O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil


-Mavzu: Jahon adabiy tanqidchiligining o`zbek adabiy tanqidchiligiga ta’siri



Yüklə 1,41 Mb.
səhifə63/108
tarix30.09.2023
ölçüsü1,41 Mb.
#150984
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   108
22-Mavzu: Jahon adabiy tanqidchiligining o`zbek adabiy tanqidchiligiga ta’siri
Reja:
1.Sharq adabiyotshunosligida ilmi naqdning rivoji
2.G‘arb allomalarining nazariy qarashlari
3.Tanqidchilikdagi izlanishlar
San’at asari ijodkor bilan kitobxon o‘rtasidagi muloqotni tashkillashtiradi . Sharq adabiyotshunosligida ahli dark, ahli idrok, ahli zurafo singari istilohlar ko‘p uchraydi,bunda badiiyat olamidan huzurlanuvchilar tushuniladi. Sharq adabiyotshunosligida ilmi naqd badiiy asarni baholaydigan soha tarzida rivojlangan.”Naqada”o‘zagidan kelib chiqqan tanqid istilohi tekshirmoq ,o‘rganmoq, yutuq, kamchiligini aniqlamoq kabi ma’noni bildiradi.Yunonchada “kritik”so‘zi bilan ifodalangan tanqid keng ma’noda mulohaza bildirmoq, fikr yuritmoq ma’nolarida qo‘llangan. Munaqqidlar matn bilan ishlashda so‘z zamiridagi ma’no qatlamni anglash,sharhlash orqali badiiy qimmatini belgilab borganlar.Bu jarayonni o‘rganish talabani mustaqil fikrlash, ilmiy salohiyatini oshirishga zamin yaratadi.
Badiiy asar yaratilishi bilan unga baho berilar ekan,ma’lum mezonlarga asoslanadi.Qadimda asar yutuq ,kamchiligini ko‘rsatishda munaqqid yuksak didi, dunyoqarashi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.”Al mo‘‘jam”,”Badoyi’ us\sanoye’” kabi asarlar sharq tanqid ilmi tarixini yoritishda muhim sanaladi. Aristoteldan Gegelgacha adabiy tanqidni harakatdagi estetik harakat tarzida taqdim etib,badiiy asarni yaxlit tuzilma tarzida o‘rganganlar. Sharqda sharh,tafsirning qadri baland bo‘lib,zehni kuchli allomalar bunday sharafli,mas’uliyatli vazifani uddalaganlar.Har bir so‘z,belgi ,imo,ishorani ilg‘ash,aniq hamda to‘g‘ri sharhlash ,asoslash katta ilmiy salohiyatni talab etgan. Muqaddas kitobga tafsir bitish tilni puxta bilish, so‘z ma’no xususiyatini anglash,quvvai hofizaga egalikni taqazo etadi. G‘arb tanqidshunosligida ham matn talqini ta’limotiga e’tiborni kuchaytirgan. Germenevtika talqin nazariyasi,ma’noni anglatish ta’limoti bo‘lib, asarni o‘zlashtirishni osonlashtiradi. Aksiologiya, ontologiya, germenevtika ilmi hozir ham jahon munaqqidlarini qiziqtirayotgan dolzarb masala hisoblanadi.Badiiy asar yashovchanligini belgilovchi nazariy ta’limotlar filologik tadqiqotlarga yo‘l ochadi.
Adabiy tanqidning o‘ziga xos xususiyati – aniq badiiy asarlarni o‘z qiziqish doirasiga kiritishi bo‘lib, adabiyotshunoslikning muhim ahamiyatga ega va adabiy jarayon taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi qismlaridan biri sanaladi. Zero, adabiyotshunoslik uch tarkibiy qismdan iborat: adabiyot tarixi. adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid.
Adabiyot tarixiy – badiiy adabiyotni retrospektiv ravishda, ya’ni "orqaga nazar tashlab turib", o‘tmishda kechgan hodisa sifatida tekshiradi. Boshqacha qilib aytganda, adabiyot tarixi badiiy ijodning tarixga mansub bo‘lib qolgan yoki qolayotgan qismini o‘rganadi, tekshiradi. Adabiyot tarixi so‘z san’atining vujudga kelishi va rivojlanishi tarixini tadqiq etadi, umumlashtiradi, bir xalqning va umuman, kishilik jamiyatining tarixiy taraqqiyotida badiiy adabiyotning roli va ahamiyatini belgilaydi.
