3-ma’ruza: Til ta’limida innovatsion pedagogik texnologiyalar. Reja: 1. Ta’limda innovatsiya
2.Ona tili ta’limida interfaol metodlardan foydalanish
3. Intefaol metodlarning qo’llanish tartibi
4. Xulosa
O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallashi jahonning turli rivojlangan mamlakatlari bilan siyosiy, ijtimoiyiqtisodiy ta’lim sohihasida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatishi katta yutuqlarga olib keldi. Mustaqillikdan keyin o‘tgan qisqa davr ichida ta'lim tizimida juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, olamshumul kashfiyotlar va yutuqlarga ega bo‘ldik. Ma’lumki, fan va ta'lim doimo birlikda va o‘zgarishda rivojlanadi. Ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarning tajribasini chuqur o‘rgangan holda zamonaviy metodlar va texnologiyalar asosida o‘qitish masalalariga hukumatimiz tomonidan berilayotgan e'tibor juda katta bo‘lmoqda. Innovatsion va pedagogik texnologiyalarning mamlakatimiz ta'lim sohasiga kirib kelishi - bu ta'limda tub burulish davri bo‘ldi deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi. Innovatsion texologiya va metodlar bu o‘quv jarayonida asosiy boshqaruvchi - o‘qituvchi, boshqariluvchi - o‘quvchifaoliyati birgalkda yo‘naltiriladi va bu jarayonda o‘qituvchidan ham o‘quvchidan ham mustaqillik va ijodkorlik sifatlarini talab etadi.
Hozirgi kunda ta'lim tizimida qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiya va metodlar o‘quvchilarning yuksak bilim cho‘qqilarini egallab, ularni fikrlashga, o‘z shaxsiy va mustaqil qarashlarga ega bo‘lishida katta ahamiyat kasb etmoqda. Har bir o‘qituvchi dars o‘tishdan oldin darsda qo‘llaydigan innovatsion pedagogik texnologiyalarning har bir elementigacha puxta o‘rganishi va tadqiq qilishi lozim. Pedagog - ya'ni bola yetaklovchi, bolaga faqat tayyor fikr bermasligi kerak balki uning fikrini kengaytirishi, olamni o‘rganishga imkon beruvchi vositalarni topa bilishga o‘rgatishi zarur. Biz bir necha zamonlar an'anabiy uslubda ish olib bordik. To‘g‘ri, bu tizimda ham bolalarga billim berildi, o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalari shakllantirildi. O‘qituvchi ham o‘quvchi ham bir qobiqda harakat qildi, buni qoliplangan tizim desak ham bo‘ladi, har ikkalasida ham ma'suliyat yo‘qoldi. Hozirgi kunda asosiy pedagogik texnalogiyalar imperik, kognitiv, evristik, kreativ, inversion, adattiv, inkulyuziv va boshqa texnologiyalardir. Dars jarayonida bu texnologiyalarni tanlay bilish - bu o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq FSMU texnologiyasi munozarali masalalarni hal etishda, bahs-munozaralar o‘tkazishda yoki o‘quv-seminari yakunida (o‘quvchilarning o‘quv-seminari haqidagi fikrlarini bilish maqsadida) yoki o‘quv rejasi asosida biron bo‘lim o‘rganib bo‘lingach qo‘llanishi mumkin, chunki bu texnologiya o‘quvchilarning o‘z fikrini himoya qilishga, mustaqil va erkin fikrlash, o‘z fikrini boshqalarga asosli ravishda ifoda etishga, ochiq holda bahslashishga, shu bilan bir qatorda o‘quvchilarning o‘quv jarayonida egallagan bilimlarini tahlil etishga, qay darajada egallaganliklarini baholashga hamda o‘quvchilarni bahslashish madaniyatiga o‘rgatadi. Ushbu