Birinchi davr – 1910 – 1930-yillar. Bu davrda madrasalarda o‘qigan bolalarga savod chiqarganlaridan keyin, qofiya (grammatika) va qofiyaning bo‘limlari: sarf (morfologiya) va nahv (sintaksis) o‘rgatilgan. Bolalarning xat-savod chiqarishi, qiroatxonlikka katta e’tibor berilgan.
XX asrning boshlari shu bilan e’tiborliki, garchand hali maktablarda “Ona tili” ni fan sifatida o‘qitish muayyan izga tushmagan bo‘lsa-da, ammo o‘quvchilarga til qoidalarini o‘rgatish, ularning savodxonligini chiqarish va uni takomillashtirishga qaratilgan harakatlar kuchaydi. 1913-yilda mashhur o‘zbek ziyolisi M.Faxriddinovning “Turkcha qoida”, 1916-yilda A.Zahiriyning “Imlo” o‘quv qo‘llanmalarining nashr etilishi o‘sha davr uchun katta tarixiy voqea edi. Bir qator jaded maktablarida 1913 – 1914-yillarda boshlab turcha qoidalarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi; 2-, 3-, 4-o‘quvyillarida o‘quvchilarning savodxonligi ustida ishlash bo‘yicha maxsus dars mashg‘ulotlari o‘tkazila boshlandi. 1916 – 1917-yillarga kelib shu kadid maktablarida A.Zahiriyning “Imlo” kitobini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Ikkinchi davr – 1930 – 1960-yillar. Bu davrda maktablarda ona tilini fan sifatida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi; til ta’limidan maxsus o‘quv dasturlari va darsliklari chiqarila boshlandi. “O‘zbek tili” maktabda o‘qitiladigan yetakchi o‘quv predmeti sifatida o‘quv rejalaridan mustahkam o‘rin oldi va bu fanning o‘qitilishiga katta miqdorda soat ajratildi. Ona tilining o‘rta umumta’lim maktablarida o‘quv predmeti sifatida o‘qitila boshlanishi uning tarqqiyoti uchun keng yo‘l ochib berdi.
Uchinchi davr – 1960 – 1970-yillar. Bu davrga kelib, ona tilidan ta’lim mazmuni ancha takomillashdi va mazkur fandan o‘quv dasturlari va darsliklari chiqarila boshlandi. Ayniqsa, maktablarning yuqori sinflarida ona tilining o‘qitilishiga e’tibot kuchaydi.
To‘rtinchi davr – 1970 – 1990-yillar. Bu davrga kelib, o‘zbek tilshunosligida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni maktab darsliklariga kiritishga urinish kuchaydi. Ona tilida V sinfda (o‘quv yilining boshida) sintaksis punktuatsiyadan dastlabki zaruriy ma’lumotlar berish ko‘zda tutuldi va mazkur bo‘limni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. So‘z yasalishi tilshunoslikning alohida bo‘limi sifatida ajralib chiqdi va bu bo‘lim 16 soat davomida V sinfda o‘qitila bo‘ldi.