O‘quv-tarbiya jarayonga qaratilgan pedagogik qobiliyatlarga quyidagilar kiradi: • boshqa insonning ichki holatini to‘g‘ri baholash, unga hamdardlik bildirish, hamnafas bo‘lish qobiliyati (empatiya qobiliyati);
• taqlid qilish uchun namuna bo‘lish qobiliyati;
• tarbiya jarayonida individual xususiyatlarni inobatga olish qobiliyati;
• muloqotning lozim topilgan uslubini, o‘z o‘rnini topish, kelisha olish qobiliyati;
• hurmat qozonish, o‘quvchilar, talabalar va pedagogik jamoa o‘rtasida obro‘ga ega bo‘lish qobiliyati.
Pedagogik qobiliyatlar ichida pedagogik muloqotga bo‘lgan qobiliyat alohida ajralib turadi.
O‘qituvchining talabalar bilan davomiy va samarali aloqalarini tashkil etishni kommunikativ qobiliyat bilan bog‘laydilar.
Kommunikativ qobiliyat – bu pedagogik o‘zaro aloqalar doirasidagi o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladigan muloqot qobiliyatidir.
Psixologiyaga oid adabiyotlarda kommunikativ qobiliyatlarning bir necha guruhlari farqlanadi:
1. Kishining boshqa kishini bilishi (anglashi). Bu qobiliyatlar sinfidagi yoki guruhidagi o‘quvchi yoki talabaga shaxs sifatida qarash, uning (o‘quvchining yoki talabaning) alohida qiyofasi, motivi va xatti-harakatlariga baho berish, kishining tashqi ko‘rinishi, xulqi va ichki dunyosiga nisbatan baho berish; savlati, imo-ishora, mimika, pantomimikasini «o‘qiy» olish kabilarni qamrab oladi.
2. Kishining o‘z-o‘zini bilishi (anglashi). U o‘z bilimlarini, qobiliyatlarini o‘z harakteri va o‘z shaxsining boshqa qirralarini hamda tashqaridan va uning atrofidagi kishilar unga nisbatan qanday baho berishi lozim bo‘lsa, shunday baho berishni ko‘zda tutadi.
3. Muloqot vaziyatini to‘g‘ri baholay olish. Bu vaziyatni kuzatish, uning ko‘proq axborot beradigan belgilarini tanlash va unga diqqatni jalb qilish; yuzaga kelgan vaziyatning sotsial va psixologik mundarijasini to‘g‘ri idrok etish va baholash qobiliyatidir.
Pedagogika nazariyasiga oid adabiyotlarda o‘qituvchini uchta baquvvat ildizgi ega bo‘lgan ulkan daraxtga qiyoslashadi. Bu o‘rinligina o‘xshatish bo‘lib qolmay, balki ilmiy jihatdan asoslangan taqqoslash hamdir:
Birinchi ildiz – o‘qituvchi ilmiy-nazariy jihatdan dadil, yetilgan bo‘lishi.
Ikkinchi ildiz – o‘zi dars beradigan fanning sir-asrorlarini puxta egallagan bo‘lishi.
Uchinchi ildiz – u pedagogika, metodika, psixologiya asoslarini puxta egallagan bo‘lishi kerak.
Mana shu uch ildizning o‘qituvchida mujassamlanganligi uning mahoratida, ta’lim-tarbiya sohasidagi kundalik faoliyatida o‘z samarasini ko‘rsatadi. Ayniqsa, pedagogika va psixologiya fani yutuqlarini o‘ziga singdirganligi, o‘qitishning yangi, ilg‘or metodlarini qo‘llay bilishi, qisqasi, pedagogik tayyorgarligi o‘qituvchi faoliyatida alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘qituvchi insoniyat yaratgan ilm durdonalarini o‘quvchining (yoinki talabaning) ongiga, qalbiga yetkazishda eng asosiy shaxs hisoblanadi. O‘quvchi yoki talabalarning bilimlilik darajasi ularda mujassamlangan bilim, ko‘nikma va malakalar majmuasi bilan o‘lchanadi. Eng muhimi esa, o‘quvchilarning (talabalarning) bilimlarni egallashga tayyorgarligi darajasini yuksaltirishdan iboratdir. O‘quvchilarning (talabalarning) bilimdonligi va bilimlarni egallashga shayligini ta’minlash zarur pedagogik malakalardan biridir.