Suvon Meli: — Adabiy tanqidning nafaqat amaliy, balki nazariy muammolari ham bor. Istiqlol davrida adabiy tanqidning o‘rni va mavqei haqida gap borar ekan, nazarimda, dastlab uning g‘oyaviy-estetik printsiplarini belgilab olish va ishlab chiqish lozim. Bunga jiddiy ijtimoiy talab bor. Istiqlol va dunyoning globallashuv holati mamlakatimizda yangi adabiy muhitni hosil qildi. Yangi muhitda esa adabiy tanqid o‘ziga yuklatilgan missiyani uddalash uchun, yuqorida aytilganidek, uning g‘oyaviy estetik printsiplari ishlab chiqilishi, adabiy tanqid va tanqidchilik jarayoniga izchil tadbiq etilishi zarur. Bu printsiplar, bizningcha, quyidagilar: estetik ideal (u o‘zida jamiyatning oliy maqsadlarini go‘zallik qonunlari asosida jamlaydi), olijanob g‘oya, sof his-tuyg‘u, axloqiylik va hokazo.
Adabiy tanqid yaratilayotgan va o‘zbek tiliga o‘girilayotgan asarlardan ushbu printsiplar tasdig‘ini talab qilishga haqli, deb o‘ylayman.
Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida shunday yozadi: “Ma’naviy tahdid deganda, avvalo, tili, dini, e’tiqodidan qat’i nazar, har qaysi odamning tom ma’nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning aynan ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlarni nazarda tutish lozim, deb o‘ylayman”. Shahar bedarvoza emas degandek, adabiyot ham bedarvoza emas. Uning muqaddas hududiga har qanday g‘oya, voqea va kechinmalarni olib kirish mumkin emas. Adabiyot yomonlikdan asranmog‘i lozim. U hech qachon ma’naviy tahdid quroliga aylanmasligi, aksincha, bunday tahdidga qarshi faol kurashmog‘i kerak.
Adabiy tanqid esa hamisha ma’naviy sog‘lom adabiyot tarafida qoim turishi lozim.
Adabiy tanqid o‘zining yuksak nuqtalarida milliy va jahoniy badiiy tafakkurning akkumullyatoridir. Ma’lumki, akkumullyator elektr va issiqlik energiyasini keyinchalik foydalanish uchun to‘playdigan qurilma, texnik asbobdir. Xuddi shunday adabiy tanqid ham yaratilgan va yaratilayotgan buyuk badiiy obidalar jismi jonidagi ulug‘ haqiqatlar, ezgu hissiy kashfiyotlarni qayta kashf etib, umumning aqliy va ko‘ngil mulkiga aylantirguvchi adabiy ijod sohasidir.
Tanqid muayyan ma’noda adabiyot falsafasi, badiiy adabiyotning yuksak ma’nodagi ko‘z-ko‘zidir. Adabiy tanqid o‘z tahlilu kashfiyotlari bilan yaratilajak buyuk asarlarga doyalik qilsa, qanday yaxshi.
Bugungi suhbatimizda ko‘proq adabiy tanqid muammolari haqida gapirildi. Yutuqlarga kam to‘xtaldik. Adabiy-badiiy nashrlarimizda bosilayotgan tahliliy maqolalar, taqrizlar, adabiy suhbatlardan, chop etilayotgan adabiy-tanqidiy to‘plamlardan ko‘z yummagan holda aytish joizki, bugungi adabiy tanqid o‘z vazifasini baholi qudrat bajarayotir. Shu o‘rinda men “O‘zbek adabiyoti masalalari”, “O‘zbek adabiyoti. Ta’sir va tipologiya”, “Istiqlol. Adabiyot. Tanqid” to‘plamlarini, taniqli adabiyotshunos olimlarimizdan No‘mon Rahimjonovning “Istiqlol va bugungi adabiyot”, Nurboy Jabborovning “Zamon. Mezon. She’riyat”, Damin To‘rayevning “Rangin tasvirlar jilosi”, Hakimjon Karimovning “Hayot, davr va adabiyot” nomli kitoblarini misol tariqasida ta’kidlab aytishni istardim. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Vatan mavzusidagi she’rlar tahliliga bag‘ishlangan turkum chiqishlar, “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy jarayon muammolariga doir izchil berib borilgan savol-javoblarni ham eslaylik. Mana, “Yoshlik” jurnali yosh ijodkorlarning bir asari va unga ikki-uch muallifning munosabat-taassurotini e’lon qilayotir. Izlanishlar davom etayotir, bugun siz, biz kuyunib aytayotgan muammolarga yechim topishga harakat qilinayotir. Eng muhimi, tanqidda faollikni oshirsak, loqaydlikka chek qo‘ysak, fikr-mulohazalarimizda xolis va beg‘araz bo‘lsak, marra bizniki. Bugungi davrda suhbatimiz ham ana shu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi, deb ishonaman.