O’quv-uslubiy majmua



Yüklə 413,75 Kb.
səhifə35/53
tarix06.09.2023
ölçüsü413,75 Kb.
#141709
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   53
O’quv-uslubiy majmua-fayllar.org

Fonologik nazariyalar
Qozon lingvistik maktabida fonema nazariyasi. Qozon tilshunoslik maktabining asoschisi Boduen de Kurtene bo‘lib, uning tilshunoslik oldidagi xizmatlaridan biri shuki, olim tilshunoslikka fonema nazariyasini olib kirdi. Boduen birinchilardan bo‘lib tovushdan farq qiladigan fonetik birlikni ajratish zarurligini angladi.
Uning ilmiy faoliyati davomida fonema haqidagi qarashlari o‘zgarib bordi. Shuning uchun Boduen asarlarida fonemaning xilma-xil talqini ko‘zga tashlanadi.
1881 yilda “Slavyan tillari qiyosiy grammatikasining ayrim bo‘limlari” nomli asaridayoq fonemaning ikki xil talqini namoyon bo‘ladi. Bir o‘rinda fonema so‘z tovush tomonining antropofonik xususiyatlar umumlashmasi deb qaralsa, boshqa bir o‘rinda “antropofonik belgilar umumlashmasi”, “tovush tipi”, bevosita sezgi a’zolarimizga ta’sir qiluvchi real tovushlarning “qo‘shimcha belgilaridan tozalangan umumlashmasi” sifatida baholanadi. Boduen de Kurtenening fonema haqidagi qarashlarida uning quyidagi muhim belgilariga e’tibor qaratganligi ma’lum bo‘ladi: 1) fonemaning murakkab birlik ekanligi; 2) uning eng kichik birliklardan (xususiyatlardan) tashkil topishi; 3) eng kichik birliklardan tashkil topgan butunlik sifatida tilda yaxlit holda funksiyalashishi; 4) eng kichik birliklardan tashkil topgan fonemaning til sistemasida munosabatlar (korrelyatsiya) a’zosi sifatida yashashi; 5) fonemaning bevosita kuzatishda berilgan tovushlarning lingvistik umumlashmasi, abstraksiyasi ekanligi; 6) fonemaning real ko‘rinishi uning antropofonik (artikulyatsion-fiziologik) tabiatining namoyon bo‘lishi ekanligi. Shunday qilib, Boduen de Kurtene ilmiy faoliyatining Qozon davrida fonema real talaffuz qilinuvchi tovushlarning abstraksiyasi, modeli, invarianti, qurilma (konstrukt) sifatida baholanadi. XIX asrning 90-yillarida u fonemaning bevosita kuzatishda tovushlar orqali namoyon bo‘luvchi, lekin o‘zi kuzatishda berilmagan mavhum birlik ekanligini yana ham aniqroq bayon qiladi. “Fonema” deb nomlangan maqolasida uning “tovushning psixik ekvivalenti” ekanligini ta’kidlaydi. 1917 yilda nashr etilgan “Tilshunoslikka kirish” asarida fonema inson psixikasida barqaror mavjud bo‘lgan tovush tasavvuri,so‘zlovchi ongida yashovchi model sifatida izohlanadi.1 Shunisi xarakteriliki, Boduen asarlarida fonema goh so‘zlovchi ongida tovushlarni umumlashtirish natijasida hosil bo‘lgan ideal mohiyat sifatida, goh ilmiy mavhumlashtirish (abstraksiya), lingvistik modellashtirish natijasi sifatida izohlanadi. Boduen fonologik nazariyasining yana bir muhim jihati fonemaning morfologizatsiyasi va semasiologizatsiyasidir. Ya’ni fonemani morfologik qurilishdagi va ma’no farqlashdagi vazifasi nuqtai nazardan o‘rganishdir. Boduen de Kurtene til birligi sifatida fonemani ajratish bilan birga, uni o‘rganuvchi tilshunoslikning alohida bo‘limi bo‘lgan fonologiyaning ajratilishi lozimligini bayon qildi. Uning fikricha, fonologiya fonemalarning ma’noli birliklar hosil qilishdagi vazifalarini o‘rganadi. Boduen de Kurtene fonemalarning morfemalarni moddiy tomondan shakllantirish funksiyasiga e’tibor berar