Soha so‘z san’atining mohiyatini, taraqqiyot qonuniyatini, kishilik jamiyati rivojidagi o‘rni va rolini, o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etadi, badiiy asarlarni tahlil qilish tamoyillari va ularga baho berish me’yorlarini belgilaydi. Adabiyot nazariyasi o‘tmish va bugungi kun adabiy-tarixiy jarayonidan nazariy xulosalar chiqaradi.
Adabiy tanqid esa adabiy ijod oqimining borishiga bevosita aralashadi, uning hamma hodisalariga ishtirok etadi, adabiyotning asosiy xususiyatlari shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Adabiy tanqid zamonaviy badiiy asarlarni xalq hayoti, uning hozirgi kundagi ehtiyoj va talablari jihatidan o‘rganadi, baholaydi, fazilat, nuqsonlarini aniqlaydi, yozuvchilarning ijodiy o‘sishlariga va adabiyotning ravnaqiga ko‘maklashadi.
Adabiyotshunoslikning shu uchala tarkibiy qismi orasidagi mushtarak tomonlar shundaki, har uchalasi ham estetik bilimning o‘ziga xos aniq ko‘rinishlaridir, falsafa va estetika ularning umumiy metodologiyasidir, ular xalq tarixi, xalq tili, xalq madaniyati, folklor va xalq estetik tasavvurlarining jonli taraqqiyot tarixi negizida rivoj topadi. Shu boisdan ko‘p hollarda bir olimning o‘zi, aytaylik, I.Sulton yo M.Qo‘shjonovlar ayni holatda ham adabiyotshunos, ham munaqqiddirlar.
Adabiyotshunoslikning uch tarkibiy qismi o‘rtasidagi o‘zaro tafovutlarga kelganda shuni aytish zarurki, ayirmalar ko‘proq xalqning zamonaviy hayoti va milliy adabiyotga munosabati masalalariga bevosita daxldorlikda ko‘rinadi. Binobarin, adabiy tanqidni adabiyotshunoslikdan farqlashga imkon beradigan estetik xususiyatlar quyidagilar: 1) xalq va jamiyatning zamonaviy hayoti bilan bevosita bog‘langanlik; 2) zamonaviy milliy-badiiy jarayonni tahlil etish va bu orqali ijtimoiy hayotga estetik ta’sir ko‘rsatish; 3) xayot va adabiyotni estetik bilishga yo‘nalganlik, hayot orqali adabiyot to‘g‘risida muhokama yuritish: 4) umuman, adabiyotshunoslik zamon sinovidan o‘tgan ijobiy adabiy-badiiy, hodisalarni tadqiq etadi va ulardan ijobiylarini alohida ta’kidlab ko‘rsatadi; 5) tanqidda badiiy jarayon tahlilida ilmiylik, sotsial pafos va mahoratshunoslik o‘zaro uyg‘unlashib ketadi; 6) tanqid chaqqon harakatchanlik, estetik jangovarlik va publitsistik uslubga moyildir; 7) tanqid tezkor va tezpishar estetikadir, o‘ziga xos aniq amaliy estetikadir; 8) adabiyot tarixi estetika tarixi bilan, adabiyot nazariyasi-estetika nazariyasi bilan uyg‘un bo‘lsa, adabiy tanqid estetik tanqid bilan uyg‘undir.
Adabiyotshunos va tanqidchi orasidagi farqlar ham anchagina, bular quyidagilardan iborat: 1) adabiyotshunos ilmiy tafakkur maydonida, tanqidchi esa ilmiy va badiiy tafakkurning qo‘shilish maydonida harakat qiladi; 2) adabiyotshunos o‘tmish adabiy meros ustida, adabiy tanqidchi esa jonli adabiy jarayon ustida so‘z yuritadi; 3) adabiyotshunos o‘tmish adabiy jarayoniga, adabiy tanqidchi esa, aniq asarga ko‘proq urg‘u beradi; 4) adabiyotshunos "yaxshi ma’nodagi akademizm"ga, bilvosita faollikka tayanadi, tanqid esa operativlikka va bevosita faollikka suyanadi; 5) adabiyotshunos mutaxassislarga qarata so‘zlaydi, adabiy tanqidchi esa ommaga qarab so‘zlaydi; 6) adabiyotshunos estetikani boyitadi, adabiy tanqidchi adabiyotshunoslikni va hokazo.
Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari o‘zaro uzviy bog‘langan bo‘lib, biri ikkinchisini to‘ldiradi, boyitadi. Shunday qilib, adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidning tadqiqot tamoyillari bitta, ammo predmeti bir-birinikidan farq qiladi.
Adabiyotshunoslikda, jumladan, rus adabiyotshunosligida ham tanqid tarixiga taalluqli talay asarlar yaratilganiga qaramay, bu sohada hamma adabiyotlar uchun ma’qul va manzur tushadigan mushtarak metodika hali maydonga kelganicha yo‘q. Hozircha ilmda hamma uchun manzur tushgan birdan-bir qoida – tanqid tarixini adabiyot tarixining asosiy bosqichlari bilan aloqadorlikda o‘rganishdir. Bu yo‘nalishning ilmiyligi shundaki, u adabiy-tarixiy jarayonda adabiyot va san’atning tanqid bilan uzluksiz rivojlanishini doimo ko‘zda tutadi.
Shuni unutmaslik kerakki, tanqid tarixi adabiyot tarixining takrori bo‘lmasligi lozim. Adabiyot va san’at tarixida tanqidga oid material ikkinchi o‘rinda turgani kabi tanqid tarixida ham adabiyot tarixiga oid material faqat yordamchi o‘rinnigina zgallashi mumkin. Bunda tanqid tarixining badiiy adabiyot tarixi bilan chambarchas aloqasi va tanqid tarixining nisbatan mustaqilligi adabiy tanqidchilikning rivojini tayin etuvchi shart-sharoitning o‘ziga xos xususiyatlarini, albatta, e’tiborga olmoq demakdir.
Bu o‘ziga xoslik shundan iboratki, o‘zbek adabiy tanqidi ham san’at va adabiyot taraqqiyotining asosiy qonunlari allaqachon kashf etilgan davrda rivoj topdi. Bunday sharoitda tanqidchining vazifasi xuddi shu kashf etilgan qoidalarni chukur anglash va shundan kelib chiqib to‘g‘ri, xolis baholashdan iborat bo‘lib qoladi.
Adabiy tanqidning vazifasi yozuvchilar ijodini, adabiyotimizda voqea darajasidagi badiiy asarlarni tahlil etish va shu asosda adabiyot rivojiga turtki bo‘ladigan mummolarni ko‘tarib chiqish, tekshirish va estetik mohiyatini ochish va baholash, umumlashtirishdan iborat.
Adabiyot hayotdagi, jamiyatdagi real voqelikni, insonning hayotini badiiy aks ettirishi va uning barkamol yetuk obrazni yaratishi lozim bo‘lsa, komil tanqidning vazifasi hayotning voqea-hodisalarini, kishilar hayotini yozuvchi qanchalik aks ettirgan yo ettira olmaganini, bordi-yu bu yetarli darajada keng va chuqur aks ettirilmagan bo‘lsa, buning tub sabablarini ko‘rsatishi shart. Adabiy tanqidning vazifasi va tabiatidan kelib chiquvchi bu talab tanqidchini ham hayotni teran kuzatish va chuqur o‘ylashga da’vat etadi. Bunda tanqidchi tanlagan tahlil usullari va uslublarining rang-barangligi muhim ahamiyatga molik. Zero, tanqidga oid asarning ta’sirchanlik darajasi va o‘qishliligi aslida xuddi shu usul va uslub jozibasiga bog‘liq. Adabiy tanqid tajribasida badiiy tahlilning sotsiologik tadqiqot, struktural tahlil yoki asar matnini detallashtirib qiyosiy (qiyosiy-tarixiy, qiyosiy-tipologik) tahlil qilish va boshqa tahlil shakllari uchraydi. Tanqidchi U.Normatov "Jahon adabiyoti" jurnalining 2000 yil mart sonida yosh olim R.Rahmat bilan, shuningndek, "Jahon adabiyoti" jurnalining 2008 yil mart sonida H.Boltaboyev bilan "Yangi nazariy tamoyillar" haqidagi suhbatlarida XX. asrda G‘arb, jahon adabiyotshunosligida o‘nlab ilmiy yo‘nalishlar, maktablar: qiyosiy adabiyotshunoslik, psixoanaliz va adabiyotshunoslik, analitik psixologiya, intuitivizm, formalizm, ritual-mifologik maktab, antologik germenevtika, ekzistensializm va estetik kommunikatsiya. neomarksizm va san’at sotsiologiyasi, falsafiy germenevtika, strukturalizm, poststrukturalizm kabilar bo‘lganligini aytib, A.Qodiriy XX asr boshlaridayoq "Yozuvchi bo‘ladurgon har bir kishi adabiyotdagi oqim va maktablarni yaxshi bilib olishi kerak"ligini ta’kidlaganiga e’tiborni qaratadi. Biroq, afsuski, o‘zbek adabiy tanqidchiligida uning butun tarixi davomida sotsiologik tahlil usuli yetakchilik qilib keldi.
Mustaqillikka zrishganimizdan so‘ng o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligi jahon adabiyotshunoslig‘i mezonlari, uslubiy yo‘nalishlaridan xabardor holda rivojlanmoqda.
Poetik matn talqini Yevropa adabiyotshunosligida allaqachon o‘z tarixiga ega sohalardan biriga aylangan. XIX asrda Yevropada tushuntirish, talqin san’atiga asoslangan "germenevtika" deb atalgan soha rivojlangan bo‘lib, u qadimiy adabiy yodgorliklarni tushunib, ma’nosiga yetib talqin etishning maxsus usuli sifatida namoyon bo‘lgan. Garchi juda ko‘p o‘zbek adabiyotshunoslari germenevtikaning qaysidir prinsiplarini o‘z ilmiy faoliyatlarida qo‘llasalar ham, o‘sha fikrlash tarzi, gipotezalari. taqqoslari, hukm va xulosa chiqarish usullarining qaysidir jihati germenevtik tafakkurga daxldorligini xayollariga ham keltirmaydilar. Chunki biz yaqingacha dialektik materializm falsafasidagi gnoseologiya-bilish nazariyasini chukur o‘rganganimiz holda germenevtika-matn talqini ta’limotining jahon ilm-fanidagi atamasidan ham aksar holatlarda bexabar qolingani borasida B.Karimov eslatib o‘tadi.
Germenevtika atamasining etimologiyasi "tushuntirish", "talqin qilish" degan ma’nolarni bildiradi. Uning ayrim yo‘nalishlari qadimgi Gretsiyada yuzaga kelgan.
Bizning davrimizda adabiy asarni tushunishning bu usuli filologik tanqidchilik fani sohasiga kirib, uning mohiyatini adabiy asarning chin, asl matnini tiklashga va uning adabiyot tarixidagi ahamiyatini aniqlashga qaratilgan tadqiqot usullari yig‘indisi tashkil etadi. Germenevtikaning asosini tashkil etuvchi nazariy prinsiplar sifatida: 1) umumiy, kontekstual prinsipni: 2) shu soha doirasiga kiruvchi talqin usullarini: 3) muallif maqsadi va mulohazalarini hisobga olgan holda matnning tarixiy va ijtimoiy sharoitdagi hayoti,unda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar va ularning ko‘pchilik nusxalari talkinini qayd etish mumkin.
G‘arb adabiyotshunosligi usullari fandagi har qanday hodisaga detalli (unsurma-unsur, uzvma-uzv, bo‘lakma-bo‘lak) yondashuv xususiyati bilan ajralib turadi. Badiiy talqin yoki sharh usuli qadimdan Sharq adabiyotshunosligida ham mavjud bo‘lib, bu usul talqinda germenevtika qayd etgan barcha imkoniyatlarni nazarda tutgan holda umumiyroq fikr bildirish, umumiyroq xulosalar bayon etish bilan farqlanadi.
Germenevtikaning nazariy-metodologik imkoniyatlartni, ilmiy xulosalar chiqarishdagi asosiy tamoyillarini o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligiga tatbiq etish payti yetib keldi. Shu bois XX asr o‘zbek adabiyotshunosligidagi yangicha talqinlar 80-yillarning ikkinchi yarmi va 90-yillarda maydonga keldi. Bu davrda chinakam san’at asarining turlicha bir-birini takrorlamaydigan talqinlari ham ko‘zga tashlanmokda. Xullas, o‘zbek adabiyotshunosligi, tanqidchiligi jahon miqyosiga chiqishi uchun jahon adabiyotshunosligidagi eng muhim tamoyillarni, nazariy qarashlar, usul va metodologiyalarni o‘zlashtirmog‘i lozim.
Adabiy tanqidning boshqa fanlar bilan munosabati. Adabiy tanqid tarixini badiiy ijod, so‘z san’ati tarixidan ajratib olib o‘rganish, tadqiq etish mumkin emas. Negaki, ular bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib xalqimizning ongu tafakkurini rivojlantirishga, ma’naviy kamolotini ta’minlashga safarbar etilgan. Ayni chog‘da ularning har biri takrorlanmas qiyofasi, uslubi, o‘ziga xos qonuniyatlariga ega bo‘lsa-da, bir-biridan ajralib turmog‘i kerak. Ularning hayotda, real voqeliqda o‘z o‘rni, mustaqil vazifalari, bir-birinikiga o‘xshamagan vositalari, qurollari bor.Binobarin, adabiy tanqid ilmiy muhokama va mushohadaga to‘yintirilgan so‘z san’ati hisoblanadi. Tanqidchi, N.Xudoyberganov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, "so‘z san’atining o‘ziga xos yaratuvchi, kashf etuvchi ijod sahifasi ekanligini hech kim inkor etmaydi, ammo adabiy tanqidchilikning mustaqil ijod turi ekanligi hamon shubha uyg‘otadiki, masalaga aniklik kiritish maqsadida uning tuzilishi, shakllanishi, rivojlanish jarayonini chuqur o‘rganish, tadqiq etish talab qilinadi. Ammo tarixga murojaat etish zarurati faqat shu bilan belgilanmaydi. Birinchidan, qaysi sohaning yoki shaxsning tarixi bo‘lmasin, uni buzib talqin etish, yo‘q narsani bor, aksincha, borini yo‘q deb ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ikkinchidan, tarixni hozirgi kun nuqtai nazaridan o‘zgartirib, bugunning talabiga muvofiq baholash butunlay zararlidir. Uchinchidan, uni baholash, tadqiq etishda o‘sha davr taraqqiyotining asosiy xususiyatlari, tendensiyalaridan kelib chiqib, hozirgi zamonga mushtarak ijobiy hamda salbiy hodisalarni aniqlash, yaxshilarini qo‘llab-quvvatlab, ularni yanada mustahkamlash, rivojlantirish, yomonlarni fosh etib, ularning ravnaq topishiga chek qo‘yishga alohida e’tibor beriladi. Yana shunisi borki, har uchala holat bir-biriga tabiiy ravishda birlashib, ko‘shilib ketadi, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish yoxud ajratib tashlash mumkin emas"19.
Adabiy tanqidning o‘ziga xos ijod turi, fan sohasi ekanligini noyob va nodir iste’dodli tanqidchilar, ular yaratgan asarlar ham isbotlab turibdi. Bunga Alisher Navoiy, N.Gogol va V.Belinskiy ijodlari yetarli darajada misol bo‘la oladi.
Adabiyot, san’at hayotni, voqelikni badiiy o‘zlashtirishda o‘ziga xos obrazlilik vositalari bilan inson qalbi va aqliga ta’sir qilib, jamiyatning rivojlanishiga yordam beradi. Xuddi san’at singari adabiy tanqid ham shu vazifani bajarishi tufayli kishilik taraqqiyotiga va tafakkurining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi tabiiydir. Xuddi shu xususiyatining o‘ziyoq tanqidiy asarlarning san’at asari bo‘lmog‘ini taqozo etadi. Buning uchun san’at asari haqida fikr yurituvchi tanqidchining o‘zi san’atkor bo‘lmog‘i darkor. Biroq bukda adabiy tanqidchi qay darajada san’atkor bo‘lishi va qaysi shaklda muhokama yuritishi ayricha qimmatga ega. Hayotni badiiy o‘zlashtirish, uni obraz, kartinalarda aks ettirish san’atning vazifasi-ku! Tanqid san’at kabi hayotni badiiy tasvirlay olmas ekan, demak, u badiiylikdan, san’atlikdan mahrum bo‘lib qolmaydimi? Yuzaki qaraganda, bu mulohaza to‘g‘riga o‘xshaydi. Binobarin, L.Tolstoyning "Tanqidchilar san’atkor bo‘lishga hamma vaqt tirishuvchi, lekin san’atkor bo‘lishga ulgurmagan kishilardir" degan pichingi ham asossiz aytilmagandek tuyuladi.
Demak, tanqid bilan san’at, tanqidchi bilan san’atkor o‘rtasida qandaydir farqlar mavjud. Bu farqlar nimalardan iborat? Buyuk tanqidchi V.G.Belinskiy "har ikkisining mazmuni bir, farqi faqat shakldadir", -degan edi. Adabiy tanqid, birinchi navbatda. hayotni badiiy o‘zlashtirish qonuniyatlarini o‘rganuvchi, tadqiq qiluvchi fandir. U badiiy adabiyotga ijodiy jarayonning usul va tamoyillarini, o‘ziga xos qonun-qoidalariki o‘rganuvchi adabiyotshunoslik fanining bir bo‘lagidir.
