Majlis bayonini tuzishda ularning huquqiy jihatdan to’laqonligini ta’minlash kerak. Buning uchun majlis bayonida barcha asosiy zaruriy qismlar mavjud bo’lishi, ularni to’g’ri rasmiylashtirish lozim.
Doimiy maslahat organi yig’ilishining majlis bayonida yig’ilishda ishtirok etuvchilar soni ko’rsatilishi juda muhimdir, chunki bu siyosiy va huquqiy ahamiyatga ega. Majlis qarorlarini qabul qilish va uning qonuniy bo’lishi uchun ishtirokchilarning nizom bo’yicha etarli ekanligi (kvorum) asosiy hisoblanadi.
Ma’muriy idoralarda majlis bayoni umumiy yoki maxsus bosma ish qog’ozlarida rasmiylashtiriladi. Majlis bayoni bir necha sahifadan iborat bo’lsa, fakt birinchi sahifa bosma ish qog’ozida, qolgan betlari esa oddiy qog’ozda yoziladi.
Yig’ilish o’tkazilgan kun majlis bayonining sanasi hisoblanadi. Muntazam ish ko’ruvchi organlar majlis bayonining raqami taqvim yili bo’yicha izchil davom etadi.
Majlis bayonida qatnashchilar ro’yxati berilganda doimiy a’zolar va taklif etilganlar familiyasi alohida-alohida tartibda qayd etiladi. Taklif etilganlar soni 15 kishidan oshmasa, ularning familiyasini, qavs ichida esa ish joyini ko’rsatish kerak.
Kengaytirilgan majlislarda ishtirok etuvchilarning soni ko’rsatiladi va qatnashuvchilarning ro’yxati majlis bayoniga ilova qilinadi.
Majlis bayoni kirish va asosiy qismdan iborat bo’lib, kirish qismi kun tartibi bilan tugaydi. Kun tartibidan so’ng ikki nusxa qo’yilib, ko’riladigan masalalar tartib raqami bilan beriladi. Ular qaysi masala alohida satrdan yoziladi. Ularning o’zaro tartibi masalaning dolzarbligi va muhimligiga qarab belgilanadi. Majlis bayonida kun tartibini bosh kelishikda ifodalash kerak.
Kun tartibidagi masalarni bayon qilishda ma’ruzachining ismi, familiyasi, lavozimi alohida jumla bilan yozish maqsadga muvofiqdir.
Ba’zan kun tartibining oxirgi qismida «Turli masalalar» sarlavhasi bilan alohida qism beriladi-ki, bu maqsadga muvofiq emas, chunki kun tartibidagi har bir masala aniq va ravshan bo’lishi lozim.
Matnning asosiy qismi kun tartibi masalalariga muvofiq joylashadi. Har bir bo’lim uch qismidan iborat bo’ladi: EShITILDI, SO’ZGA ChIQDILAR, QAROR QILINDI. Bu so’zlar bosh (katta) harflar bilan yoziladi. «EShITILDI» so’zidan oldin kun tartibidagi masalarning raqami qo’yiladi, so’zdan keyin esa ikki nuqta qo’yilib, yangi satrdan ma’ruzachining ismi, familiyasi bosh kelishikda yoziladi. Familiyadan so’ng chiziqqa (tire) qo’yilib, ma’ruza yoki xabarning qisqacha mazmuni bayon qilinadi. Agar ma’ruza matni tayyor holda bo’lsa tiredan keyin - «Matn ilova qilinadi» deb yozib qo’yiladi. «SO’ZGA ChIQDILAR» birikmasi ham aynan shu shaklda yoziladi. Zaruriyat bo’lganda qavs ichida har bir so’zlovchining ish joyi va lavozimi ko’rsatiladi.
Majlisda berilgan savollar ham majlis bayoniga yoziladi.
Matnning uchinchi qismida muhokama etilgan masala bo’yicha qaror qabul qilinadi. «QAROR QILINDI» birikmasi ham bosh harflar bilan yoziladi.
Kun tartibidagi har bir masala yuzasidan alohida-alohida «EShITILDI», «SO’ZGA ChIQDILAR», «QAROR QILINDI» sarlavhalari qo’yiladi va so’zlovchilar nutqining qisqa mazmuni, qabul qilingan qaror rasmiylashtiriladi. Quyida esa ilmiy kengash majlisining bayoni namuna sifatida berilgan.