ekan, fonetik qurshovda ularning o‘zaro ta’siri masalasi diqqatini jalb etdi. Natijada yondosh tovushlar o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjudligi, shuning uchun ular o‘zaro tobelanish va farqlanish munosabatida bo‘lishini ta’kidlaydi. Natijada u, bir tomondan, kogerent va divergent, ikkinchi tomondan korrelyativ va korrespondent atamalari bilan nomlanuvchi hodisalarni ajratadi. Olimning ta’kidlashicha, tovushlarning o‘zaro yoki birining ikkinchisiga kombinatsion tobeligi kogerensiya hisoblanadi. Xususan, turkiy tillarda tovushlarning qattiq-yumshoqligiga ko‘ra birining ikkinchisiga tobelanishi kogerent munosabat sanaladi. Masalan: ilik, qiliq so‘zlaridagi i va i munosabati. Kombinatsion tobelik munosabati natijasida hosil bo‘lgan kombinatsion o‘zgarish divergensiya, divergensiya hodisasi asosida hosil bo‘lgan tovushlar esa divergentlar hisoblanadi. Boduenning fikricha, divergentlar kombinatsion o‘zgarishga uchragan, kelib chiqishiga ko‘ra bir xil (gomogen) bo‘lgan tovushlardir. Masalan, rus tilida lodka-lodochka, god-godovoy, o‘zbek tilida yod-yodi, zid-zidla so‘zlaridagi t-d, shuningdek, god-goda so‘zlaridagi o-a tovushlari divergentlar, ya’ni o‘zaro divergensiya munosabatidagi tovushlar sanaladi. Korrelyativlar divergentlardan tarixan bir manbadan kelib chiqsa ham, hozirgi kunda bir-biridan farq qiluvchi turli tovushlar ekanligi bilan ajralib turadi. Masalan: rus tilida begu-bejat, lech-lejat so‘zlaridagi g-j, ch-j tovushlari korrelyativlardir. Korrelyativ va divergentlar korrespondentlarga qarama-qarshi qo‘yiladi. Tarixan bir manbadan kelib chiqib, hozirgi qardosh tillarda farqli talaffuz qilinuvchi tovushlar o‘zaro korrespondent munosabatidagi tovushlar yoki korrespondentlar sanaladi. Masalan, yunoncha pater, poot, ingl. father, foot so‘zlaridagi p va f tovushlari o‘zaro korrespondent munosabatidagi tovushlar hisoblanadi. Korrelyativ va korrespondent singari tovushlarga o‘xshatib bo‘lmaydigan fonetik birlikni Boduen f o n ye m a hisoblaydi. Ko‘rinadiki, bu o‘rinda u fonemani so‘zning ma’lum fonetik qismining antropofonik xususiyatlarining umumlashgan yig‘indisi sifatida baholaydi. Xullas, jahon tilshunosligi tarixida statika-dinamika, til-nutq zidlanishi to‘g‘risidagi tushunchaning paydo bo‘lishida, tilning sistema ekanligi, uning belgilik tabiati to‘g‘risidagi qarashlarning shakllanishida hamda fonema nazariyasining vujudga kelishida Boduenning xizmati kattadir. Leningrad fonologik maktabida fonema nazariyasi. Leningrad fonologik maktabining asoschisi Boduen de Kurtenening shogirdi L.V.Shcherbadir. U Boduen de Kurtenening fonema so‘z va morfemalarni farqlovchi belgi ekanligi haqidagi ta’limotini rivojlantirdi. L.V.Shcherba «Sifat va miqdor nuqtai nazaridan rus unlilari» (1912) asarida fonemaga bergan ta’rifidayoq psixologizmdan holi bo‘lmasa ham, ammo unda fonemaning funksional tomoniga e’tibor sezilib turadi. Uning fikricha, fonema so‘zning fonetik tarkibini buzmagan holda ajratish mumkin bo‘lgan, so‘zni farqlash va ma’no tasavvuri bilan assotsiatsiyalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan ma’lum bir tilning umumiy tovush tasavvuridir. L.V.Shcherba keyinchalik fonemaning funksional tomoniga, ya’ni ma’no farqlash xususiyatiga asosiy e’tiborini qaratdi va psixologik talqindan xalos