Tayanch tushuncha va iboralar: Tarbiya metodlari, tushuntirish, mashqlantirish, namuna, nasihat qilish, qoralash, o‘z-o‘zini tahlil qilish, o‘z-o‘zini boshqarish, o‘z-o‘zini baholash, izohlash, munozara, topshiriq, pedagogik talab, rag‘batlantirish.
Dars maqsadi: talabalarga tarbiya metodlari haqida tushuncha berish, inson faoliyatida metodlarning ahamiyatini uqtirish, shaxs kamolotida tarbiya metodlarining ta’sirini sezishga o‘rgatish.
1- savol bayoni: Tarbiya inson hayotida muntazam amalga oshib boradigan jarayondir. Tarbiyaning samarali bo‘lishi tarbiyachi va tarbiyalanuvchining faoliyatiga hohish –irodasiga, qanday sharoit va vositalarning ta’sirida ruyobga chiqishga bog‘liqdir. Ayniqsa tarbiya qanday usullar bilan amalga oshirilganligi, uni berishda qanday yo‘l tutilganligi nihoyatda muhimdir.
Pedagogikada tarbiya berishning yo‘li va usullari «metod» deb hisoblanadi. Qadimgi yunon tilida «metxos» so‘zi bizning tilimizda «usul», «yo‘l» degan ma’noni anglatadi.
Inson har qanday faoliyat to‘rini o‘ziga xos metodlar orqali bajaradi. Tarbiya ham inson faoliyatining ko‘p qirrali va murakkab turlaridan biridir. Shuning uchun pedagogika fanida xilma –xil tarbiya metodlari jamlangan va ilmiy asoslangan.
Tarbiya metodlarini ta’riflashda har –xil yondashuvlar mavjud.
«Tarbiya metodlari –tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning hamkorlikda aniq maqsadga erishish uchun ma’lum tartibda bajaradigan faoliyatning yo‘l va usullari yig‘indisidir». Uning samarali ta’sir etishi uchun tarbiyachining yuksak mahoratidan tashqari, tarbiyalanuvchining yoshi, o‘ziga xos xususiyatlari, tarbiyaviy ta’sirning muhimligi e’tiborga olinadi.
Ayrim hollarda tarbiyalanuvchining o‘zi u yoki bu metodlardan foydalangan holda xulq –atvorini o‘zgartiradi, yoki tarbiyaga soladi. Demak, tarbiya metodlari nafaqat tarbiyachi tomonidan, tarbiyalanuvchilarning o‘zlari tomonidan ham mustaqil qo‘llanishi mumkin ekan.
Tarbiya metodlari alohida, yoki bir necha metod bilan birgalikda qo‘llanishi kuzatiladi. Bunda bir metod asosiy ta’sir usuli bo‘lsa, boshqalari yordamchi usul vazifasini o‘taydi. Yosh bolalar bilan ishlashda bu hol yaxshi natija berish isbotlangan. Tarbiya jarayonida metodlar almashtirib turilsa tarbiyalanuvchi uchun odatdagi holga aylanmasa uning natijasi samarali bo‘ladi.
Tarbiya metodlaridan muvaffaqiyatli foydalanish uchun ularning ta’sirini orttiruvchi vositalar va shakllaridan ham ustalik bilan qo‘llaniladi. Tarbiya vositasi sifatida xalq og‘zaki ijodi namunalari, badiiy ijod, tasviriy san’at, me’morchilik, ma’naviy qadriyatlar va an’analar xizmat qiladi. Tarbiyaviy ta’sir shakli sifatida uchrashuvlar, munozaralar va muhokama, mehnat tarbiyalari, o‘yinlar, marosimlar va boshqalarni hisoblash mumkin. Ayrim manbalarda bu vosita shakllarini tarbiya usuli deb ham sanashadilar.
Tarbiya metodlari juda ko‘p xilma –xil bo‘lib, yoshlarni tarbiyalashda ularni to‘g‘ri tanlash, mohirlik bilan foydalanish hamda almashtirib turish maqsadga muvofiqdir.
Tarbiya metodining kim tomonidan qo‘llanishi ham ahamiyatlidir. Aynan bir metod ota –ona, aka –uka, o‘qituvchi, sinf rahbari, maktab direktorlari tomonidan qo‘llansa turlicha natija berish mumkin. Shuning uchun ham metodlar toifalashtirilishi, tasnif etilishi, ulardan foydalanishni qo‘lay bo‘lishini ta’minlaydi.