Har qanday fanga xos asosiy xususiyat, ya’ni "o‘ziga tegishli" bo‘lgan hayot voqea - hodisalarini tadqiq qilish asnosida unga baho bermok. atroflicha asoslamoq va isbotlamoq adabiy tanqidga ham xosdir. Shunga ko‘ra adabiy tanqid muayyan adabiy hodisani tahlil qilar zkan, uning tahlilida izchil mantiq, asos va isbot birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Biroq adabiy tanqid tahlilida o‘ziga xos va mos vositalardan foydalanmasa, u o‘zining ijtimoiy vazifasini bajara olmaydi, yozuvchi uchun ham. o‘quvchi uchun ham tarbiya maktabi bo‘la olmaydi.
Hayot va uning mohiyatini tashkil etuvchi odamlar badiiy mjodiyotning ham, tanqidning ham asosidir. Shu sababli adabiyotni "hayot darsligi" deyishadi.
Adabiy tanqid o‘z mohiyati bilan falsafiydir. Tanqid shu ma’noda falsafiyki, uning ma’rifiy va g‘oyaviy, ijtimoiy va estetik vazifalari ma’lum darajada falsafa fanining vazifalari bilan mos tushadi. Lekin adabiy tanqid aniq ijtimoiy fan bo‘lgani tufayli o‘znning maxsus tadqiqot predmetiga va o‘ziga xos vazifalariga egadir. Xuddi shu xususiyati tufayli tanqid falsafadan ham, boshqa ijtimoiy fanlardan ham, adabiyotshunoslik fanining boshqa sohalaridan ham farqlanib turadi. Adabiy tanqid jamiyat badiiy taraqqiyotini ilmiy bilishning aniq ko‘rinishlaridandir. Shu tufayli falsafa va tanqid orasida o‘zaro munosabat ilmiy metodologiya va aniq adabiyotshunoslik fanlari orasida o‘zaro munosabat sifatida namoyon bo‘ladi. Shunday ekan, adabiy tanqidchilikning barcha tur, shakl va janrlari: 1) mantiqiy izchillik; 2) ilmiy yaxlitlik; 3) tanqidiy dalillanganlik; 4) tuzilish jihatdan tugallik va mukammallik kabi fazilatlarga ega bo‘lmog‘i shart. Agar bularning birortasi yetishmasa, tanqid o‘z vazifasini bajarolmaydi.
Tanqid estetika bilan chambarchas bog‘liq. Tanqid bilan estetikaning o‘zaro uzviy bog‘liqligi bu ikki fan vazifalarining o‘zaro mushtarak tomonlarida ko‘zga tashlanadi. Modomiki, tanqidning predmeti badiiy jarayonning aniq tamoyillari, aniq tomonlari va aniq asarlarini tahlil etishdan iborat ekan, uning vazifasi, umuman olganda. voqelikni estetik o‘zlashtirish va o‘zgartarishga xizmat qilishdir. Bu jihatdan estetika va tanqid bnr jonu bir tandir. Shu umumiy vazifasini bajarishda tanqid: birinchi tomondan, badiiy asar bilan voqelik; ikkinchi tomondan, fan bilan san’atkor; uchinchi tomondan, san’at bilan kitobxon; to‘rtinchi tomondan, san’atkor bilan kitobxon o‘rtasida munosabat o‘rnatadi. Bunda tanqid badiiy jarayon va badiiy asarniig ichki estetik tamoyillari, yo‘nalishlari va fazilatlarini tadqiq qilish asnosida o‘z maqsadiga erishadi.
Tanqidchilik hozirgi kunda tadqiqotchilik sohasi kabi analitik harakterga ega. U jiddiy adabiy-tarixiy, retrospektiv va nazariy umumlashmalar chiqarishdan tashqari, tarix, falsafa, sotsiologiya kabi bir-biriga yakin fanlar bilan aloqani kuchaytirdi. N.G.Chernishevskiy esa badiiy tanqidni yana ham aniqroq ta’riflab, tanqidning o‘ziga munosib va jiddiy vazifalaridan biri bo‘sh asarlarni ta’qiblash va asarlarning soxta mazmun tufayli ichki nomuvofiqligi va hech nimaga arzimasligini, imkon qadar fosh etishdan iborat ekanligini ta’kidlagan edi.
