Psixik rivojlanishi ortda qolgan bolalar bilan korreksion ishlar olib borishning xususiyatlari. O‘zbekistonda XX asrning 60-yillarida ilk bor psixik rivojlanishdan ortda qolgan bolalar bilan maxsus pedagogik ishlar amalga oshirilgan.
Hozirgi kunda psixik rivojlanishdan ortda qolgan bolalar uchun maktab internatlar va maxsus ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, ular ommaviy umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan korreksion-rivojlantiruvchi sinflarda ham o‘qitishlari mumkin.
Ta’lim jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1. Boshlang‘ich umumiy o‘rta ta’lim (ta’lim muddati – 4-5 yil).
2. Asosiy umumiy o‘rta ta’lim (ta’lim muddati - 5 yil).
Bolalarni korreksion muassasalarga qabul qilish PTPKning xulosasi bo‘yicha ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning roziligiga ko‘ra amalga oshiriladi. Sinf 12 nafar o‘quvchidan iborat bo‘ladi. Ular rivojlanishidagi nuqsonlarning bartaf etilishiga ko‘ra ommaviy umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga o‘tkazilishlari mumkin.
Ikkinchi bosqichda ta’lim (V-IX sinflar) ayrim o‘zgartirishlar (muayyan o‘quv mavzulari yoki ulardagi materiallar hajmini qisqartirish) bilan ommaviy umumiy o‘rta ta’lim maktablarining dasturlari asosida amalga oshiriladi. Korreksion-rivojlantiruvchi sinflarda ta’limning 1-bosqich muddati zarur holatlarda 1 yoki hatto 2 yilga uzaytirilishi mumkin.
Ular bilan ishlashda asosiy vazifa - bolalar tomonidan atrof-muhit haqidagi bilimlarni egallab olinishiga yordam berish, ularda kuzatuvchanlik va amaliy o‘quv faoliyati tajribasini hosil qilish, mustaqil ravishda bilimlarni egallash va amaliyotda ulardan foydalanish malakasini shakllantirishdan iborat.
Bunday o‘quvchilar individual yondashishni talab etadilar. Ularni korreksion o‘qitish davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari bilan birga amalga oshirilishi zarur. O‘quv materiali hamda ta’lim metodi PROQ bolalarning rivojlanish darajalariga mos holda tanlanishi zarur.
Aqli zaiflikning psixologik-pedagogik xususiyatlari, uning paydo bo‘lishi sabablari.Aqli zaiflikni o‘rganish bilan bog‘liq masalalar korreksion pedagogikada (defektologiyada) eng muhim masalalar qatoriga kiradi.
Aqliy rivojlanishi buzilgan bolalarni o‘qitish, tarbiyalash, ijtimoiy moslashtirish va o‘rganish muammolari korreksion (maxsus) pedagogikaning muhim sohasi - oligofrenopedagogika tomonidan o‘rganiladi. “Oligofreniya” (yunoncha olygos – kam va phren - aql) termini XIX asrda mashhur nemis psixiatri Emil Krepelin tomonidan qo‘llanilgan.
Oligofreniya – bu natal (tug‘ilish payti) yoki postnatal (hayotiy rivojlanishning erta bosqichi) davrlarda markaziy nerv tizimining zararlanishi natijasida yuzaga keladigan aqliy yoki psixik rivojlanmaslik.
Oligofreniyaning sabablari bosh miyani buzilishiga olib keluvchi ekzogen (tashqi) va endogen (ichki) omillar bo‘lishi mumkin. Ekzogen omillar sirasiga onaning homiladorlik davrida turli infeksion kasalliklar bilan kasallanishi (virusli kasalliklar, qizilcha, qizamiq, kor, Botkin kasalligi va boshqalar), chaqaloqning ona organizmidagi turli parazitlar bilan zararlanishi (toksoplazmos) hamda turli tug‘ma shikastlar (asfiksiya) kiradi. Onaning yurak-qon tomir tizimi, buyrak, jigar kasalliklari bilan og‘rishi, homiladorlik davrida ruxsat etilmagan dori-darmonlarni qabul qilishi, homiladorlik davrida turli jismoniy va psixik jarohatlarni olishi, ayollarning zararli ishlab chiqarishda ishlashlari, atrof-muhitning yomon sharoitlari, chekish, alkogolizm, ota-onalari giyohvand moddalarni is’temol qilishlari ham chaqaloq bosh miyasining zararlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Aqli zaif shaxslar rivojlanish va nuqson darajasiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Ularni quyidagi uch guruhga ajratish mumkin:
Ona qorinidaligi miyasi shikastlangan bolalar.
Tug‘ilishi paytida yoki tug‘ilgandan keyin uch yil davomida miyasi shikastlangan bolalar.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ) 1994 yilda aqli zaiflikning quyidagi to‘rt darajasini e’tirof etgan: sezilmas (kam), o‘rtacha, og‘ir va chuqur darajalar.
Kam darajadagi aqli zaiflik o‘quvchilar maktabni bitirish davrida o‘zlarining psixometrik va klinik namoyon bo‘lishi bilan normal rivojlanayotgan odamlardan kam farq qiladilar hamda muvaffaqiyat bilan ishga joylashadilar.
Aqli zaiflik tuzatib bo‘lmaydigan hodisa sifatida e’tirof etilsa ham, uni korreksiya qilib bo‘lmaydi degan ma’noni anglatmaydi. Aksariyat tadqqiqotlarda maxsus (korreksion) ta’lim muassasalarida metodik jihatdan to‘g‘ri yo‘l tutilishi aqli zaif bolalarning rivojlanishida ijobiy natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda.