Ijodiy metod taqozosiga ko’ra obrazlar romantik va realistik bo’ladi.
Romantik obrazlarda yozuvchi turmush haqidagi orzu va umidlarini tasvirlaydi. Bunday obrazlar, garchi yozuvchi yashab turgan jamiyatda bo’lmasa-da, yozuvchi orzu qilgan voqyelikning ifodasi hisoblanadi. Bunday obrazlar yuksak ko’tarinki ruhda jismoniy jihatdan ham, ma’naviy jihatdan ham kuch - quvvatga, mo’jizaga ega qilib tasvirlanishi mumkin. Jumladan, Alisher Navoiyning Farhodi, Maksim Gorkiyning Yankosi, Aleksandir Dyumaning Dartanyani kabi obrazlarni eslashning o’zi kifoya qiladi.
Haqiqatdan ham, Farhod (“Farhod va Shirin”) yoshligidanoq jami hunar va san’atlarning nozikligini qo’lga kiritadi, Ahraman devni yengadi, ko’zguda arman qizi Shirinni ko’radi, unga ishq qo’yadi, qismati sevgi bo’ladi. Bilgan va o’rganganlarining hammasini – Shirin visoliga, uning muhabbatiga yetishishga sarflaydi. Shu yo’lda ojiz tog’qazarlarga yordam beradi, bir o’zi Xisrav qo’shiniga bas keladi. Ishq yo’lida bir daqiqa ham orom olmaydi, boshqalar manfaatini o’z manfaatidan ustun qo’yadi va shu buyuk xislati bilan insoniyatga doimo o’rnakdir. Darvoqye, u “agar birovning oyog’iga kishi bilmas bir tikon kirgan bo’lsa, u bu tikonni kiprigi bilan olib tashlashga tayyor” (A.Navoiy. “Farhod va Shirin”, T., 1975, 159-bet) insondir. “Bir bechora zaif qiynalib bir oh cheksa, bu unga achinib yuz ming oh tortuvchi”(159-bet) hamdarddir. U “o’z sevgisining otini tilga olib, sevgilisining otini aytgan holda jon beradi”(214-bet)...
Xarakter xususiyatlari, faoliyati hayotdagi real odamlarga mos keladigan tarzda umumlashtirib va aniqlashtirib, tipik sharoitda haqqoniylashtirib yaratiladigan obrazlarga realistik obrazlar deyiladi. Bunday obrazlarda ro’y - rostlik, chinlik yorqin ifodasini topadi.
Otabek, O’zbekoyim, Zaynab, Kumush, Yusufbek xoji, Mirzakarim qutidor, Oftoboyim...Jannat kampir (“O’tgan kunlar”)-o’zbek romanchiligida yaratilgan birinchi va hamon hayotiyliklari bilan maftun etuvchi realistik obrazlardir.
Adabiy tur va janrlar, uslub va tasviriy vositalarga ko’ra obrazlar quyidagicha bo’ladilar:
1. Epik obrazlarda hayot voqea - hodisalari keng va atroflicha tasvirlanadi. Voqeabandlik, ob’ektiv tasvir ustunlik qiladi. Epik turlarning hamma janrlarida yaratilgan obrazlar – epiklik xislatlariga ega bo’ladi. Mirzo Ulug’bek, Qalandar, Ali Qushchi (“Ulug’bek xazinasi”), Alpomish, Barchin (“Alpomish”), Qobil bobo (“O’g’ri”), Sotiboldi (“Bemor”) kabilar shular jumlasidandir.
2. Lirik obrazda voqyelik inson kechinmalari (tuyg’ulari, hislari, o’ylari) orqali ifodasini topadi. Lirik turning janrlari (she’r, g’azal, qasida, ruboiy, qo’shiq, ashula, yor-yor, alla va sh.k.)dagi lirik qahramon (oshiq, yor, raqib) obrazi – tipik misoldir.
3. Dramatik obrazda voqyelik xarakat orqali sahnada voqye bo’ladi. Tragediya, komediya, drama, libretto, miniatyura kabi janrlarda yaratilgan obrazlar (Qo’chqor, Alomat, Olimjon, Qumri, Sharofat, Saltanat, Suvon-“Temir xotin”) – dramatik obrazlar deb yuritiladi.
4. Hayoliy-fantastik obrazlar – haddan tashqari bo’rttirilgan, ilohiylashtirilgan, mo’jizaviy xarakterga ega bo’lgan qiyofalardir. Xalq og’zaki ijodi (doston, ertak) dagi uchar gilam, ur to’qmoq, dev, ajina, jin obrazlari va fantastik janrdagi (Hojiakbar Islom Shayxning “Tutash olamlar” mistik-fantastik romanidagi) Nazira, Nargiza, Nafisa, G’avsul A’zam, hazrat Shayhontohur, Iblis obrazlari – kishilarning tasavvurlarini kengaytiradigan, ruhiyat dunyo sirlari bilan oshna etadigan timsollardir.
5. Afsonaviy obrazlar – butunlay xayolning mevasidir, ular bitmas - tuganmas qudratga, yuksak fazilatlarga, mo’jizaga ega bo’ladilar. Alpomish (“Alpomish”), Go’ro’g’li (“Chambil qamali”), Avazxon (“Malikai ayyor”), Ram (“Ramayana”), Yudhishthira, Bhimasena, Arjuna (“Mohabhorat”) – ana shunday qahramonlardir.
Dostları ilə paylaş: |