bo‘ldi. Jumladan, «Fransuz tili fonetikasi» asarida fonemaga sof funksional tomondan so‘z va uning shakllarini farqlash uchun xizmat qiladigan tovushlar tipi sifatida yondashadi. U fonemani ajratish uchun tovushning artikulyatsion-akustik xususiyati emas, balki ma’no farqlash xususiyati muhim belgi ekanligini ta’kidlaydi. Masalan, so‘roq yuklamasi bo‘lgan – a turlicha akustik-artikulyatsion xususiyatga ega bo‘lishi (baland, past, cho‘ziq yoki tez va h.k.) mumkin, ammo lingvistik nuqtai nazardan bir yuklama, bir tovush tipidir. Shunday qilib, akustik-artikulyatsion jihatdan turlicha tovushlar bir umumiy belgisi bilan tiplarga birlashadi va shu umumiy belgisi bilan boshqa shunday tovush tiplaridan ajralib turadi. L.V.Shcherba fikricha, ana shunday umumiy belgi uning ma’no farqlash xususiyatidir. Demak, har bir fonema boshqa fonemadan ma’no farqlash xususiyati orqali ajratiladi. Natijada har bir tilning barcha fonemalari qarama-qarshiliklar sistemasini hosil qiladi. Ko‘rinib turibdiki, L.V.Shcherbaning fonologik konseptsiyasida fonemaning so‘z yoki morfemalarning ma’nosini farqlash uchun xizmat qiladigan farqlovchi belgisi asosiy o‘rin egallaydi. L.V.Shcherba fonologik nazariyasining ikkinchi eng muhim tomoni fonema ottenkalari haqidagi ta’limotidir. Uning fikricha, umumiy (fonema)ning talaffuz qilingan real ko‘rinishlari ottenkalardir. Boshqacha qilib aytganda, nutqdagi barcha real talaffuz qilinuvchi tovushlar ottenka hisoblanadi. Demak, fonema va uning ottenkalari o‘rtasidagi munosabat ikki bosqich munosabatidir: abstrakt bosqich (fonema), konkret bosqich (ottenka). L.V.Shcherba ottenkalarni ham tasnif qiladi. Fonemaning ottenkalari ichida bittasi turli sabablarga ko‘ra shu fonema uchun tipik bo‘ladi. Alohida talaffuz qilingan ottenka ana shunday tipik ottenka hisoblanadi va faqat shu ottenka real nutqiy element sifatida tilga olinadi. Boshqa ottenkalar esa tipik ottenkaga nisbatan turlicha talaffuz qilinadi. Ularni o‘rganish uchun esa maxsus «eshitish ko‘nikmasi» kerak bo‘ladi. Masalan, o‘zbek tilidagi i fonemasi til orqa tovushlaridan keyin kelib (qil, g‘ir-g‘ir), til orqa i holida, lab unlilaridan keyin kelib (tug‘il) u holida, birinchi bo‘g‘inda kelib (biroq, sira), bilinar-bilinmas talaffuz qilinadi. Ammo bu ottenkalar bir i fonemasining ma’lum sharoitga muvofiqlashgan turli vakillaridir. Boshqa ottenkalar akustik va artikulyatsion tomondan tubdan farq qilishi mumkin. Bu vaqtda ularni birlashtirib turadigan belgini L.V.Shcherba bir sharoitda biri o‘rnida ikkinchisi kelmaslik belgisi hisoblaydi. Bu belgi Amerika tilshunosligi maktabida qo‘shimcha distributsiya deb yuritiladi. Masalan, yuqorida keltirilgan qil, g‘ir-g‘ir, biroq, sira kabi so‘zlar tarkibidagi i fonemasining vakillari o‘rnida boshqasini qo‘llash mumkin bo‘lsa, ular boshqa-boshqa fonemaning vakillari hisoblanadi. Masalan, qil, qul, qo‘l, qol, kal, kel va boshqalar. Bularda unlilar biri o‘rnida ikkinchisi kelib, ma’no farqlash funksiyasini bajaryapti. Ma’nosiz tovush birikmasida ham e boshqa barcha unlilarga va a boshqa barcha unlilarga qarama-qarshi qo‘yilganligi uchun mustaqil fonema hisoblanadi. Agar qil so‘zi tarkibidagi i ning fonetik sharoitini o‘zgartirsak: yo birinchi undoshni yoki oxirgi undoshni boshqasiga almashtirsak (bil, til, sil, chil, xil, qil, shil; qis, qir, qish, qil, qiz