texnologiya o‘quvchilarga tarqatilgan oddiy qog‘ozga o‘z fikrlarini aniq va qisqa holda ifoda etib, tasdiqlovchi dalillar yoki inkor etuvchi fikrlarni bayon etishga yordam beradi. O‘TKAZISH TEXNOLOGIYASI Ushbu texnologiya bir necha bosqichda o‘tkaziladi: 1-bosqichda: -o‘qituvchi o‘quvchilar bilan birga bahs mavzusini yoki muhokama etilishi kerak bo‘lgan muammoni yoki o‘rganilgan bo‘limni belgilab oladi; -o‘qituvchi darsda avval har bir o‘quvchi yakka tartibda ishlashi, keyin esa kichik guruhlarda ish olib borilishi, va nihoyat, dars oxirida jamoa bo‘lib ishlanishi haqida o‘quvchilarga ma’lumot beradi; -dars davomida har bir o‘quvchi o‘z fikrini erkin holda to‘liq bayon etishi mumkinligi eslatib o‘tiladi. 2-bosqichda: -har bir o‘quvchiga FSMU texnologiyasining 4 bosqichi yozilgan qog‘ozlar tarqatiladi: F (fikringizni bayon eting);
S (fikringiz bayoniga sabab ko‘rsating); M (ko‘rsatgan sababingizni isbotlab misol (dalil) keltiring); U (fikringizni umumlashtiring). -Har bir o‘quvchi yakka tartibda tarqatilgan qog‘ozdagi FSMU ning 4 bosqichini o‘z fikrlarini yozma bayon etgan holda to‘ldiradi. 3 -bosqichda: -har bir o‘quvchi o‘z qog‘ozlarini to‘ldirib bo‘lgach, o‘qituvchi ularni kichik guruhlarga bo‘linishlarini iltimos qiladi yoki o‘zi turli guruhlarga bo‘lish usullaridan foydalangan holda o‘quvchilarni kichik guruhlarga bo‘lib yuboradi; -o‘qituvchi har bir guruhga FSMU texnologiyasining 4 bosqichi yozilgan katta formatdagi qog‘ozlarni tarqatadi; -o‘qituvchi kichik guruhlarga har birlari yozgan qog‘ozlardagi fikr va dalillarni katta formatda umumlashtirgan holda 4 bosqich bo‘yicha yozilishini taklif etadi. 4 -bosqichda: -kichik guruhlarda avval har bir o‘quvchi o‘zi yozgan har bir bosqichdagi fikrlari bilan guruh a’zolarini tanishtirib o‘tadi. Guruh a’zolarining barcha fikrlari o‘rganilgach, kichik guruh a’zolari ularni umumlashtirishga kirishadi; -guruh a’zolari FSMU ning 4 bosqichini har biri bo‘yicha umumlashtirib uni himoya qilishga tayyorgarlik ko‘radilar; -fikrlarni umumlashtirish vaqtida har bir o‘quvchi o‘z fikrlarini himoya etishi, isbotlashi mumkin. 5 -bosqichda: -kichik guruhlar umumlashtirilgan fikrlarni himoya qiladilar: guruh vakili har bir bosqichni alohida o‘qiydi (iloji boricha izoh bermagan holda). Ba’zi bo‘limlarni isbotlashi, ya’ni guruhning aynan nima uchun shu fikrga kelganini aytib o‘tishi mumkin. 6-bosqichda: -o‘qituvchi darsga yakun yasaydi, bildirilgan fikrlarga o‘z munosabatini bildiradi; -quyidagi savollar bilan o‘quvchilarga murojaat qiladi: a) Ushbu dars yordamida nimalarni bilib oldingiz va nimalarni o‘rgandingiz? b) Ushbu dars qanday samara berdi? s) Ushbu mavzu o‘quvchilarda qanday xislatlarni tarbiyalaydi, nimalarni shakllantiradi, ularning qanday fazilatlarini rivojlantiradi? IZOH: Yuqorida keltirilgan savollar o‘qituvchi tomonidan har bir darsning mazmuni, maqsadidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarga berilishi mumkin. Masalan: Mavzu: Kesim gapning mazmuniy markazi. F (fikringizni bayon eting);
Gapning mazmuniy markazini tashkil etib, boshqa bo‘laklarni o‘z atrofiga birlashtiruvchi, tasdiq-inkor, shaxs-son, zamon va mayl ma’nolarini ifodalovchi bosh bo‘lak kesim deb ataladi. S (Fikringiz bayoniga biron sabab ko‘rsating): Kesim gapning mazmuniy markazini tashkil etganligi uchun boshqa bo‘laklar qatnashmasdan ham kesim orqali gap hosil qilish mumkin. M (Ko‘rsatilgan sababni tushuntiruvchi (isbotlovchi) misol keltiring): Kelayapti. Boramiz. U (Fikringizni umumlashtiring): Yuqorida keltirilgan so‘z bir gapni hosil qilmoqda. Agar gapda kesim qatnashmasa, gapning mazmuni bo‘lmaydi. Kelyapti, boramiz degan so‘zlar gapning mazmuniy markazi bo‘lmokda. Kelayapti gapi hozirgi zamonni ifodalayapti. Boramiz gapi kelasi zamonda ifodalangan. Xulosa o‘rnida shuni takidlash mumkinki, o‘qitish jarayonida o‘quvchilarga shaxs sifatida qaralishi, turli pedagogik texnologiyalar hamda zamonaviy metodlarning qo‘llanilishi ularni mustaqil, erkin fikrlashga, izlanishga, har bir masalaga ijodiy yondashishga yo‘naltiradi, eng asosiysi, ularning o‘qishga, fanga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytiradi. Bunday natijaga erishish amaliyotda o‘quv jarayonida innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llashni taqozo etadi. Ular juda xilma-xildir. Hozirgi zamonaviy metodlar yoki o‘qitishning samarasini oshirishga yordam beruvchi texnologik darslar o‘quvchilarda mantiqiy, aqliy, ijobiy, tanqidiy, mustaqil fikrlashni shakllantirishga, ijobiy fazilatlarni tarbiyalashga va ularning qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam beradi.
Hozirgi kunda barcha sohada tub yangilanishlar sodir bo’layotgan bir paytda ta’lim sohasida ham tubdan o’zgarishlar yuz bermoqda. “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da ham, “Ta’lim to’g’risida”gi Qonunda ham darslarni innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etish bot-bot aytilmoqda. Avvalo,innovatsion texnologiyaning o’zi nima degan savol tug’iladi.
Innovatsiya (inglizcha innovation)- yangilik kiritish, yangilik demakdir. Innovatsion texnologiyalar pedagogik jarayon hamda o’qituvchi va o’quvchi faoliyatiga yangilik , o’zgarishlar kiritish bo’lib, uni amalga oshirishda asosan interfaol uslublardan foydalaniladi. 6- sinf ona tili darsligida “Sifatlarning yasalishi” mavzusini quyidagi innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etish samarali bo’ladi
Innovatsiya biror yangi narsani, yangi tartib qoidani kiritishni anglatadi. Yangilik ko‘pincha yangi metodlar, vositalar, yangi konsepsiyalar, yangi o‘quv dasturlari kiritishga hamda qo‘llashga xosdir.
Innovatsiyaning turli ta’riflari mavjud: innovatsiya (lotincha inovatis)-bu yangilik, yangi tartib qoida, o‘zgarish degan ma’noni anglatadi.
Yangilik va o‘zgarish nima?
YUNESKO hujjatlaridan birida «... Yangilik albatta yangi bo‘lishi shart emas, biroq u albatta nimasi bilandir yaxshiroq va o‘z-o‘zidan namoyon etilishi mumkin bo‘ladi»-deb ko‘rsatilgan.
Innovatsion muammolari bilan bog‘liq bir qator tadqiqotlarda o‘zgarishlar yangilik bo‘lishi, biroq har doim butunlay yangi g‘oyalar yoki shakllar bo‘lmaslik mumkinligi faraz qilinadi.
Shunday qilib, innovatsiya tushunchasi orqali o‘quv - tarbiya jarayonini yaxshilash va takomillashtirishga yo‘naltirilgan didaktik, metodik, tashkiliy-texnik o‘zgarishlarni tushunamiz.
Pedagogikada innovatsion muammolarni hal etishda o‘qituvchining ijodiy faoliyati eng dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda (eng zarur pedagogik texnikani egallash, tarkibiy qismlari).
Pedagogikaning ijodiy salohiyati uning ijodkor shaxsni shakllantirishga intilmoqda, pedagogik odobning namoyon bo‘lishi, empatiya, qobiliyat, tasavvurni rag‘batlantirish, qiziqarli, muammoli savollarni berish va hokazo orqali amalga oshirilishi mumkin. Pedagogik ijodiyotda yangilik tushunchasiga, muhim o‘rin ajratilib, uning vaqt va faoliyat tushunchalari bilan uzviy bog‘liqligi quyidagi ikki vaqtlarida namoyon bo‘ladi: 1) o‘tmish bilan bog‘lanmaganligi va hozirgi vaqtda mavjudligi; 2) yangilikning ijtimoiy muhimligi sifatida amaliy ishlashi, lekin hali haqiqatni standartlashtirilish bosqichiga o‘tmaganligi.
Hozirgi davr ta’lim taraqqiyoti yangi yo‘nalish - innovatsion faoliyatni maydonga olib chiqdi. “ Innovatsion pedagogika” termini va unga xos bo‘lgan tadqiqotlar XX asrning 60-yillarida G‘arbiy Yevropa va AQSHda paydo bo‘lgan. Dastlab innovatsion faoliyat F.N. Gonobolin, S.M. Godnin, V.I. Zagvyazinskiy, V.A. Kan-Kalik, N.V. Kuzmina, V.A. Slatenin, A.I. Sherbakov ishlarida tadqiq etilgan. Bu tadqiqotlarda innovatsion faoliyat amaliyoti va ilg‘or pedagogik tajribalarni keng yoyish nuqtayi nazaridan yoritilgan.
X. Barnet, J. Basset, D. Gamilton, N. Gross, M. Mayez, A. Xeyvlok, D. CHen, R.Yedem ishlarida innovatsion taraqqiyotlarni boshqarish, ta’limdagi o‘zgarishlarni tashkil etish, innovatsiyaning “ hayoti va faoliyati” uchun zarur bo‘lgan shart sharoitlar masalalari tahlil qilingan. Yangilik kiritishning psixologik aspekti amerikalik innovatik olimlardan biri E. Rodjers tomonidan ishlab chiqilgan. U yangilik kiritish jarayoni qatnashchilarining toifalari tasnifini, uning yangilikka bo‘lgan munosabatini, uni idrok qilishga shayligini tadqiq etgan.
Rolli o‘yinlar - Muammoli vaziyat yaratiladi. O‘quvchilar bu muammoning yechimini rollar orqali ifodalab berishadi. Bu usulda «real» holatlarini qayta jonlantiradilar. Ularga amaliy ish faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi turdagi faoliyatlarni sinab ko‘rish va tekshirish imkoniyatlarini beradi.
Bahs-munozara usulida o‘quvchilarga bir kun oldin mavzu beriladi. O‘quvchilar mavzuni o‘qib, savollarga javob topib, guruhlarda o‘sha savollarga javoblar bahs-munozara asosida olib boriladi. Juftlikda ishlash bu ustuvorlikka ega usullardan biridir. O‘qituvchiga savol beriladi, beriladigan savollar muammoni chiqaradigan bo‘lib, o‘quvchilar juftlikda uning yechimini topishadi. Juftlikda ishlash o‘quvchilar orasida muammolarni bartaraf etish to‘g‘risida muloqot uyushtirilishiga chorlaydi. Agar o'quvchi jufltligi javob yuzasidan ko‘rsatmali material, jadval yoki diagrammalar tayyorlagan bo‘lsa, o‘sha juftlikning har bir a’zosi fikrining mahsuli bilan g‘ururlana olishi mumkin.
