Tarixiy – an’anaviy tamoyil. Bu prinsip bo`yicha so`zlar hozirda qanday talaffuz qilinishiga qarab emas, qadimdan an’anaga aylanib qolgan qoidalar asosida yoziladi. Demak, so`zlarning aytilishi uning yozilishidan farq qiladi. Biroq bunda morfologik prinsipdagi kabi morfemalarning yagona shakllanishiga, grammatik qoidaga rioya qilinmaydi. Aksincha, so`zlarning yozma ifodasi ularning tarixan o`zlashib singib ketgan shakliga teng keladi. O`zbek tilida bu tamiyildan, odatda, badiiy uslubda ko`proq foydalaniladi: Masalan:
maqsad ravishdoshi qo`shimchasi [-gani] o`rnida uning tarixiy ko`rinishlari [-gali], [-g`ali], [-qali], [-kali] qo`llaniladi: Ko`rgali keldingmi, yor, kuydirgali keldingmi, yor (Qo`shiqdan);
sifatdoshning [-r/-ar] shakli [-ur] tarzida ishlatiladi: Shirin bo`lsang, yalab ado qilurlar, Acchchiq bo`lsang talab ado qilurlar (E.Vohidov);
[-mi] so`roq yuklamasi [-mu] shaklida qo`llaniladi: Sevgini tortib bo`larmu, toshu tarozu bilan (E.Vohidov); Sen bahorni sog`inmadingmu (A.Oripov);
[-gin] buyruq - istak mayli shakli [-gil], [-g`il] tarzida ishlatiladi: Bas, yetar, ko`ksimga urmagil xanjar (A.Oripov);
chiqish kelishigi shakli [-dan] ko`pincha, [-din] tarzida beriladi: Gavhar balchiqqa tushgani bilan qimmati ushalmas va o`z bahosidan qolmas (I.Sulton) va h.k.
Kabutar, muomala, musicha, taqozo, erur kabi so`zlar ham tarixiy – an’anaviy tamoyil asosida yozilgan.
G`arbiy yevropa tillarida, jumladan, ingliz, fransuz, nemis tillarida ham shu prinsipga amal qilinadi. Chunonchi, ingliz tilidagi to live [live] (yashamoq), to work [we:k] (ishlamoq), to condemn [ken’dem] (yomon ko`rmoq), debt [det] (qarz), light [alti] (yorug`) kabi so`zlar; fransuz tilidagi Paris (Parij), homologue (insonshunoslik) so`zlari; nemis tilidagi tisch (stol), deutsch (nemis tili ) so`zlari tarixiy – an’anaviy tamoyil asosida yozilgan. Rus tilidagi красивого, большого, здания, корова, собака so`zlari ham shular jumlasidandir.