va h.k.), akustik-artikulyatsion tomonidan turli sifatga ega bo‘lsa ham, ammo bir i fonemasining vakillari sifatida namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, fonema – bu, bir tomondan, barcha ottenkalarning umulashmasi, ikkinchi tomondan, har qaysisi konkret hollarda shu fonemaning vakili hisoblanadi. Fonema ottenkalari bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladi. Ottenkalar guruhi (fonema) esa boshqa ottenkalar guruhi (fonema)ga qarama-qarshi qo‘yiladi. Natijada L.V.Shcherba fonemani qisqacha qilib «konkret vaziyatda ottenkalar sifatida namoyon bo‘ladigan umumlashmadir» deb izohlaydi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, fonema qarama-qarshi qo‘yish asosida aniqlanadi. Qarama-qarshi munosabatda bo‘luvchi ikki minimal birlik qarama-qarshi a’zolar hisoblanadi. O‘zaro qarama-qarshi munosabatda bo‘lgan fonemalar bir qator belgilarga ega bo‘lib, shu belgilardan bittasi qarama-qarshi munosabatga kiruvchi fonemalar uchun farqlovchi (differensial), boshqalari farqlamaydigan (nodifferensial) belgi hisoblanadi. Masalan, o‘zbek tilidagi t undoshi til oldilik, jarangsizlik, portlovchilik, burun tovushi emaslik, lablashmaganlik kabi belgilarga ega bo‘lib, bulardagi dastlabki uch belgisi farqlovchi, keyingi ikki belgisi farqlovchi bo‘lmagan belgilar hisoblanadi. Chunki o‘zbek tilida t undoshi o‘rnida keyingi ikki belgiga ko‘ra oppozitsiyaga kirishadigan undosh qo‘llanilmaydi.
Tilning barcha fonemalari ma’lum farqlovchi belgilarga ko‘ra guruhlanadi va shu tilning fonemalari sistemasini tashkil etadigan korrelyativ qatorlarni hosil qiladi. Masalan, o‘zbek tilida ovozning ishtirok etish-emasligiga ko‘ra jarangli va jarangsiz undoshlar korrelyativ qatorlarni hosil qiladi. Masalan, p-b, t-d, s-z, k-g, ch-j va boshqalar. Shu bilan birga, korrelyativ qatorni hosil etmaydigan alohida qarama-qarshi qo‘yish, ya’ni ajratilgan oppozitsiya ham uchrashi mumkin. Masalan, o‘zbek tilida x, h undoshlarining jarangli-jarangsizlikka ko‘ra korrelyativ qatori yo‘q, chunki ularning jarangli ziddi yo‘q. Moskva fonologik maktabida fonema nazariyasi. Moskva fonologik maktabi o‘tgan asrning 30-yillarida A.A.Reformatskiy ta’biri bilan aytganda, DARS ilmiy markazi asosida shakllandi (DARS nomi bu ilmiy markaz asoschilari Dmitriyev, Avanesov, Reformatskiy, Sidorovlarning bosh harflaridan olingan) Leningrad fonologik maktabidan farqli ravishda MFM da fonema ma’lum avtonomlikka ega bo‘lgan, so‘z va morfemaning tovush qobig‘iga bog‘liq bo‘lmagan mustaqil birlik emas, balki so‘z va morfemaning tarkibiy elementi hisoblanadi. LFM va MFM da fonemaga bunday ikki xil nuqtai nazar bir fonetik qurshovdagi ayrim tovush birliklarini ikki xil talqin qilishga olib keladi. Moskva fonologik maktabi konseptsiyasining katta yutug‘i shundaki, ular so‘z shaklning tovush tomonini farqlash darajasiga ko‘ra uning ikki pozitsiyasi - maksimal farqlash pozitsiyasi (kuchli pozitsiya) va minimal farqlash pozitsiyasi (kuchsiz pozitsiya)ga ajratadi. Qurshovdagi tovushlarning ta’siriga kam berilgan perseptiv (bilish) tomondan maksimal differensial pozitsiya fonemalarning kuchli pozitsiyasi hisoblanadi. O‘zbek tili unlilari uchun faqat bir unlidan tashkil topgan so‘zning birinchi bo‘g‘ini pozitsiyasi kuchli pozitsiyadir.
R.A.Avanesov fonemalar pozitsiyasini tasnif qilar ekan, ma’lum bir fonemaning bir belgisi uchun kuchli pozitsiya shu fonemaning boshqa belgisi uchun kuchsiz pozitsiya bo‘lishi mumkinligini aytadi. Shuning uchun u pozitsiyalarni quyidagi to‘rt guruhga bo‘ladi:
I. Jarangli-jarangsizlik belgisi uchun ham, qattiqlik-yumshoqlik belgisi uchun ham kuchli pozitsiya.
II. Jarangli-jarangsizlik belgisi uchun kuchli, qattiqlik-yumshoqlik belgisi uchun kuchsiz pozitsiya.
Sh. Qattiqlik-yumshoqlik belgisi uchun kuchli, jarangli-jarangsizlik belgisi uchun kuchsiz pozitsiya.
IV. Har ikki belgi uchun absolyut kuchsiz pozitsiya.
Pozitsiya tushunchasi asosida MFM fonema variantlari va variatsiyalarini ham ajratadi. Jumladan, A.A.Reformatskiy kuchsiz pozitsiyalarni ikkiga - perseptiv kuchsiz (bilish tomonidan) va signifikativ kuchsiz (farqlash tomonidan) pozitsiyalarga ajratgani holda, birinchi pozitsiya fonema variatsiyalarini, ikkinchi pozitsiya esa variantlarini hosil qilishini aytadi. Birinchisiga “a”ning turli ottenkalari “mat”, “mat”, “myat”, “myat”; ikkinchisiga so‘zning oxirgi pozitsiyasi – “prud” va “prut” kiritiladi.
MFMning yana bir yutug‘i bir belgi asosida oppozitsiyaga kirishgan fonemalarning shu belgi uchun kuchsiz pozitsiyada oppozitsiyaning yo‘qolishi, ya’ni ikki fonemaning bir variantga muvofiqlashuvi – neytralizatsiyasi haqidagi ta’limotdir. Masalan, yod so‘zidagi d t holida talaffuz qilinadi. MFM fonemani avtonom holda emas, balki morfema va so‘zning ichida uning elementi sifatida o‘rgandi.
Praga lingvistik maktabida fonema nazariyasi. Jahon tilshunosligi oldida Praga tilshunoslik to‘garagining katta xizmati shundaki, bu maktab fonologiyani ilmiy predmet sifatida shakllantirdi. Praga tilshunoslik to‘garagining fonologik konseptsiyasi N.S.Trubetskoyning «Fonologiya asoslari» kitobida mujassamlashgan.
N.S.Trubetskoy konseptsiyasi bo‘yicha fonologik sistema leksik va grammatik ma’nolarni farqlash uchun xizmat qiladigan fonologik oppozitsiyalar (LFM bo‘yicha fonologik qarama-qarshiliklar) majmuasi sifatida talqin qilinadi. U fonologiyada asosiy rolni fonemalar emas, balki ularning ma’no farqlash funksiyasi o‘ynashini ta’kidlaydi. Har qanday fonema fonologik oppozitsiya sistemasi ma’lum tarkibga yoki strukturaga ega bo‘lganligi uchun ham ma’lum fonologik mazmunga ega bo‘ladi. Fonema abstrakt birlik sifatida qaraladi. Konkret tovushlar fonemaning moddiy simvollari hisoblanadi. Fonema moddiy jihatdan bir qancha tovushlar orqali reallashishi mumkin. Bunday reallashgan har xil tovushlar shu fonemaning variantlari sanaladi. Praga tilshunoslari variantlarni tasniflab, ularni majburiy, fakultativ va individual variantlarga bo‘ladilar. Majburiy variantlar, o‘z navbatida pozitsion, kombinator va uslubiy variantlarga bo‘linadi.
Fonemaning urg‘uga, so‘z xarakteriga, nutq melodikasiga xoslangan varintlari pozitsion; nutq oqimida yondosh fonemalar ta’siridagi variantlar kombinator; talaffuz uslubi bilan xoslangan variantlar uslubiy variantlar sanaladi (to‘liq uslub, og‘zaki uslub va boshq.) Bir pozitsiyaning o‘zida so‘z ma’nosini o‘zgartirmagan holda o‘zaro almashinib kelgan variantlar fakultativ variantlardir. Fakultativ variantlar ko‘pincha dialektal farqlanishlar natijasida vujudga keladi, masalan, ng ning til orqa va chuqur til orqa variantlari. Ayrim kishilarning nutq xususiyati bilan bog‘liq variantlar individual variant hisoblanadi.

Yüklə 413,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   53




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin