SIYOSAT – yunoncha so‘z bo‘lib, mazmuni davlat yoki jamoat ishlarini, katta ijtimoiy guruhlar, millatlar, davlatlarning ichki va tashqi munosabatlar sohasidagi faoliyatini anglatadi.
SUDYA – huquqiy nizolarni qonuniy hal qiluvchi vakolatli davlat xizmatchisi.
SUVERENITET – (fransuzcha so‘z bo‘lib, oliy hokimiyat ma’nosini anglatadi) hokimiyatning ustunligi va mustaqilligi. Konstitutsiyaviy huquq fanida davlat suvereniteti, millat suvereniteti, xalq suvereniteti tushunchalari ishlatiladi.
TA’LIM – shaxsning ma’rifiy va tarbiyaviy darajasini ortirish orqali uning rivojlanishini ta’minlash maqsadida o‘rgatuvchi bilan o‘rganuvchilar o‘zaro birgalikda amalga oshiradigan didaktik chora – tadbirlar tizimi.
TARAQQIYOT – narsa va hodisalarning ortga qaytmas yo‘nalishga ega bo‘lgan qonuniy o‘zgarishi. Taraqqiyot borliqning eng umumiy xossalaridan biri bo‘lib, u narsaning yangi sifat holatiga o‘tishida tarkibi va tuzilishining xossalari, aloqa va munosabatlarning o‘zgarishi kabi holatlarda o‘z ifodasini topadi. Har qanday taraqqiyot real vaqtda sodir bo‘ladi va uning orqaga qaytmas yo‘nalishga ega o‘zgarish ekanini namoyon qiladi.
TARIX FANI – insoniyatning butun o‘tmishi davomida jamiyat hayotida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, jarayonlarni yaxlit bir tarzda o‘rganadigan fan. Tarix fani o‘tmishda sodir bo‘lgan jarayon va hodisalar orasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning ildizi, tarixni harakatlantiradigan sabablar, uning mantig‘i va ma’nosini ko‘rish imkonini beradi.
UMUMINSONIY QADRIYAT – barcha xalqlar uchun ijobiy ahamiyat kasb etadigan, moddiy va ma’naviy manfaat, mezonlar majmui.
Valyuta – (ital. – qadrlanmoq qiymat) mamlakat pul birligi (oltin, kumush, qog‘oz pulga tenglashtirilgan to‘lov vositasi). Xorijiy valyutalar oldi-sotdi qilinadigan birja bozori.