Aqliy tarbiya - bu barkamol inson tarbiyasining yetakchi tarkibiy qismi bo‘lib, o‘quvchi yoshlarni tabiat va jamiyat, kishi tafakkuri haqidagi bilimlar tizimini ilg‘ab olishi, ularda ilmiy dunyoqarash, yuqori onglilik hislatlarini parvarishlash, fan asoslaridan xabardor qilish, tafakkur va nutq qobiliyatlarini o‘stirish uchun maqsad qilib qo‘yadi.
Ayniqsa, o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish dolzarb muammolardan sanaladi. Inson kamolotida ilm egallash ulkan fazilatlardan biri hisoblanadi.
Hadis kitoblarida, mutafakkirlarimiz ijodlarida ilmning har bir mo‘min musulmon uchun naqadar zarurligi bayon etilgan. Bunga ko‘plab Hadislarni misol etish mumkin: «Beshikdan to qabrgacha ilm izla», «Ilmga ilm olmoq yo‘li bilan yerishilgaydir. Ilmu hunarni Xitoyga borib bo‘lsa ham o‘rganinglar...», «Ilm olmoqqa intilish ham har bir muslim-muslima uchun qarzu farz» deyiladi. Yusuf Xos Hojib, A.Navoiylar ham o‘z asarlarida ilmni inson uchun o‘ta qadrlaydilar. Demak, o‘quvchilarni ilm olishga da’vat etishimiz lozim. Aqliy tarbiya o‘quv rejasi asosidagi fanlarni o‘qitish orqali ilmiy dunyoqarash negizida amalga oshiriladi.
O‘quvchilarga aqliy tarbiya berishda birinchi navbatda uning fikrlash, his qilish, tasavvur, idrok, xayol, xotira qobiliyatlarini o‘stirish, ichki dunyosini ma’naviy jihatdan boyitish haqida o‘ylamoq lozim.
Axloqiy tarbiya –bu o‘quvchilarda jamiyatga, Ona-yurtiga, mehnatga, boshqalarga va o‘z-o‘ziga nisbatan axloqiy munosabatlarni shakllantirish jarayonidir.
Axloq - ijtimoiy ong shakllaridan biri bo‘lib, insonlarning jamiyatga, boshqalarga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlarini tartibga solib turuvchi hulq-odob me’yorlari, qonun-qoidalari majmuasidir. Ana shu hulq-odob qonun-qoidalarini o‘quvchilar ongi, hayoti, turmush tarziga singdirish uchun ko‘rsatilayotgan ta’sir axloqiy tarbiya deyiladi.
Musulmon axloqining asoslari mazmunan boy va rang-barang ko‘rinishlarda o‘zligini namoyon etadi. Markaziy Osiyo xalqlari axloqshunoslik sohasida eng boy tajribaga egadirlar. Qur’oni karimda va Hadisu shariflardagi axloqqa oid ibratli maslahatlar, ota-bobolarimiz yaratgan ma’naviy meroslar, mutafakkirlarimizning axloq haqidagi fikrlari bugunga qadar ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Axloqiy tarbiya eng muhim insoniy fazilatlarni shakllantirish vositasidir.