmasi - boshqaruv harakatlarining 4 ta turining o’zaro aloqasi: rejalashtirish - tashkil etish - rahbarlik qilish - nazorat qilish;
tashkiliy tuzilma - diagnostik, oldindan ko’ra bilish, sof tashkiliy, amaliy, umumlashtiruvchi, tatbiq etuvchi.
Innovatsiya jarayoni tarkibiy tuzilmalar va qonuniyatlarni qamrab olgan tizimdan iboratdir. Pedagogikaga oid adabiyotlarda innovatsion jarayoni kechishining 4 ta asosiy qonuniyati farqlanadi:
pedagogik innovatsiya muhitining ayovsiz bemaromlik qonuni;
nihoyat amalga oshish qonuni;
qoliplashtirish (stereotiplashtirish) qonuni;
pedagogik innovatsiyaning davriy takrorlanishi va qaytishi qonuni;
Ayovsiz bemaromlik qonunida pedagogik jarayon va hodisalar to’g’risidagi yaxlit tasavvurlar buziladi, pedagogik ong bo’linadi, pedagogik yangilik baholanadi va u yangilikning ahamiyati va qimmatini keng yoyadi. Nihoyat amalga oshish qonuni yangilikning hayotiyligi bo’lib, u erta yo kech, stixiyali yoki ongli ravishda amalga oshadi.
Qoliplashtirish (stereotiplashtirish) qonuni shundan iboratki, unda pedagogik innovatsiya fikrlashni bir qolipga tushirish va amaliy harakatga o’tish tendentsiyasiga ega bo’ladi. Bunday holatda pedagogik qolip (stereotip) qoloqlikka, boshqa yangiliklarning amalga oshish yo’liga to’siq bo’lishga majbur bo’ladi. Pedagogik innovatsiyaning davriy takrorlanishi va qaytishi qonunining mohiyati shundaki, unda yangilik yangi sharoitlarda qayta tiklanadi.
Pedagogik innovatsiya tadqiqotchilari innovatsiya jarayonining ikki tipini farqlaydilar:
Innovatsiyaning birinchi tipi stixiyali o’tadi, ya’ni innovatsion jarayonda unga bo’lgan ehtiyoj hisobga olinmaydi, uni amalga oshirishning barcha shart sharoitlari tizimi, usullari va yo’llariga ongli munosabat bo’lmaydi.
Innovatsiyaning ikkinchi tipi ongli, maqsadga muvofiq, ilmiy asoslangan faoliyat mahsulidir. Oliy maktabdagi innovatsion jarayonlar V.A. Slastenin, M.M. Levina, M.Ya. Vilenskiy va boshqalar tomonidan tadqiq qilingan. Oliy maktab innovatsion jarayonlari negizida quyidagi yondashuvlarni belgilash mumkin:
madaniyatshunoslik jihatidan (insonni bilishning ustuvor rivojlanishi) yondashuv;
shaxsiy faoliyat jihatidan (ta’limdagi yangi texnologiyalar) yondashuv;
ko’p sub’ektli (dialogik) yondashuv, kasbiy tayyorgarlikni insonparvarlashtirish;
individual - ijodiy (o’qituvchi va talabalarning o’zaro munosabatlari) yondashuv.
Oliy maktabda innovatsion faoliyatning sub’ekti o’qituvchi, uning shaxsiy imkoniyati hisoblanadi. Bunda o’qituvchi shaxsining ijtimoiy-madaniy, intellektual va axloqiy imkoniyatlari yuksak ahamiyatga molik bo’ladi. S.M. Godninning ishlarida talabaning shaxsiy xislatlari pedagogik jarayonning sub’ekti sifatida yoritiladi. Unga quyidagilarni kiritadi:
o’qitishning hozirgi va kelgusi bosqichlari uchun qabul qilingan o’quv - tarbiya jarayonining maqsadi, vazifasi va ko’rsatmalarini anglay bilish;
intellektual mehnatning yangi tadbirlarini egallash;
maqsadga muvofiq kasbiy o’z-o’zini tarbiyalash va mustaqil tahsil olish, qiyinchiliklarni a’lo darajada yenga bilish, o’sish va mustahkam o’rin egallashning kengayayotgan intellektual va kasbiy imkoniyatlari, istiqbollari bilan qoniqish, o’zining sotsial roli funktsiyasini bajarishida faol munosabatda bo’lish va hokazo.
Innovatsion pedagogik jarayonning muhim unsurlari shaxsning o’z-o’zini boshqarishi va o’zini- o’zi safarbar qila olishi hisoblanadi. Uning eng muhim yo’nalishlaridan biri talabalarning bilish faoliyatini rivojlantirish. Bunday yo’nalish talabalarning o’quv ishlarini faollashtirish, ularning kasbiy ixtisoslashishini aniqlab olish faolligini o’z ichiga oladi.