“Aqliy hujum” usuli – bu tanlangan mavzuga oid ko‘pgina g‘oyalarni ortiqcha izoh bermay, tanqidsiz to‘plash, “Aqliy hujum” usulining vazifasi asosiy g‘oyolar bazasini yaratish uchun kichik guruhlar kuchidan foydalanishdir. Ushbu usulning muvaffaqiyatli kechishi uchun ishni quyidagi tartibda tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
1. O‘quvchilarni ishlash uchun qulay qilib joylashitirish.
2. G‘oyalarni yozib borish uchun doska yoki qog‘ozni tayyorlang.
3. Muammoni o‘quvchilar ongiga yetkazing.
4. “Aqliy hujum” usuli qoidalarini bilib oling:
a) g‘oyalar aytilayotganda ularni izohlash yoki baholash qat’iyan man etiladi;
b) erkin fikrlash ta’minlanadi;
v) g‘oyalar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi;
g) boshqalarning fikrlarini ilg‘ab oling va ularni rivojlantiring.
5. Fikrlarini so‘rang va ularni aytilishi bilan tezgina yozib oling.
6. G‘oyalar yozilgan qog‘oz to‘lsa, uni devorga ilib qo‘ying.
7. O‘z fikringizni bildirib, yangi g‘oyalar tug‘ilishiga turtki bering.
8. Birovning fikridan istehzoli kulish yoki piching qilishiga yo‘l qo‘ymang.
9. G‘oyalar tugamaguncha ishni to‘xtatmang.
“Aqliy hujum” usulini guruhli, yakka va juftliklar asosida tashkil etish mumkin. “Aqliy hujum” juftliklar asosida tashkil etilganda o‘quvchilarga muayyan mavzu bo‘yicha bilganlarini yoki o‘z fikrlarini alohida qog‘ozga mustaqil yozish aytiladi. Ikki daqiqadan so‘ng yonma-yon o‘tirgan o‘quvchilar bir-biriga o‘rganib, yozganlarini o‘rtoqlashadilar va o‘z ro‘yxatlarini birlashtiradilar. Bunda o‘quvchilarning umumiy soni 10-15 tadan oshmagani ma’qul.
«Sinkveyn» usuli. Sinkveyn - qisqa jumlaga katta axborot singdirilgan matn.
Sinkveyn - fransuzcha so‘z bo‘lib, «bosh, asosiy» ma’nolarni anglatadi.
Sinkveyn quyidagi qoida asosida yoziladi.
1-qator. Mavzu bir so‘z bilan ifodalanadi.
2-qator. Mavzu ikki so‘z bilan yoritiladi.
3-qator. Mavzudagi voqelik ikki yoki uch so‘z bilan ochiladi.
4-qator. Mavzudagi munosabat, his-tuyg‘u to‘rtta so‘z bilan beriladi.
5-qator. Mavzu mazmuni bitta so‘z bilan ochiladi.
Masalan: til va so‘zlash madaniyatiga oid xalq maqollari ustida ishlashda:
1. Maqollar.
2. Og‘zaki ijod.
3. Xalq og‘zaki ijodi.
4. Tafakkur mahsuloti, ta’limiy, tarbiyaviy.
5. Ma’rifat.
«Tanqidiy fikrlash» usuli o‘rtaga tashlangan masala yoki muammo yuzasidan o‘z fikrini aytish, o‘zgalarning fikrlarini tanqidiy idrok etish, o‘z nuqtayi nazarini asoslab berish imkoniyatiga ega bo‘lishga asoslangandir.
Bunday usuldan bahs-munozara xususiyatiga ega bo‘lgan masalalar muhokamasida foydalanish mumkin. Masalan: O‘zaro muloqotda Siz yoki Sen deb murojaat qilishning qaysi biri ma’qul? Darsliklarga yozib- chizadigan o‘quvchilarga munosabatingiz va h.k.
Interfaol ta’lim usulining bunday shakli o‘quvchilarda tinglash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantiradi, turlicha qarashlar va nuqtayi nazarlarni tushunish malakasini rivojlantiradi, bahsli masalalarni muhokama qilish, tahliliy mushohada yuritish va fikrlash qobiliyatini oshiradi, o‘z dunyoqarashini, nuqtayi nazarini, fikrini shakllantirish, uni bayon etish mahoratini takomillashtirish imkonini beradi.
«Tanqidiy fikrlash»ni tashkil etish usullari:
1. Bahs-munozara xususiyatiga ega bo‘lgan muammo yoki topshiriq qo‘yiladi va quyidagicha savollar o‘rtaga tashlanadi:
A) Nima deb o‘ylaysiz?
B) Fikringiz qanday?
S) Sizningcha qanday? va h.k.
Ushbu shakldagi savollar o‘quvchi nuqtayi nazarini shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.
2. O‘quvchiga o‘z nuqtayi nazarini aniqlash, fikrini bir joyga to‘plash uchun imkoniyat va fursat beriladi.
3. O‘quvchi o‘z fikrini asoslaydi, shu o‘rinda u o‘z nuqtayi nazarini aniqlab olishi uchun quyidagi savollarni berish mumkin:
A) Nega shunday deb o‘ylaysiz?
В ) Nimalarga asoslanib bunday xulosaga keldingiz?
S) Qanday manbalardan foydalandingiz?
4. Muhokama qilinayotgan masala yuzasidan boshqa o‘quvchilarning o‘z fikrlarini bildirishlari uchun imkon beriladi. Bunda quyidagi savollar bilan murojaat qilinadi:
A) Kimda boshqacha fikr bor?
B) Aytilgan fikrlarni ma’qullaysizmi? Nima uchun? (yoki aksincha.)
5. O‘quvchilar bilan birgalikda barcha bildirilgan nuqtayi nazarlar muhokama va tahlil qilinadi, bunda quyidagi mazmundagi savollar o‘rtaga tashlanadi:
A) Sinfdoshlaringiz fikrini nima uchun ma’qullaysiz?
B) Sinfdoshingiz fikriga qarshi o‘z qarashingizni tasdiqlovchi asoslar keltira olasizmi?
6. Muhokama qilingan muammo yuzasidan chiqarilgan yakuniy xulosaga o‘quvchilar tomonidan o‘z nuqtayi nazarlarining qabul qilinishi yoki qayta baholanishi bilan erishiladi, bunda quyidagi savollarni berish mumkin:
A) Sizningcha kimning nuqtayi nazarini eng maqbul deb qabul qilish mumkin?
B) Yuzaga kelgan vaziyatdan qaysi yo‘l bilan chiqishni ma’qulroq deb o‘ylaysiz?
“Klaster” usuli (shoxchalar) Klaster usuli fikrlarning xilma-xilligi, o‘rganilayotgan tushuncha, hodisa va voqealarning xususiyatlarini ochib bera olish, erkin va ochiq fikrlash qobiliyatlarini shakllantiradigan pedagogik usuldir. “Klaster” – so‘zi “bog‘lash” yoki “shoxcha” degan ma’noni anglatadi. Klasterga bo‘lish yangi assotsiatsiyalarni paydo etadi, mavjud bo‘lgan bilimlarga yo‘l ochadi, tanlangan mavzuga oid yangi tasavvurlarni fikrlash jarayoniga jalb qiladi. Klaster metodini yangi mavzuni o‘rganishni boshlashdan oldin o‘tkazilsa, yaxshi natija beradi. Bu usul xotirada tez va oson saqlanadi.
Klasterni o‘tkazish tartibi:
1. Yozuv taxtasiga yoki katta qog‘ozning o‘rtasiga tayanch so‘z, so‘z birikmasi yoki gapni yozing.
2. Shu so‘z, mavzu bilan bog‘liq so‘z yoki iboralarni yozing.
3. Tushuncha yoki g‘oyalar o‘rtasidagi mos bog‘liqliklarni aniqlang.
4. Bog‘liq yoki aloqador tushunchalarni ko‘proq topishga harakat qiling.
5. 1-marta klaster usulini qo‘llaganda butun sinf uchun tushunarli bo‘lgan mavzuni tanlang.