Hozirgi zamon estetikasi uch tarkibiy qismdan tarkib topadi: 1) estetika tarixi; 2) estetik nazariya; 3) estetik tanqid.
Estetik tanqid misolida estetika va badiiy tanqid bir-biriga juda yaqinlashib, ba’zi jihatlardan hatto o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. Zero, estetik tanqid quyidagi masalalarni o‘z ichiga oladi: a) estetikaga oid ilmiy adabiyotlar tanqidi; b) adabiyot va san’at asarlarini estetikaning mushtarak qonun-qoidalariga asoslangan tanqidi; v) hozirgi g‘arb estetikasi, san’ati va adabiyotini tanqid; g) tanqidni tanqid, ya’ni adabiy tanqidga doir ilmiy ishlarni estetikaning umumiy qonun-qoidalariga asoslangan tanqidi. Tanqidni tanqidda estetika va adabiy tanqid bir-biriga o‘zaro singib, bir-biriga bevosita ta’sir etib, ajib bir hamjihatlik kasb etadi. Chunonchi, estetika va badiiy tanqid estetik tarbiyani amalga oshirish nuqtai nazaridan deyarli bir xil maqsad uchun kurashadi, u ham bo‘lsa, kitobxonni estetik tarbiyalashni ko‘zlaydi.
Estetik bilishning umumiy estetik va xususiy adabiy-badiiy muammolarini, ya’ni estetika, adabiyotshunoslik va badiiy tanqidning mushtarak nazariy va aniq badiiy muammolarini o‘zaro taqozodorlikda va jamuljam dialektik birlikda olib tadqiq etish davr talabidir.
G‘arb adabiyotshunosligi, tanqidchiligidagi hozirgi strukturalizm o‘zining ilmiy usul (metod)larini ishlab chiqishda hozirgi tilshunoslik, ruhshunoslik, antropologiya, kibernetika, matematika, axborotlar nazariyasi, statistika, kimyo va fizika fanlari yutuqlariga tayanadi. Bunda G‘arb olimlari adabiyotshunosliqda aksariyat hollarda bilishning statistika, tilshunoslik va biologiyaga xos ilmiy shakllari va usullarinigina e’tirof etadilar, badiiy tadqiqotda anatomiyalashtirish va alohida atomlarning mikrodunyosini tahlil etish tamoyilini yoqlab chiqadilar. Strukturalizmning bu tamoyili estetik ijodning ichki dialektik butunligi va ijtimoiy estetik o‘ziga xosligi nuqtai nazaridan, umumiylikning xususiylikdan mohiyat e’tibori bilan farklanishi va badiii jarayonning jonliligi nuqtai nazaridan kerakli tamoyildir. Ammo buni shu paytgacha sho‘rolar zamonida hukmronlik kilgan markscha-lenincha estetika tarafdorlari tan olmadilar.
O‘z-o‘zidan ayoiki, bugungi kunda bu fikrlar nainki eskirdi, hatto yaroqsiz bo‘lib qoldi. Avvalo mazkur fikrning o‘zi ziddiyatli: quruq shakl mazmunsiz bo‘lsa - qanday qilib jahon miqyosiga chiqarkan? Shuning o‘ziyoq garb estetikasining ilg‘orlab ketganligini yaqqol tasdiqlaydi.
Tanqid kitobxonlar qarshisida shu jihatdan, ayniqsa, mas’ulki, u san’at va adabiyot "iste’molchisi"ning, ya’ni retsipiyentining estetik talablari va estetik mohiyatlari darajasini chuqur va atroflicha o‘rganib, ularni estetik tarbiyalash to‘g‘risida qayg‘urishi lozim.
V.G.Belinskiy tanqid filosofiya, tarix, estetika, adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi, psixologiya, pedagogika, logika kabi o‘ndan ortiq fanlardan naf olgan; tanqidda faqat ijtimoiy fanlargina emas, balki tabiiy fanlar ham qatnashishi mumkin deb hisoblaydi. U "og‘machi va hayiquvchi tanqidga hech qanday mubolag‘a va sukunatni bilmovchi, haqiqatga nisbatan cheksiz bo‘lgan muhabbat"ni qarshi qo‘yadi. Haqiqatan ham Belinskiyning ijodiy dahosi o‘zida ijtimoiy pafos va falsafiy tafakkurni, estetik his va adabiy talant, ilmiy umumlashtirish va poetik fantaziyani birlashtira olganligini ko‘ramiz.
Shuni ham unutmaslik lozimki, mavzu, qiziqish taqozosiga ko‘ra, ba’zi maqola yoki ba’zi tanqidchi ijodida tarixchilikka, ba’zisida sotsiologiyaga moyillik kuchliroq bo‘ladi.
Demak, tanqid sintetik (yig‘ma)likda kinoga o‘xshaydi: kino rassomlik, badiiy adabiyot, muzika, fotografiya, vokal san’ati, teatr va boshqalardan foydalangani kabi, tanqid ham sotsiologiya, adabiyot, filosofiya, tarix, iqtisod, psixodogiyadan naf oladi.
Harakatdagi estetika sifatyda e’tirof etilgan tanqid estetika xazinasini boyitish uchun katta material berishi mumkin.
Ma’lumki, predmetning nazariyasisiz uning tarixi bo‘lmagani kabi predmetning tarixisiz uning nazariyasi ham bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun tanqid tarixini o‘rganish zaruriyati kelib chiqadi. Bu tabiiy holdir, albatta.
Adabiy tanqid tarixining g‘oyaviy-estetik vazifasi, albatta, tanqidning har qanday tarixiy sharoitda o‘ynagan rolini, tutgan o‘rnini. uning nzlanishlari va topilmalarini aniq baholab berishdan iborat. Bulardan hozirgi zamon adabiy-badiiy jarayoni, uning asosiy tamoyillari, yo‘nalish va qonuniyatlarigika adabiy tanqidning tahlil va tadqiq predmetiga aylanadi. Badiiy tanqid voqelikni ma’naviy o‘zlashtirishning badiiy tafakkur jarayonini ilmiy bilishning o‘ziga xos ko‘rinishi hisoblanadi.
Adabiy tanqidning ijtimoiy-axloqiy vazifasi yuksak san’at uchun kurash olib borish va shuning vositasida komil insonni tarbiyalashga xizmat etishdan iborat.
Adabiy tanqidning maqsadi badiiy ijodning hamma masalalarini jamiyatning hayoti, uning moddiy va ma’naviy boyliklarini yaratish yo‘lidagi kurash bilan bog‘lab o‘rganish va tushuntirishdan iborat.
Adabiy tanqid tarixi fani o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘yadi: adabiy tanqid tarixini o‘rganish, eng muhimi, uni tadqiq etish niyatida bu tarixni ilmiy-estetik jihatdan o‘rganish va umumlashtirish, uning barcha tomonlarini hech bir o‘zgarishsiz nazardan o‘tkazish asnosida, qaysi nuqtalari bugungi taraqqiyotga qanday ta’sir ko‘rsatishini, qaysi jihatlarini rivojlantirish, boyitish va mustahkamlash, ilmiy-estetik tafakkur, adabiy tahlilu talqin tarixini, hozirgi ahvolini, kelajagini ko‘rsatishga asqotishini yoritish. Zero, Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganidek: "Bizning maqsadimiz bir necha avlod mehnati bilan yaratilgan narsalarni yo‘qotmaslik, ularning eng yaxshilarini saqlab qolish, demokratik me’yorlarga, milliy manfaatlarimizga, mustaqilligimizga mos kelmaydiganlarini qayta tashkil etishdan, mazkur tuzilmalarni yangi mazmun bilan boyitishdan iboratdir"20.
Adabiyot hayotdagi, jamiyatdagi real voqelikni, insonning hayotini badiiy aks ettirishi va uning barkamol yetuk obrazini yaratishi lozim bo‘lsa, komil tanqidning vazifasi hayotning voqea-hodisalarini, kishilar hayotini yozuvchi qanchalik keng va chuqur aks ettirgan yo ettira olmaganini, bordi-yu bu yetarli darajada keng va chuqur aks ettirilmagan bo‘lsa, buning tub sabablariii ko‘rsatishi shart. Adabiy tanqidning vazifasi va tabiatidan kelib chiquvchi bu talab tanqidchini-da hayotni chuqur bilishga da’vat etadi.
Mustahkamlash uchun savollar:
1.Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlarini ayting.
2.Germenevtika qanday ta’limot?
3.G‘arb munaqqidlaridan kimlarni bilasiz?
4.Badiiy tanqid hamda estetika bog‘liqligi.


Yüklə 1,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin